add

Haydovchilar uchun majburiy sug‘urta 4 barobar oshadi: bu zaruratmi yoki yangi muammo?

28.07.2025 | 20:0069515

2026 yildan majburiy avtosug‘urta narxlari sezilarli darajada oshishi kutilmoqda. Bu borada avtotransport egalarining munosabati qanday? Hukumat qanday maqsadni ko‘zlagan? Ekspertlar nima demoqda? Vaqt.uz shu mavzu bo‘yicha asosiy ma’lumotlarni to‘plab chiqdi.

Haydovchilar uchun majburiy sug‘urta 4 barobar oshadi: bu zaruratmi yoki yangi muammo?
Yangi tariflar haqida 2026 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekistonda avtomobil egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urtasi (majburiy avtosug‘urta) narxi to‘rt barobarga oshiriladi. Avvalgi narxlar hozirgi narxlarga solishtirilganda sezilarli ko‘tarilgan. Xususan:
  • Hududlarda yengil avtomobillar uchun polis narxi 40 ming so‘mdan 160 ming so‘mgacha (4 barobar) oshadi;
  • Toshkent shahri va viloyatida esa 56 ming so‘mdan 192 ming so‘mga yetadi (oshirish — 3,43 barobar);
  • Yuk avtomobillari uchun ham narxlar hududlarda 48 ming so‘mdan 280 ming so‘mga (5,83 barobarga) oshiriladi, Toshkent hududida esa 67,2 ming so‘mdan 336 ming so‘mga chiqadi (oshish 5 barobar);
  • Xorijiy davlatlardan vaqtincha kirib kelgan transport vositalari uchun narx hozirgi 140 ming so‘mdan 560 ming so‘mga (4 barobar) oshiriladi.
Majburiy sug‘urtaning maksimal qoplamasi esa ikki barobar oshirib, 40 million so‘mdan 80 million so‘mgacha ko‘tarildi. Bu o‘zgarish yo‘l-transport hodisalari natijasida jabrlangan shaxslarning hayoti, sog‘ligi va mol-mulkiga yetkazilgan zararlarni yanada samaraliroq qoplashni maqsad qilgan. Bundan tashqari sug‘urta hodisalariga ko‘ra (yo‘l-transport baxtsiz hodisalariga uchragan haydovchilar) sug‘urta to‘lovlari ham ko‘tariladi. Masalan, bir marotaba avariya qilgan haydovchi polisi 80–112 ming so‘mdan 208–249,6 ming so‘mga ko‘tariladi. Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) ning ma’lum qilishicha, narxlarning oshishi sug‘urta bozori sharoitlarini va moliyaviy xavfsizlik talablarini hisobga olgan holda qonunchilik yo‘li bilan amalga oshirilmoqda. Uzoq muddatda bu O‘zbekiston fuqarolarining moliyaviy himoyasini yanada oshirishga qaratilgan choradir.   Shuningdek, yangi qonunga ko‘ra:
  • Sug‘urta tariflari va mukofotlari yangilandi va bozor sharoitlariga moslashtirildi;
  • Haydovchilar soni asosida cheklangan yoki cheklanmagan sug‘urta polislarini rasmiylashtirish mumkin bo‘ladi;
  • Sug‘urta bilan bog‘liq da’volar va nizolarni ko‘rib chiqish tartibi aniq belgilandi;
  • Sug‘urta to‘lovlarini kafolatlash jamg‘armasi endi fuqarolarga maslahat berish va YTH holatlarida hujjatlarni rasmiylashtirish xizmatlarini ham ko‘rsatadi;
  • Majburiy sug‘urta bo‘yicha ma’lumot almashinuvi tizimi davlat idoralari o‘rtasida yo‘lga qo‘yiladi;
  • 2026 yil 1 apreldan Yagona sug‘urta billing tizimi joriy etilib, polislar bo‘yicha tushumlar yagona markaz orqali yuritiladi;
  • Sug‘urtalanmagan fuqarolarga nisbatan ma’muriy javobgarlik mexanizmlari kuchaytiriladi.
Bu o‘zgarishlar 2025 yil 23 iyulda Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan qarorga asosan amalga oshiriladi.   Qarorga nisbatan davlat qanday pozitsiyada? Istiqbolli loyihalar milliy agentligining xabar berishicha,  majburiy avtosug‘urta tariflari qayta ko‘rib chiqilishiga 2019 yilda tasdiqlangan 56 ming so‘mlik sug‘urta mukofoti miqdori sug‘urta tashkilotlari uchun zararlarni qoplashga yetarli bo‘lmayotgani sabab sifatida keltirilgan. Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda sug‘urta tashkilotlari tomonidan sug‘urta tovonlarini o‘z vaqtida to‘lanmayotgani hamda to‘lanishi mumkin bo‘lgan maksimal miqdor avtotransportga yetkazilgan zararlarni qoplashga yetarli bo‘lmayotgani yuzasidan shikoyatlar soni ortib boryapti. Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, 2023 yilda Toshkent shaxrida zararlilik darajasi 146 foizni tashkil etgan. Photo 2025 07 28 17.33.59

Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha zararlik darajasi 1-iyul xolatiga.

