add

Epshteyn fayllari: 3 mln hujjat orasida O‘zbekiston va Qozog‘iston bilan bog‘liq yozishmalar ham bor

Bugun 09:004 daqiqa

«Epshteyn ishi» deb nom olgan ushbu ulkan to‘plamda nafaqat yirik siyosatchilar va milliarderlar, balki Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston va Qozog‘iston bilan bog‘liq maxfiy yozishmalar ham paydo bo‘ldi.

Epshteyn fayllari: 3 mln hujjat orasida O‘zbekiston va Qozog‘iston bilan bog‘liq yozishmalar ham bor

AQSH Adliya vazirligi tomonidan 30-yanvar kuni voyaga yetmaganlarni jinsiy ekspluatatsiya qilishda ayblangan moliyachi Jeffri Epshteyn ishiga doir 3 milliondan ortiq hujjatni ochiqladi. Ushbu ulkan to‘plamda siyosatchilar, biznesmenlar, Hollivud yulduzlari va oddiy fuqarolarning ismlari tilga olinadi. Hujjatlarda Markaziy Osiyo, xususan O‘zbekiston bilan bog‘liq bir qator yozishmalar ham mavjud.

Bu materiallar Epshteynning odam savdosi va jinsiy ekspluatatsiya tarmog‘ining markazida turganini tasdiqlashi mumkin.

Samarqandlik qiz va xorijga chiqish orzusi

Arxivdagi 2012 yil 8-mart sanasi bilan muhrlangan maktub alohida e’tiborni tortadi. Unda samarqandlik qiz Epshteynga o‘qish, viza va tirikchilik xarajatlarini qoplash uchun yordam so‘rab murojaat qilgan.

Yozishmalarga ko‘ra, qiz avval Malayziyada o‘qishga kirgan, keyin esa Parijdagi Nyu York Film akademiyasi kampusida qisqa muddatli kurslarda qatnashishga harakat qilgan. Bu safarlar uchun mablag‘lar Epshteynga aloqador shaxslar orqali yuborilgan. Ayrim pul o‘tkazmalari uning advokati Darren Indike nomidan amalga oshirilgan.

Qiz o‘z maktubida O‘zbekistonda viza olishdagi qiyinchiliklar, iqtisodiy bosimlar va «yangi hayot boshlash» istagi haqida ochiq yozgan. U modellik orqali AQSH vizasi olish umidini ham bildirgan. Ammo yozishmalarda Epshteyn bu yordam evaziga nima talab qilgani ochiq aytilmaydi.

Qozog‘iston: Karim Masimov va «Davlat xavfsizligi generali»

Yangi fayllarda «Qozog‘iston», «Ostona» va «Olmaota» so‘zlari 400-martadan ko‘proq uchraydi. Hujjatlarda kelishicha, Epshteynning shaxsiy samolyoti Moskva, Riga va Vilnyus orqali Olmaota va Ostonaga qatnagan. U yerda «nufuzli shaxslar» bilan uchrashuvlar oldindan rejalashtirilgan.

Arxivda Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasining sobiq rahbari Karim Masimovning ismi bir necha bor tilga olinadi. Epshteynning odamlari Masimovga «salom yetkazishgani» va Nyu Yorkdagi uchrashuvlarni eslashgani haqida yozishgan. 2019 yilgi hujjatlarda Epshteynning vakili Qozog‘istondan qaytgach, «davlat xavfsizligi uchun mas’ul general» bilan ko‘p vaqt o‘tkazgani va o‘zaro ishonchli aloqa o‘rnatilgani haqida xabar bergan.

Qurbonlar va «uchinchi shaxslar» masalasi

Arxivning boshqa qismlari Epshteynning dunyoning eng boy odamlari bilan aloqalarini fosh qilishda davom etmoqda. Ayrim qurbonlar ko‘rsatmalarida Gislen Maksvell vositachilik qilgani aytilgan.

Ayblov memorandumlarida mashhur kinoprodyuser Harvi Vaynshteynning ismi ham tilga olinadi. Qurbonlardan biri uni massaj paytida jinsiy aloqaga majburlaganini aytgan. Vaynshteyn bu da’volarni rad etadi.

Shuningdek, moliyachi Leon Blek, fransuz model agenti Jan-Lyuk Bryunel va boshqa shaxslar haqida ham og‘ir ayblovlar keltirilgan. Bryunel bir necha yil avval qamoqda o‘z joniga qasd qilgan.

Hujjatlar Epshteynning Bill Geyts va Ilon Mask bilan yozishmalari va ular uchun tashkil qilingan maxfiy uchrashuvlar haqidagi ma’lumotlarni ham o‘z ichiga oladi. Qurbonlarning ko‘rsatmalariga ko‘ra, Epshteyn qizlarni ushbu shaxslarga «massaj» va jinsiy xizmatlar uchun topshirgan. Bu orqali u elita vakillarini jinoyatga sherik qilib, ular ustidan nazorat o‘rnatgan.

