
Ertadan o‘zbekistonliklar hayotida nimalar o‘zgaradi?
1 noyabrdan O‘zbekistonda qator qonunchilik va ma’muriy o‘zgarishlar kuchga kirmoqda. Ular tadbirkorlikka yordam berish, aholining ayrim toifalarini qo‘llab-quvvatlash, kasbga qayta tayyorlanish imkoniyatlarini kengaytirish va davlat xizmatlari samaradorligini oshirishga qaratilgan.

Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rish boshlanadi
O‘zbekistonda joriy yil 1 noyabrdan boshlab tadbirkorlar uchun barcha mobil to‘lov ilovalari orqali hisob-kitob qilish imkonini beradigan universal QR-kod beriladi.
Avtomobilga gazballon o‘rnatilganidan keyin “texpasport” almashtirilmaydi
O‘zbekistonda 1 noyabrdan transport vositasiga gaz balloni o‘rnatilganiga oid ma’lumotlarni elektron shaklda yuritish orqali transport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish guvohnomasini qayta rasmiylashtirish talab etilmaydi.
Ishsizlik nafaqasini to‘lash tartibi o‘zgaradi
4 avgust kuni qabul qilingan prezident farmoniga ko‘ra 1 noyabrdan ushbu sanadan e’tiboran xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar quyidagi shaxslar uchun ish o‘rinlarining majburiy zaxiralarini shakllantiradi:
nogironligi bo‘lgan shaxslar;
oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslar;
kambag‘al oilalar reyestridagi oilalarning a’zolari;
muqobil joylashtirish shakllarida tarbiyalangan yetim shaxslar;
ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan shaxslar.
Bunda majburiy zaxiralash xodimlar umumiy sonining 3 foizidan oshmasligi zarur. U xodimlarining soni 100 nafardan ortiq bo‘lgan tashkilotlarga nisbatan qo‘llanadi.
Shuningdek, 2025 yil 1 noyabrdan ishsizlik nafaqasi faqat mehnat shartnomasi bekor qilingan shaxslarga to‘lanadi. Bunda ishsizlik nafaqasi so‘nggi 5 yilda kamida 18 oy ishlagan shaxslarga mehnat shartnomasi bekor qilingandan so‘ng ular 6 oy ichida murojaat qilganda, ularning oxirgi 18 oylik o‘rtacha ish haqi hisobidan 3 oy davomida to‘lanadi. 1-oyda o‘rtacha oylik ish haqining 75 foizi, lekin mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 3 baravaridan oshmagan miqdorda, 2- va 3-oylarda esa o‘rtacha oylik ish haqining 50 foizi, lekin mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 3 baravaridan oshmagan miqdorda to‘lanadi.
Aholini ro‘yxatga olish boshlanadi
Ertaga, 1 noyabrdan boshlab Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Mudofaa vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya, Ichki ishlar vazirligi, DXX, Tashqi ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va Din ishlari qo‘mitasi aholining ayrim toifalarini ro‘yxatga olishni boshlaydi.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ish o‘rinlari
Xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar faqat nogironligi bo‘lgan shaxslar, oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslar, Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oila a’zolari, muqobil joylashtirish shakllarida tarbiyalangan yetimlar, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan shaxslar uchun ish o‘rinlarining majburiy zaxirasini shakllantirishlari shart. Bunda majburiy zaxira:
– xodimlar umumiy sonining 3 foizidan oshmasligi kerak;
– xodimlar soni 100 kishidan ortiq bo‘lgan tashkilotlarga nisbatan qo‘llaniladi.
Ijro hokimiyatining 2,1 mingdan ortiq shtat birligi qisqartiriladi
Prezident farmoniga asosan ijro hokimiyatining 2 141 ta shtat birligi, jumladan, byudjet tashkilotlaridan 1 863 ta, byudjetdan tashqari jamg‘armadan esa 278 ta lavozim shtat jadvalidan chiqariladi. Eng ko‘p qisqartirishlar 498 ta o‘rin bilan Soliq qo‘mitasi, 224 ta shtat bilan Suv xo‘jaligi vazirligi, 200 ta ish o‘rni bilan Qishloq xo‘jaligi vazirligi va 163 ta bilan Bandlik vazirligi hisobiga to‘g‘ri keladi.
Shu bilan birga qo‘mitalardan 4 ta, agentliklardan 6 ta hamda inspeksiyalardan 6 ta, jami 16 ta rahbar o‘rinbosarlari shtati tugatiladi. Bunda vazirlik, qo‘mitalar, agentliklar va inspeksiyalar hamda ularning hududiy hamda tuman (shahar) bo‘linmalarining jami boshqaruv xodimlari cheklangan soni 46 989 ta etib belgilanadi.
Qo‘shimcha kasb o‘rganmoqchi bo‘lganlarga qarz beriladi
Malakasini oshirish va kasbga qayta tayyorlanish istagidagi shaxslarga qo‘shimcha ta’lim olish uchun ssuda sifatida “kasb vaucheri” beriladi. Shaxs o‘qishni tugatib sertifikat olgach, ishga joylashganidan so‘ng ssudani 2 yil davomida Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasiga qaytaradi.
Nogironligi bo‘lgan; 3 oydan ortiq davom etadigan kurslarda ta’lim olayotgan Kambag‘al oilalar reyestridagi oilalar a’zolari yoki doimiy yashash joyidan boshqa hududga qatnab ta’lim olayotganlargaga kasb-hunar kurslarida ta’lim olish davrida mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 1 baravari miqdorida stipendiya to‘lanadi:
Bunda ishsizlik nafaqasi to‘lanishi davrida o‘quvchilarga stipendiya tayinlanmaydi.
Tadbirkorning soliq yuki 3-4 karra kamаяди
1 noyabrdan boshlab tadbirkorlar uchun barcha mobil to‘lov ilovalari orqali hisob-kitob qilish imkonini beradigan universal QR-kod beriladi.
Yillik aylanmasi 1 milliard so‘mgacha bo‘lgan barcha tadbirkorlar kelasi yil 1 yanvardan bir xil, ya’ni aylanmadan 1 foiz soliq to‘lashga o‘tkaziladi. Masalan, hozir aylanmasi 100 million so‘mgacha bo‘lgan yakka tadbirkor yillik 12 million so‘mgacha qat’iy soliq o‘rniga ko‘pi bilan 1 million so‘m to‘laydi. Yoki aylanmasi 100 milliondan 1 milliard so‘mgacha bo‘lgan tadbirkor aylanmadan ilgari 30-40 million so‘m soliq to‘lagan bo‘lsa, endi uning soliq yuki 3-4 karra kamayadi.
Ayrim fuqarolar davlat xizmatlaridan navbatsiz foydalanadi
DXMga murojaat qilganda pensionerlar, homilador ayollar va uch yoshgacha bo‘lgan bolasi bilan kelgan fuqarolarga davlat xizmatlaridan navbatsiz foydalanish imtiyozi beriladi.
Jismoniy shaxslarni Yagona identifikatsiyalash tizimida (OneID) muqobil shaklda ro‘yxatdan o‘tkazishda shaxsni biometrik identifikatsiyalash (Face ID) tartibi joriy etiladi.





