
Grenlandiya isitmasi yoxud butalar orasidan chiqqan Putin
Ikki o‘t orasida qolgan Yevropa Ittifoqi AQSHga katta bir muammo sifatida ehtiyotkorlik bilan qaramoqda. Biroq Ittifoq nazarida bu muammo hozircha bevosita xavf tug‘dirmaydi. Rossiya esa bu vaqtda parda ortida o‘z ishlarini bitirib olish bilan band.

Jahon siyosatida o‘tgan hafta Davosdagi Butunjahon iqtisodiy forumi ta’sirida o‘tdi. Aslida Ukrainaga, uni iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash va Rossiya agressiyasini bartaraf etish masalalariga bag‘ishlanishi kutilgan forum kutilmaganda birgina orol — Grenlandiya miqyosida cheklanib qoldi.
Kanada bosh vaziri Mark Karni Davosda tarixiy nutq so‘zlayotgan, Fransiya va AQSH prezidentlari esa namoyishkorona tarzda bir-birlari bilan uchrashishdan qochgan bir paytda, Vladimir Putin xotirjamlik bilan qulay fursat kutdi. Yakunda u ham Vashingtondan kelgan mehmonlarni kutib olishga, ham «Tinchlik kengashi» deb ataluvchi tuzilmaga taklif etilishiga erishdi, deydi siyosatshunos Ivan Preobrajenskiy DW nashriga yozgan maqolasida.
Tramp atrofidagi shov-shuvlar
AQSH prezidenti diqqat markazida turishni yaxshi biladi. Bu safar ham u bunga erishdi: Donald Trampning Grenlandiya haqidagi bir nechta yuzaki bayonotlari yilning eng muhim haftalaridan birida — Shveysariyaning Davos shahrida an’anaviy Butunjahon iqtisodiy forumi o‘tayotgan pallada nafaqat OAV, balki siyosatchilar va iqtisodchilar kun tartibini ham butunlay o‘zgartirib yubordi.
Buning ustiga — garchi bu juda salmoqli qadam bo‘lsa-da — Tramp aynan Shveysariyada o‘zi raislik qiladigan «Tinchlik kengashi»ni tuzishga qaror qildi. Odatiy xalqaro institutlar o‘rnini bosishga da’vo qilayotgan ushbu tashkilot G‘azo sektori muammosini, shuningdek, Amerika yetakchisi «ikki tomonlama mojaro» deb hisoblashni afzal ko‘radigan Rossiyaning Ukrainaga qarshi agressiyasini hal qilish tizginini o‘z qo‘liga olishni maqsad qilgan.
Oq uy rahbarining Grenlandiya borasidagi faolligi hamda orol berilmasa, kuch ishlatish haqidagi noaniq tahdidlari natijasida Yevropa Ittifoqi bor e’tiborini ushbu muammoga qaratishga majbur bo‘ldi. Yaxlit Yevropa hamon mavjud vaziyatga sezilarli kechikish bilan munosabat bildirishda davom etmoqda. Shunga qaramay, YI Davos forumi bilan bir vaqtda norasmiy yopiq sammit o‘tkazdi va nihoyat, deyarli bir ovozdan AQSHga ortiq tayanib bo‘lmasligini tan oldi. Kamida kelgusi uch yil davomida Amerika, birinchi navbatda, xavfsizlik masalalarida ishonchli ittifoqchi bo‘lishdan to‘xtaydi.
«Zudlik bilan kuch yig‘ishimiz kerak», — demoqda yevropaliklar bir ovozdan. Ularga NATO bo‘yicha hamkor Kanada ham jo‘r bo‘ldi. Biroq ular bu haqda shunday gapirishmoqdaki, go‘yo YI chegaralarida qariyb to‘rt yildan beri keng ko‘lamli urush ketmayotgandek.
Rad etish mahorati
Aslini olganda, butun hafta davomida Yevropa yetakchilari «yo‘q» deyish mahoratini namoyish etish bilan band bo‘ldi. Daniyaliklar Davos forumidagi ishtirokini bekor qildi. Emmanuel Makron esa Amerika yetakchisini kutib o‘tirmay Davosdan jo‘nab ketdi. Bunga Trampning ular o‘rtasidagi shaxsiy yozishmalarning bir qismini ommaga e’lon qilgani va fransiyalik hamkasbini «cho‘loq o‘rdak» deb atagani sabab bo‘ldi.
Rossiya zarbalari oqibatida energetika tizimi izdan chiqib, qahraton sovuqda qolgan va urush girdobidagi Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ham dastlab Davosga borishdan bosh tortdi. Biroq keyinchalik Zelenskiy baribir forumga keldi va bu gal amerikaliklarni emas, balki Fransiya va Buyuk Britaniyani qat’iyatsizlikda ayblab, tanqid ostiga oldi.
Zelenskiyning bu rejasi umuman olganda muvaffaqiyatli chiqdi. U Donald Tramp bilan baribir uchrashdi va hatto xavfsizlik kafolatlari to‘g‘risidagi hujjatni imzolashga muvaffaq bo‘ldi. Endi ushbu hujjat milliy parlamentlar tomonidan ratifikatsiya qilinishi lozim. Shunday qilib, Davos forumi avvalida go‘yo unutilgandek tuyulgan Ukraina kutilmaganda «Grenlandiya soyasi»dan chiqib oldi.
Kutilmaganda sahnaga chiqqan Putin
Tramp yuzaga keltirgan fikrlar g‘alayoni fonida sahnada kutilmaganda Vladimir Putin paydo bo‘ldi va u o‘tgan haftadagi voqealarning asosiy manfaatdoridek ko‘rinmoqda. AQSH uning do‘sti Nikolas Maduroni qo‘lga olgan, Eron qirg‘oqlariga harbiy flotini yuborgan bir paytda Putin sukut saqlagandi. Grenlandiya masalasida ham lom-mim demay, «Tinchlik kengashi» tuzilishini quvonch bilan qo‘llab-quvvatladi.
Rossiya rahbari hatto o‘zining a’zolik badali evaziga AQSHda muzlatib qo‘yilgan Rossiya aktivlaridan bir milliard dollarni olishni taklif qilib, Amerika yetakchisining vakillarini mamnuniyat bilan qarshi oldi.
Uning Stiv Uikoff, Trampning kuyovi Jared Kushner bilan navbatdagi 3,5 soatlik muloqoti nima haqida bo‘lgani odatdagidek noma’lum. Ammo natija ma’lum — Birlashgan Arab Amirliklarida «uch tomonlama» muzokaralar o‘tkazishga yangi urinish boshlandi. Kun tartibidagi mavzu — Kreml uchun g‘oyat muhim bo‘lgan Donbass ustidan nazoratni o‘rnatish, ya’ni ukrainaliklar o‘zlarining eng mustahkam hududini jangsiz topshirishidir. Nahotki Putin pistirmada poylab, o‘zi uchun amaliy bir natijani kutgan va kerakli pallada «Grenlandiya soyasi»dan chiqib kelgan bo‘lsa?