Sug‘urta sohasida 10 yillik tajribaga ega sug‘urtachi Jahongir Yaqubovning yozishicha, yo‘l transport hodisasi oqibatida sug‘urta kompaniyalariga ushbu uch hudud eng xavfli zararlilikda deb hisoblanmoqda:

  • Toshkent viloyati — 114.3 foiz;
  • Toshkent shahri — 90.1 foiz  
  • Qoraqalpog‘iston Respubulikasi — 87.5 foiz.
Eng ko‘p zarar ko‘rayotgan kompaniyalar esa qyidagilar:
  • Infinity Insurance AJ — 299 foiz;
  • Kapital Sugʻurta AJ — 230 foiz;
  • Ishonch sugʻurta kompaniyasi AJ QK - 139%
Ma’lumot o‘rnida: javobgarlik sug‘urtasi bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichlar ko‘shni Qozog‘istonda 60-70 foiz, Rossiyada 70-80 foiz, AQSHda 50-70 foizni tashkil qiladi. Shuningdek, 2019 yildan boshlab barqaror belgilangan 40 mln so‘m sug‘urta summasi yo‘l-transport hodisalarida jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararlar bo‘yicha xarajatlarini yetarli darajada qoplashga imkon bermay qolgan. Jahon banki statistikasiga asosan, O‘zbekistonda iste’mol narxi indeksi oxirgi 5 yil davomida 160 foizga oshgan, bundan tashqari mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori o‘sishi 265 foizni tashkil etgan, bazaviy hisoblash miqdori esa 168 foiz o‘sish dinamikasini ko‘rsatgan. Shu bilan bir qatorda, respublikamizda belgilangan sug‘urta puli va sug‘urta mukofoti hozirda yaqin qo‘shni davlatlar hamda chet el davlatlari bilan solishtirganda eng kam ko‘rsatkichni tashkil etadi.   Aholi nima deydi? Qaror yuzasidan X ijtimoiy tarmog‘ida so‘rovnoma o‘tkazilganda, ovoz berganlarning 40 foizi «avtosug‘urta narxlari qimmatlashsa ham ishlamaydi», desa, 33 foiz retsipiyent «qimmatlashuviga qarshiman» deya ovoz bergan. 10 foiz aholi «qimmatlashuviga rozi»ligini bildirgan bo‘lib, ovoz berganlarning 18 foizi «menga farqi yo‘q» javobini tanlagan. Izohlar qismida Azamat Qarshiyev quyidagi fikrni bildirdi: «Majburiy sug‘urtani bekor qilish kerak, tamom. Baribir sug‘urta ishlamaydi. Odamlar shu polis bo‘lmasa DYHXXga jarima to‘layman, deb sug‘urta qilishadi».   Ekspertlar fikri qanday? Mutaxassislar fikricha, sug‘urta narxining oshishi dastlab haydovchilar uchun moliyaviy yukni oshiradi, ammo uzoq muddatda yo‘l-transport hodisalari natijasidagi zararlarni samaraliroq qoplash, sug‘urta tizimini yaxshilash va moliyaviy xavfsizlikni kuchaytirishga yordam beradi. Xususan, iqtisodchi Otabek Bakirov shunday deydi: «Tabiiyki, sug‘urta polisi narxining ko‘tarilishi ko‘pchilikni xavotirga solishi mumkin. Lekin, unutmaslik kerakki, bu kelajakdagi kutilmagan xarajatlardan himoya degani. Bundan tashqari, endi sug‘urta to‘lovlari bilan bog‘liq nizolarda bepul yuridik maslahat olish imkoniyati yaratilmoqda.Shuningdek, YTH sodir bo‘lgan joyga tezkor yordam xizmati ham yo‘lga qo‘yiladi. Paradoks shundaki, ko‘pchilik sug‘urta haqida faqat avariyadan so‘ng o‘ylay boshlaydi. Sug‘urta — boshqa barcha choralar samarasiz bo‘lib qolganda, foydasi tegadigan va zararlarni qoplaydigan eng qulay vosita». Iqtisodchi qaror kuchga kirishidan oldin telegramdagi rasmiy sahifasida quyidagi fikrlarni bildirgan: «Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda yo‘l harakati holati xavfli bo‘lib qolmoqda: o‘tgan yilning o‘zida 9364 ta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lib, ularda 2,2 ming kishi halok bo‘lgan va 9,2 mingdan ortiq kishi tan jarohati olgan. Ushbu raqamlar, ayniqsa avtomobillarni ta’mirlash va tibbiy xarajatlarga ta’sir ko‘rsatuvchi inflyatsiya o‘sishi sharoitida, majburiy avtosug‘urta shartlarini zudlik bilan takomillashtirish zarurligini ko‘rsatmoqda. Muntazam qoidabuzar haydovchi bilan qonunga doim  rioya qilib yuradigan haydovchi uchun majburiy sug‘urta miqdorlari boshqa-boshqa bo‘ladi. YTH sodir qilish ehtimoli yuqori bo‘lsa, u yetkazadigan ehtimoliy zarar miqdori ham shuncha yuqori bo‘ladi, tartibli, qoidasevar haydovchining ehtimoliy zarar miqdori esa, tabiiyki, kam bo‘ladi» . Umuman olganda, qaror kuchga kirgandan keyin majburiy sug‘urta targ‘iboti tushunarli shaklda olib borilishi zarur. Narx oshirilganidan so‘ng axborot shaffofligi va tezkor xizmat sifatiga ham kafolat berilishi maqsadga muvofiq. Sug‘urta faqat qog‘ozda emas, hayotda ishlashi uchun esa xalqni emas, tizimni isloh qilish kerak. Mehrinoza Farmonova tayyorladi.

Teglar

Mavzuga oid

Haydovchilar uchun majburiy sug‘urta 4 barobar oshadi: bu zaruratmi yoki yangi muammo? | Vaqt.uz