Eron Oliy rahbari Xominai kim va nima uchun u asosiy nishonga aylanishi mumkin?

28.02.2026 | 21:404 daqiqa

Avvalroq Xominai «qattiq xavotirga tushishi kerakligini» aytgan Tramp endi Eron xalqini amaldagi hukumatni ag‘darishga chaqirmoqda.

Eron Oliy rahbari Xominai kim va nima uchun u asosiy nishonga aylanishi mumkin?

AQSH va Isroil Eronga qarshi yangi hujumlar seriyasini boshladi. Bu harakatlar Eronning yadro dasturi bo‘yicha muzokaralarni yana bir bor izdan chiqarish bilan birga, mamlakat xavfsizlik tizimi va oliy rahbariyatini nishonga olish urinishlari borasida jiddiy savollarni tug‘dirdi.

Bugun, 28-fevral kuni Tehronda zarba berilgan hududlar orasida Oliy rahbar Oyatulloh Xominai faoliyatiga aloqador maskanlar ham bor.

Quyida Xominai shaxsi va nima sababdan AQSH hamda Isroil Eron rahbariyatini yakson qilishga intilayotgani haqida batafsil ma’lumot beriladi.

Bugungi kungi hujumlar qayerlarni nishonga oldi?

Eron OAVlari AQSH va Isroil hujumlari butun mamlakat bo‘ylab, jumladan, poytaxt Tehronning bir nechta hududlarida sodir bo‘lganini xabar qilmoqda. Eronning «Tasnim» axborot agentligi ma’lumotiga ko‘ra, yettita raketa Tehron shimolidagi Shemiron tumanida joylashgan prezident saroyi yaqiniga, shuningdek, Xominai qarorgohi atrofiga tushgan. «Associated Press» agentligi esa hujumlar Oliy rahbarning poytaxtdagi idoralari yaqinida ham amalga oshirilganini ma’lum qildi.

 

1

Xominai hozir qayerda?

Bu hozircha noma’lum. «Reuters» agentligi o‘z manbasiga tayanib, Xominai Tehronda emasligi va xavfsiz joyga ko‘chirilganini xabar qildi.

Xominai kim?

86 yoshli Xominai 1989 yildan buyon Eronning Oliy rahbari sanaladi. U bu lavozimda Islom Respublikasining marhum asoschisi, Oyatulloh Ruholloh Xumayniyning o‘rnini egallagan. Xumayniy o‘z vaqtida surgundan qaytib, AQSHning yaqin ittifoqchisi bo‘lgan shoh Muhammad Rizo Pahlaviyni taxtdan ag‘dargan 1979 yilgi Eron inqilobiga boshchilik qilgan edi. U hukumatning barcha tarmoqlari, armiya va sud tizimi ustidan mutlaq hokimiyatga ega bo‘lib, ayni paytda mamlakatning ruhiy rahnamosi ham hisoblanadi.

O‘z boshqaruvi davrida Xominai G‘arb bilan ziddiyatli munosabatlarga, jumladan, keskin sanksiyalarga, shuningdek, mamlakat ichkarisida iqtisodiyot va inson huquqlari masalalarida kelib chiqqan bir necha norozilik namoyishlariga bardosh berib kelmoqda. U AQSHni Eronning «birinchi raqamli dushmani» deb ataydi, Isroil esa bu ro‘yxatda undan keyingi o‘rinda turadi.

Xominai qudratining asosiy tayanchi – Eronning ikki yirik xavfsizlik tuzilmasi: Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) hamda yuz minglab ko‘ngillilarni o‘zida jamlagan «Basij» harbiylashtirilgan kuchlarining sadoqatidir.

Xominai Eron hech qachon yadro quroli yaratmasligini va mamlakatning yadro dasturi faqat tinchlik maqsadlariga qaratilganini uzoq vaqtdan buyon ta’kidlab keladi. Na AQSH razvedkasi, na BMTning yadroviy nazorat organi Eron atom quroli yaratishga urinayotganini tasdiqlovchi biror dalil topgan. Shunday bo‘lsa-da, Isroil va Tramp ma’muriyatidagi ayrim shaxslar aynan shu qarashni ilgari surishda davom etmoqda.

2

AQSH va Isroil Xominai haqida nimalar degan?

Har ikki davlat rasmiylari avval ham Xominaiga nisbatan tahdidli bayonotlar bilan chiqishgan.

Iyun oyida AQSH va Isroilning Eronga hujumlari hamda Tehronning Isroilga qaytargan javob zarbalarini o‘z ichiga olgan 12 kunlik to‘qnashuvlardan so‘ng, Isroil mudofaa vaziri Israel Kats Xominai «yashashda davom etishi mumkin emas»ligini ta’kidladi.

«Eron kabi davlat tepasida turgan va Isroilni yo‘q qilishdek dahshatli maqsadni ko‘zlagan Xominaidek diktator ortiq yashamasligi kerak», — dedi u.

Keyinroq Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Isroil Xominaini yo‘q qilish ehtimolini istisno etmasligini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday qadam AQSH va Eron o‘rtasidagi uzoq yillik ziddiyatga «nuqta qo‘yadi».

AQSH prezidenti Donald Tramp ham Xominaiga qarata tahdidli bayonotlar bergan. Shu oy boshida «ABC News» telekanaliga bergan intervyusida Tramp AQSH mintaqaga harbiy kuchlarini to‘playotgani sababli, Eron rahbari «qattiq xavotirga tushishi» kerakligini ta’kidladi. Boshqa bir chiqishida esa, u Eronda tuzum o‘zgarishi «yuz berishi mumkin bo‘lgan eng yaxshi hodisa» bo‘lishini va hokimiyatni o‘z qo‘liga ola biladigan «odamlar borligini» aytdi.

O‘tgan yili Eronga hujum uyushtirishga buyruq bergan Tramp, agar AQSH xohlasa, Xominai «oson nishon»ga aylanishini da’vo qilgan edi.

«Biz «Oliy rahbar» ataluvchi shaxsning qayerda yashirinib yotganini aniq bilamiz. U juda oson nishon, lekin u yerda unga xavf yo‘q. Biz uni yo‘q qilmoqchi emasmiz (o‘ldirmoqchi emasmiz!), har qalay, hozircha», — degan edi Tramp.

So‘nggi hujumdan ko‘zlangan maqsad nima edi?

Hujumlardan keyingi chiqishlarida Tramp Eron harbiy-dengiz kuchlari va raketa bazalarini «yakson qilishga» va’da berdi hamda eronliklarni o‘z hukumatini ag‘darishga chaqirdi.

«Biz ishimizni yakunlagach, hukumatni o‘z qo‘lingizga oling. U sizlarga qoladi. Ehtimol, bu kelajak avlodlar uchun yagona imkoniyatingizdir», — dedi Tramp.

Eron mavzusini keng yoritib keluvchi «Al Jazeera» muxbiri Ali Hoshimning so‘zlariga ko‘ra, AQSH va Isroil hujumlari «asosan siyosiy elitani yakson qilishga» qaratilgani yaqqol ko‘rinib turibdi.

«Biroq, bu harakatlar qanchalik muvaffaqiyatli yoki besamar bo‘lgani haqida gapirishga hali erta», — deydi u.

 

Teglar

Mavzuga oid