Virjiniya Juffre va shahzoda Endryu

Epshteyn ishining eng mashhur qurbonlaridan biri — Virjiniya Juffre — Epshteyn va Maksvell uni Britaniya shahzodasi Endryu bilan jinsiy aloqa qilishga majburlaganini da’vo qilgan edi. Bu ish xalqaro miqyosda katta shov-shuvga sabab bo‘lgan, ammo shahzoda ayblovlarni rad etgan.

Tramp

Ochiqlangan hujjatlarda AQSH prezidenti Donald Trampning ismlari ham uchraydi. Hujjatlarga ko‘ra, noma’lum shaxsning dugonasi taxminan 35 yil avval sodir bo‘lgan voqea haqida aytib bergan. Jabrlanuvchi o‘sha paytda 13–14 yoshda bo‘lgan va Donald Tramp uni majburan jinsiy harakatlarga undagan.

Qarshilik ko‘rsatgan qiz Trampni tishlagan, shundan so‘ng yuziga zarba olgan. Shu qiz Jeffri Epshteyn tomonidan ham zo‘ravonlikka uchragani aytiladi.
Ish bo‘yicha figurantlarning ismlari rasmiy ravishda maxfiylashtirilgan. Donald Tramp buni yolg‘on deb atadi. Yana bir hujjatda Epshteyn 14 yoshli qizni Trampga tegishli Mar-a-Lago qarorgohiga olib kelgani haqida ma’lumot bor.

Nima uchun bu hujjatlar muhim?

Adliya vazirligi 6 million sahifalik arxivdan faqat yarmini e’lon qilgan. Qolgan qismi qurbonlarning shaxsiy ma’lumotlari va bolalarga nisbatan zo‘ravonlik aks etgan materiallar sabab maxfiy saqlangan.

Shu bilan birga, hujjatlar rasmiylarning «uchinchi shaxslar ishtirok etgani bo‘yicha dalil yo‘q» degan pozitsiyasini shubha ostiga qo‘yadi. Qurbonlar advokatlariga ko‘ra, Epshteyn boy va qudratli odamlar uchun yosh qizlarni yetkazib bergan tarmoqni boshqargan.

Jeffri Epshteyn kim?

Moliyachi Jeffri Epshteyn o‘nlab voyaga yetmagan qizlarni jinsiy eksplutatsiya qilishda ayblangan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ularning eng kichigi 14 yoshda bo‘lgan. Shuningdek, u keng qamrovli fohishabozlik tarmog‘ini tashkil etishda gumon qilingan. Epshteynning 2019 yil 10-avgustda Nyu Yorkdagi kamerada jasadi topilgan.

Epshteyn ishi bo‘yicha avvalroq e’lon qilingan sud hujjatlarida bir qator taniqli siyosatchilar, jamoat arboblari va shou-biznes vakillarining ismlari qayd etilgan edi.

Ular orasida — shahzoda Endryu, Donald Tramp, Bill Klinton, Isroilning sobiq bosh vaziri Ehud Barak, AQSHning sobiq vitse-prezidenti Albert Gor, aktyor Kevin Speysi, xonanda Maykl Jekson, illyuzionist Devid Kopperfild, advokat Alan Dershovits va Nyu Meksiko shtatining sobiq gubernatori Bill Richardson bor.

AQSH Federal surishtiruv byurosi (FBI) Adliya vazirligi bilan birgalikda olib borilgan tergov yakunlariga ko‘ra, taniqli shaxslardan iborat «mijozlar ro‘yxati» mavjudligi haqida dalillar topilmaganini ma’lum qildi.

Mahkama Epshteyn kamerada o‘z joniga qasd qilgan degan xulosaga keldi va siyosatchilar, mashhurlar hamda tadbirkorlarning aloqadorligini yashirish maqsadida u o‘ldirilgan degan versiyani rad etdi.

Amerikalik jurnalist Taker Karlson avvalroq Epshteyn «Isroil uchun ishlaganini» va bu go‘yoki Vashingtonda hamma biladigan fakt ekanini ta’kidlagan edi, garchi rasman bunday bayonotlar tasdiqlanmagan bo‘lsa-da.

«The Wall Street Journal» nashrining xabar berishicha, Epshteynning do‘sti Gislen Maksvell go‘yoki uning tanishlaridan Epshteynning 50 yoshlik yubileyiga tabriknoma yozishni iltimos qilgan. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, bunday maktub mualliflaridan biri Donald Tramp bo‘lgan.

Teglar

Mavzuga oid