
Eksport hajmi oshdi, ammo Markaziy Osiyo ulushi qisqardi
O‘zbekistoning umumiy eksport hajmi qariyb 23 foizga oshdi, ammo Markaziy mamlakatlariga yuborilagan mahsulotlar kamaygan.

2025 yilda O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlariga umumiy eksport hajmi 3,2 mlrd dollarni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan qariyb 23 foizga o‘sgan.
Iqtisodchi Mirkomil Xolboyev tahliliga ko‘ra, Markaziy Osiyoga yo‘naltirilgan eksportning eng katta qismi Qozog‘iston hissasiga to‘g‘ri keladi. Eksportning 24,5 foizi Qozog‘istonga, shuningdek, Qirg‘izistonga 24,5 foiz, Tojikistonga 21,7 foiz, Turkmanistonga esa 4,8 foiz mahsulot eksport qilingan.

Markaziy Osiyoning eksportimizdagi ulushi nega kamaydi?
Shu bilan birga, 2025 yilda Markaziy Osiyo mamlakatlariga eksportning umumiy eksportdagi ulushi 9,8 foizdan 9,3 foizgacha pasaygan.
Iqtisodchi bu holatni qisman oltin eksportining yuqori o‘sishi bilan izohlaydi. Biroq maxsus tovarlar, jumladan oltin eksporti ta’siri chiqarib tashlanganda ham Markaziy Osiyo ulushining qisqarishi saqlanib qolmoqda. Xususan, oltinsiz eksport tarkibida Markaziy Osiyo mamlakatlariga to‘g‘ri kelgan ulush 2024 yildagi 17,9 foizdan 2025 yilda 17,8 foizga tushgan.
So‘nggi yillardagi sezilarli qisqarish
2021 yil bilan taqqoslaganda, Markaziy Osiyo mamlakatlarining umumiy eksportdagi ulushi 6,7 foiz bandga, maxsus tovarlarsiz eksportdagi ulushi esa 4,8 foiz bandga qisqargan. Tahlilga ko‘ra, bu pasayishni faqat oltin eksportining o‘sishi bilan izohlab bo‘lmaydi, chunki oltinsiz eksportda ham ulush sezilarli darajada kamaygan.
So‘nggi besh yil davomida Markaziy Osiyo ulushining qisqarishida Qirg‘izistonga eksportning 2,6 foizga, Turkmanistonga esa 2,1 foizga pasaygani asosiy omil bo‘lgan.
Shu davrda Qozog‘iston va Tojikistonga eksport mos ravishda 31,2 va 36,1 foizga oshgan bo‘lsa-da, bu ko‘rsatkichlar umumiy eksport o‘sish sur’atlaridan past bo‘lgan. Taqqoslash uchun, 2021–2025 yillarda O‘zbekistonning umumiy eksporti qariyb ikki barobar oshgan, Markaziy Osiyo mamlakatlarisiz hisoblanganda esa 2,2 barobarni tashkil etgan.
Iqtisodchi qayd etishicha, Markaziy Osiyoning deyarli barcha mamlakatlarida yuqori iqtisodiy o‘sish kuzatilayotgan bir paytda, ularning O‘zbekiston eksportidagi ulushi izchil kamayib borayotganini aniq iqtisodiy omillar bilan izohlash hozircha mushkul bo‘lib qolmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 81 mlrd dollarga oshgani haqida xabar bergan edik.





