add

Eron va Markaziy Osiyo Afg‘oniston tashqi savdosini «qutqarib qoldi»

Kecha 15:352 daqiqa

Pokiston bilan ziddiyat tufayli chegaralarning yopilishiga qaramay, Afg‘oniston 2025 yilni iqtisodiy barqarorlik bilan yakunladi.

Eron va Markaziy Osiyo Afg‘oniston tashqi savdosini «qutqarib qoldi»

2025 yilda Afg‘oniston tashqi savdosi Pokiston bilan asosiy chegara o‘tish punktlari bir necha bor yopilganiga qaramasdan barqarorligini saqlab qoldi. Bu natija eksport va import oqimlarining tobora ko‘proq Eron va Markaziy Osiyo orqali o‘tayotgan muqobil yo‘llarga yo‘naltirilishi hisobiga ta’minlandi. Bu haqda Afg‘oniston Savdo vazirligiga tayanib Reuters xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, barqarorlikka Islamabod bilan munosabatlar keskinlashib, o‘n yillar davomida dengizga chiqish uchun asosiy darvoza bo‘lib kelgan tranzit yo‘laklari izdan chiqqan sharoitda erishildi. Afg‘oniston geografik jihatdan dengizga chiqish imkoniyatidan mahrum davlat sifatida uzoq vaqt Pokiston yo‘nalishiga bog‘liq bo‘lib kelgan.

So‘nggi bir yilda esa afg‘on tadbirkorlari yuk tashishni diversifikatsiya qilishga majbur bo‘ldi. Xususan, tovarlar Eronning Chobahor porti orqali jo‘natila boshlandi, shuningdek, O‘zbekiston, Turkmaniston va Tojikiston orqali quruqlikdagi logistika kengaytirildi. Bu qarorlar kechikishlar va siyosiy noaniqliklar ta’sirini yumshatgan.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda Afg‘onistonning umumiy savdo aylanmasi, ya’ni eksport va importning jami qiymati qariyb 13,9 milliard dollarga yetgan. Eksport hajmi taxminan 1,8 milliard dollar bo‘lib, yil davomida deyarli o‘zgarmadi. Import esa 12,1 milliard dollardan biroz oshgan.

Afg‘oniston eksportida Hindiston, Pokiston va bir qator Markaziy Osiyo davlatlari asosiy bozorlar bo‘lib qolmoqda. Tovarlar tarkibida quruq mevalar, ko‘mir, gilamlar, za’faron va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ustunlik qilgan. Importda esa yoqilg‘i, uskunalar, asosiy oziq-ovqat va sanoat xomashyosi yetakchi bo‘lib, ular asosan Eron, BAA va Xitoydan olib kelingan.

Afg‘oniston rasmiylari savdo yo‘laklarini diversifikatsiya qilish Pokistonga qaramlikni kamaytirish va siyosiy keskinlik sharoitida ham tashqi savdoni uzluksiz davom ettirish imkonini berganini ta’kidlamoqda.

Teglar

Mavzuga oid