
Geosiyosat qurboni yoki strategik murosa: AQSH–Xitoy raqobati oqibatida «TikTok» nimalardan ayrildi?
«TikTok» AQSH bozorida qoldi, ammo bu qaror kompaniya uchun yangi cheklovlar va yangi qoidalarni anglatadi. Kelishuv shartlari Xitoyning texnologik kompaniyalar global miqyosda qanday to‘siqlarga duch kelayotganini ko‘rsatadi.

Dunyodagi har yetti odamning biri «TikTok»dan foydalanadi. Ammo shunday ulkan madaniy fenomen ortida turgan kompaniya uchun so‘nggi bir necha yil haqiqiy sinovlar davri bo‘ldi.
Ilova atrofidagi xavotirlar ilk bor 2020 yilda paydo bo‘lgan edi. AQSH prezidenti Donald Tramp o‘zining birinchi prezidentlik muddatida «TikTok»ni AQSHdagi ilovalar do‘konlaridan olib tashlashga qaratilgan farmoyishni imzolagan. AQSHdagi qonun chiqaruvchilar ilovadan foydalanuvchi 200 million nafar amerikalikning ma’lumotlariga Xitoy hukumati kirish imkoniga ega bo‘lishi va, ehtimol, ularning kontent lentasini manipulyatsiya qilishi mumkinligidan xavotirda edi.
Bu xavotirlarga javob sifatida «TikTok»ka egalik qiluvchi «ByteDance» kompaniyasi «Project Texas» loyihasini ishga tushirdi. Uning doirasida AQSH foydalanuvchilarining ma’lumotlari amerikaliklarga tegishli «Oracle» kompaniyasi boshqaradigan mahalliy serverlarda saqlanadigan bo‘ldi. Shuningdek, kompaniya qisman Xitoy ildizlaridan uzoqlashish maqsadida o‘z qarorgohini Singapur va Los-Anjelesga ko‘chirdi.
O‘sha paytda bu choralar jiddiy yon berishlar sifatida qabul qilingan edi. Shunga qaramay, 2024 yilda Kongress «ByteDance» «TikTok»dagi nazorat paketini o‘tkazmasa va ilovaning AQSHdagi faoliyat tartibini o‘zgartirmasa, platformani to‘liq taqiqlash bilan tahdid qiluvchi qonunni qabul qildi.
Endilikda bu kelishuv yakunlandi: «ByteDance» «Oracle»ni ham o‘z ichiga olgan yangi kompaniyalar konsorsiumi doirasida «TikTok»ning AQSHdagi ilovasini o‘zining global biznesidan ajratish to‘g‘risida kelishuvni imzoladi. «TikTok» muhim bozorlardan birida o‘z faoliyatini saqlab qoldi, ammo kelishuv shartlari «ByteDance» va ehtimol Xitoyning boshqa texnologik kompaniyalari global miqyosda kengayishga intilganida qanday murosalar va cheklovlarga duch kelishi mumkinligini yaqqol ko‘rsatib turibdi.
Bu holatga qanday yetib kelindi?
AQSH–Xitoy raqobati Vashington va Pekinning milliy xavfsizlik bilan bog‘liq xavotirlar sababli bir-birining kompaniyalariga nisbatan cheklovlar joriy etishiga olib keldi. Biroq so‘nggi savdo urushi davomida «TikTok» Xitoy uchun «oson qurbon»ga aylandi – u boshqa muhim yon berishlar, masalan, Amerika qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bo‘yicha kelishuvlar evaziga taklif qilinishi mumkin edi.
Kelishuv Xitoyga natijani g‘alaba sifatida ko‘rsatish imkonini beradi: u texnologiyani o‘z shartlari asosida eksport qilmoqda va shu bilan birga kengroq savdo muzokaralarida qo‘shimcha ta’sir kuchini qo‘lga kiritmoqda.
«ByteDance» Amerikadagi 200 million foydalanuvchi va 7,5 million biznesga kirish imkoniyatini saqlab qoladi, ammo «TikTok»ning algoritmi va ma’lumotlari ustidan nazoratni yo‘qotadi. Buning o‘rniga kompaniya algoritmni yangi AQSH yuridik shaxsiga litsenziya asosida taqdim etadi. Tramp ma’muriyati bu kelishuvni 14 mlrd dollarga baholagan.
«TikTok»ning kuchi uning kontent grafigida — minglab foydalanuvchi signallaridan o‘rganib, juda mos va o‘ta ko‘niktiradigan videolarni taqdim etuvchi algoritmda. AQSHdagi qo‘shma korxona ushbu algoritmni mahalliy ma’lumotlar asosida qayta o‘qitar ekan, foydalanuvchi tajribasi o‘zgaradi... Bir narsa aniq: Amerikadagi «TikTok» avvalgidek bo‘lmaydi», – dedi «Forrester» kompaniyasining bosh tahlilchisi Kelsi Chikering.
Bu o‘zgarishlar reklama beruvchilar va kontent yaratuvchilar uchun ham zanjirli ta’sirlarga olib kelishi mumkin. Kontent yaratuvchilar faollik pasayishini his qilishi ehtimoli ham yo‘q emas, ayniqsa global viruslilik zaiflashadi – ilgari bir hududda ommalashgan kontent AQSHda ham tabiiy ravishda tarqalishi mumkin edi. Faqat AQSHga xos algoritm bu imkoniyatni cheklashi, brendlarni shartnomalarni qayta ko‘rib chiqishga va ehtimol AQSHdagi auditoriya uchun ko‘proq to‘lashga majbur qilishi mumkin.
