
Fond birjasi: noyabrda savdo hajmi qisqardi, bozor bahosi o‘sdi
2025 yil noyabrida «Toshkent» respublika fond birjasida savdo hajmi keskin qisqardi, biroq UCI indeksi va bozor kapitallashuvi o‘sishda davom etdi.

«Toshkent» Respublika fond birjasi 2025 yil noyabr oyi natijalari bo‘yicha savdo statistikasini e’lon qildi. Raqamlarga razm solinsa, umumiy savdo hajmi keskin kamaygan, lekin UCI indeksi va bozor kapitallashuvi o‘sganining guvohi bo‘lish mumkin.
Noyabr oyida birja savdolarining umumiy hajmi 1,05 trln so‘mni (88,04 mln dollar) tashkil etdi. Bu 2024 yil noyabriga nisbatan 13,74 trln so‘mga yoki qariyb 14 baravarga kam. Bitimlar soni 33 ming 50 tani tashkil etib, yillik taqqosda 15,53 foizga kamaygan. Savdo hajmining keskin pasayishi asosan o‘tgan yilgi noyabrda amalga oshirilgan yirik blokli operatsiyalar yuqori baza hosil qilganiga bog‘liq.
Bitimlar sonining ancha kamroq kamayishi, ya’ni atigi 15,53 foiz, hali bozor faolligining butunlay to‘xtamaganini ko‘rsatadi. Savdo asosan kichik va o‘rta hajmdagi operatsiyalar hisobiga davom etmoqda.
Aksiyalar bozorida savdolar hajmi 135,29 mlrd so‘mni (11,29 mln dollar) tashkil etdi. Shundan 62,43 mlrd so‘mi «Nego Board» (yo‘naltirilgan savdolar uchun mo‘ljallangan maydoncha) platformasiga to‘g‘ri keldi. UCI indeksi noyabr yakuniga ko‘ra 1,7 foizga oshib, 719,87 punktni tashkil etdi. Aksiyalar bozorining umumiy kapitallashuvi ham 1,7 foizga o‘sib, 275,26 trln so‘mga (23,13 mlrd dollar) yetdi.
Savdo hajmi kamaygan sharoitda indeks va kapitallashuvning o‘sishi bir necha omil bilan tushuntiriladi.
Birinchidan, sotish bosimi past, ko‘pchilik aksiyadorlar pozitsiyalarini saqlab qolmoqda.
Ikkinchidan, minimal savdo hajmi fonida ham narxlar bosim ostida qolmayapti. Biroq erkin muomaladagi aksiyalar (free float) qiymati 4,04 trln so‘mni tashkil etdi, bu umumiy kapitallashuvning kichik ulushini anglatadi. Amalda bu likvidlikning tor ekanligini, narx o‘zgarishlarining ba’zan kichik hajmdagi bitimlar ta’sirida shakllanayotganini bildiradi.
Korporativ obligatsiyalar bozorida ijobiy dinamika kuzatildi. Savdo hajmi 493,92 mlrd so‘mni (41,26 mln dollar) tashkil etib, yillik taqqosda 96,12 foizga oshdi. Bitimlar soni 238 tadan 1926 tagacha ko‘paydi.
Birja kotirovkalash varag‘iga kiritilgan obligatsiyalarning bozor qiymati 2,05 trln so‘mni (172,14 mln dollar) tashkil etdi. Bu natijalar investorlarning barqaror kupon daromadi ta’minlaydigan instrumentlarga qiziqishi ortayotganidan dalolat beradi.
Obligatsiyalar segmentidagi o‘sish bir necha omil bilan bog‘liq. Noaniq iqtisodiy sharoitda investorlar oldindan ma’lum pul oqimi keltiruvchi aktivlarni afzal ko‘rmoqda. Shuningdek, pensiya fondlari, sug‘urta kompaniyalari va banklar uchun obligatsiyalar portfel talablariga mos keluvchi aktiv turi hisoblanadi.
Noyabr oxiriga kelib, birja kotirovkalash varag‘ida 93 ta aksiya emitentining 135 ta instrumenti, 12 ta obligatsiya emitentining 24 ta instrumenti, jami 103 emitentning 159 ta qimmatli qog‘ozi listingda mavjud. Emitentlar sonining bosqichma-bosqich ortib borishi bozor infratuzilmasi kengayayotganidan, mahalliy kompaniyalar uchun kapital jalb qilish imkoniyatlari oshayotganidan dalolat beradi. Shu bilan birga, real savdo hali ham bir nechta yirik emitentlar atrofida konsentratsiyalashgan.
Listingdan tashqari savdo maydonchasida (LTSM) 4123 ta bitim tuzilib, savdolar hajmi 422,83 mlrd so‘mni (35,49 mln dollar) tashkil etdi. Yillik taqqoslaganda bu qariyb 6 baravarlik o‘sish. LTSM segmentining faollashuvi kichik va o‘rta emitentlar, shuningdek maxsus operatsiyalar uchun moslashuvchan mexanizm mavjudligini ko‘rsatadi. Biroq, asosiy birja maydonchalarida likvidlik chuqurligi oshishi uchun savdo oqimining asosiy qismi listing qilingan instrumentlarga yo‘nalishi muhim.
Noyabr natijalari O‘zbekiston fond bozorining hozirgi rivojlanish bosqichini aks ettiradi. Savdo hajmining kamayishi o‘tgan yilgi yuqori bazadan keyingi normallashuv jarayoni sifatida baholanishi mumkin. Indeks va kapitallashuvdagi o‘sish, obligatsiyalar segmentidagi faollik esa bozorda fundamental jarayonlar davom etayotganidan dalolat beradi.
Investorlar qisqa muddatli hajm o‘zgarishlaridan ko‘ra, emitentlarning moliyaviy natijalari, korporativ boshqaruv sifati, likvidlik darajasi va uzoq muddatli istiqbollarini baholagan holda qaror qabul qilishlari kerak.
Bozor institutlashuvi bosqichma-bosqich davom etmoqda va bu jarayonda barqarorlik, shaffoflik va likvidlik omillari hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lib qoladi.
G.Bozorova tayyorladi.