«TikTok»ning 2024 yildagi global daromadi 20-26 mlrd dollar atrofida baholangan bo‘lib, shundan taxminan 10 milliard dollari AQSH hissasiga to‘g‘ri keladi. Daromadning katta qismi reklamaga to‘g‘ri kelgan. O‘zgarishlar «TikTok»ning AQSHdagi moliyaviy natijalariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin, ammo «ByteDance» 19,9 foiz ulushni saqlab qolgani sababli foydaning bir qismidan bahramand bo‘lishda davom etadi.
Algoritmni qayta o‘qitish «ByteDance»ning texnologiya rivojlanishiga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin. «Forrester»ning texnologiya arxitekturasi va yetkazib berish bo‘yicha bosh tahlilchisi Charli Dayning aytishicha, AQSH va global algoritmlarni alohida yuritish, ishchi jamoalarni bo‘lish va parallel boshqaruv tizimlarini saqlash muhandislik xarajatlarini oshiradi, innovatsiyani sekinlashtiradi va operatsion murakkablikni kuchaytiradi.
Hindiston tajribasi
«ByteDance» ilgari ham siyosiy va tartibga solish bilan bog‘liq to‘siqlarga duch kelgan.
«2020 yilda Hindiston bozorini yo‘qotish – o‘sha paytda TikTok’ning eng yirik bozori bo‘lib, 200 million foydalanuvchiga ega edi – AQSHdagi ehtimoliy uzilishlardan ancha katta zarba bo‘lgan», – deydi «TikTok Boom: The Inside Story of the World's Favourite App» kitobi muallifi Kris Stokel-Uoker.
Biroq, uning aytishicha, hatto Hindistondagi bu «orqaga chekinish» ham aslida unchalik katta yo‘qotish bo‘lmagan.
«Ushbu qiyinchiliklarga qaramay, ular o‘sishni davom ettirib kelmoqda», – deydi u.
AQSH va Hindistondagi muammolarni bog‘lab turuvchi umumiy jihat shundaki, har ikkalasi ham geosiyosiy keskinliklar oqibatida yuzaga kelgan. Biroq Hindistondagi taqiq faqat «TikTok»ka qaratilmagan edi – u keng ma’noda Xitoyga qarshi yo‘naltirilgan bo‘lib, mamlakat bo‘ylab taxminan 200 ta ilovalar bloklangan. Bu taqiq mahalliy platformalar paydo bo‘lishiga yo‘l ochgan bo‘lsa-da, ularning hech biri «TikTok»ning muvaffaqiyatiga yaqinlasha olmadi.
Ayrimlar «TikTok» bo‘yicha kelishuvni geosiyosat ta’sirida global rejalari o‘zgargan yana bir xitoylik texnologik yetakchi – «Huawei» bilan qiyoslaydi. Biroq bu ikki holat o‘rtasida keskin farq bor: «Huawei» AQSH sanksiyalari tufayli muhim 5G infratuzilmasiga kirish imkoniyatidan mahrum bo‘lib, amalda G‘arb bozorlaridan chetlatildi. «TikTok» esa, aksincha, «ByteDance» uchun cheklovchi shartlar asosida bo‘lsa-da, faoliyat yuritishni davom ettirishga ruxsat etildi.
Kris Stokel-Uokerning ta’kidlashicha, bu hukumatlarning xitoylik texnologiya kompaniyalariga nisbatan munosabati o‘zgarib borayotganini ko‘rsatadi. Ayrimlari butunlay chetlatilmoqda, boshqalari esa faqat qat’iy siyosiy va tartibga solish doirasida faoliyat yuritish sharti bilan ishlashga ruxsat olyapti.
Mahalliy texnologik yetakchi
«TikTok» xorijda qayta shakllantirilayotgan bir paytda, u o‘zining xitoylik «singlisi» — «Douyin» ilovasi ustidan to‘liq nazoratni saqlab qolmoqda. «Douyin» Xitoy ichida o‘z-o‘zidan juda katta muvaffaqiyatga erishgan platforma hisoblanadi. «Douyin» «ByteDance» biznesining asosiy tayanch ustunlaridan biri hisoblanadi – u daromadli, siyosiy jihatdan moslashgan va algoritmni o‘zi to‘liq kirish imkoniyatiga ega bo‘lgan ma’lumotlar asosida o‘qitishi tufayli innovatsiya kiritish imkoniga ega.
Shu bilan birga, «ByteDance» kelajak uchun ham xavflarni hisobga olmoqda: u ma’lumot markazlari, bulutli texnologiyalar va sun’iy intellektga sarmoya kiritmoqda. Bu esa kompaniyaning reklamaga tayanadigan iste’molchi ilovalaridan tashqari yo‘nalishlarda ham diversifikatsiya qilishga intilayotganini ko‘rsatadi.
Kris Stokel-Uokerning fikricha, «TikTok»ning hozirgi ahvoli endi aslida ma’lumotlar xavfsizligi haqida emas, balki AQSHda so‘z, madaniyat va ta’sir kimning qo‘lida ekani haqida bormoqda. Uning aytishicha, Tramp Xitoy amerikacha madaniyatni shakllantirishi mumkinligidan hech qachon mamnun bo‘lmagan.
Haqiqat shundaki, «ByteDance» «TikTok»ni AQSHda faoliyat yuritishda davom ettiradi, ammo aniq cheklovlar bilan. Bu esa kelajakda kompaniya kengayishni rejalashtirayotgan boshqa bozorlarga ham ta’sir qilishi mumkin, chunki regulyatorlar xitoy texnologiyalari ustidan ko‘proq nazorat o‘rnatishga intiladi.
Ayrim ekspertlar esa kelishuvdagi litsenziyalash mexanizmi Pekinga nisbatan ishonch pasayib borayotgan sharoitda boshqa xitoylik texnologik kompaniyalar qanday qilib global miqyosda kengayishi mumkinligi uchun namuna bo‘lishi mumkinligini ta’kidlamoqda.





