add

Haydovchilik guvohnomasi: o‘qish narxi qimmat, savollar esa murakkab

05.10.2025 | 15:15277824

O‘zbekistonda haydovchilik kurslari va imtihon to‘lovlari so‘nggi yillarda sezilarli oshdi. Vaqt.uz kurslar nega qimmatlagani, savollar murakkabligi va imtihon narxlarining balandligi sabablarini o‘rgandi.

Haydovchilik guvohnomasi: o‘qish narxi qimmat, savollar esa murakkab
Haydovchilik kurslarida o‘qish narxi ayni paytda osmonga chiqqan. Toshkent shahrida 4 oylik kurslar narxi 8–8,5 mln so‘mgacha bo‘lsa, viloyatlarda esa 6 mln so‘mgacha to‘lab o‘qish mumkin. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, avgust oyida eng qimmatlashgan tovar va xizmatlar ro‘yxatida gaz, suv yoki chiqindi tashish xizmatlari emas, balki haydovchilik kurslari narxi so‘nggi bir yilda 73,4 foizga oshgan. Narxlar 01 Narxlar oshish jarayoni kecha yoki bugun bo‘lib qolmadi. Bu holat 2022 yildayoq boshlangan. O‘sha paytlarda haydovchilik kurslari narxi 1 mln so‘m atrofida bo‘lgan, ammo 3 yil davomida bu raqamlar 6–7 karraga qimmatlashdi. Iqtisodchi Mirkomil Xolboyevning tahlil qilishicha, 2024 yil yanvaridan hisoblaganda ham haydovchilikka tayyorlov kurslari narxi 2 o‘rinda eng yuqori o‘sgan tovar bo‘lib, 107,3 foizga oshdi. Iqtisodchi Otabek Bakirov esa O‘zbekistondagi avtomaktablarda o‘qish har yili ikki barobar qimmatlayotganini, shu sabab tez orada haydovchilikka o‘qishdan ko‘ra eng qimmat Vestminster universitetida o‘qish ham arzonroq bo‘lib qolishini pisanda qildi. Vaqt.uz jurnalisti nega avtomaktlab kurslari to‘lovi oshgani, ayni paytda poytaxtdagi narx-navo, imtihon narxlari yuzasidan surishtiruv qildi.   Avtomaktablarda haydovchilik kurslari qancha? O‘rganishlar davomida poytaxtda eng mashhur, mijozlari ko‘p bo‘lgan 15 ga yaqin avtomaktablardagi narxlar bilan tanishdik. Unga ko‘ra, «B» toifa uchun (yengil avtomobil boshqarish) kurslar davomiyligi uzog‘i 4 oy 20 kungacha ekan. Narxlar esa quyidagicha:

Avtomaktab

Davomiylik

Narxi

Akdrive

4 oy 15 kun

7 mln 500 ming so‘m

Instruktor

4 oy 20 kun

6 mln 500 ming so‘m

Avtolider

4 oy 20 kun

8 mln so‘m

Avtoakbar

4 oy 15 kun

7 mln 400 ming so‘m

Chorsu

4 oy

8 mln so‘m

Vaqt.uz o‘rganishlari asosida tayyorlandi Bundan tashqari, tezlashtirilgan (ekspress) kurslar ham ko‘paymoqda. Unda 4 oylik darslarni tamomlab, ichki guvohnoma olgan o‘quvchigina tayyorlana oladi. Ma’lumot uchun, bu holatda amaliyot va nazariya tayyorgarligiga alohida pul to‘lanadi. Amaliyot, ya’ni mashina haydash soati poytaxtdagi maktablarda o‘rtacha 200 ming so‘mni tashkil etadi. Nazariy, ya’ni test sinoviga tayyorlash narxi esa quyidagicha:
Avtomaktab Davomiylik

Narxi

Akdrive

7–10 kun

800 ming so‘m

Instruktor

10–12 kun

1 mln so‘m

Avtoakbar

10 kun

1 mln 500 ming so‘m

Sebzor 

5 kun

800 ming so‘m

Vaqt.uz o‘rganishlari asosida tayyorlandi Shuni ham aytish kerakki, «BC» toifa (yengil avtomobil va yuk mashinasi boshqarish) uchun kurs topish ham muammo. Biz surishtirgan avtomaktlablardan faqat bittasi bunday imkoniyat borligini aniqladik.   Nega avtomaktablarda kurslar qimmatlashgan? Yuqorida ta’kidlaganimizdek, narxlar 2022 yillarda maksimum 1 mln so‘m atrofida bo‘lgan. Ayni paytda poytaxtda haydovchilik kurslari narxi 8,5 mln so‘mgacha, viloyatlarda 6 mln so‘mgacha oshdi. Bunga sabab bo‘lgan omillarni o‘rganish maqsadida Samarqand viloyatida shu yo‘nalish bo‘yicha qator yillardan buyon faoliyat yuritib kelayotgan avtomaktlab direktoriga murojaat qildik. U bizga nega kurs narxlari qimmatlashgani, test tizimidagi murakkab savollar, ortiqcha talablar haqida vaziyatni ochiqladi.
«Oldin «B» toifasi uchun kurslar ikki oy davom etardi. «BC» toifada o‘quvchilar uch oyda tayyorlanadi. Hozir esa «BC» toifasi uchun o‘qish 6–6,5 oyga, «B» toifasi uchun esa 4,5 oyga cho‘zildi. Masalan, «B» toifada bir guruhga uch kishi biriktiriladi: bir o‘qituvchi va ikki o‘rgatuvchi. Ularning har biri 4,5 oy davomida maosh oladi. Shuni hisoblasak, 4,5 mln so‘mdan ko‘proq xarajat chiqadi», — deydi direktor.
Uning so‘zlariga ko‘ra, kurs to‘loviga faqat o‘qituvchilarning maoshiga ketadi, lekin mashina haydash — amaliy mashg‘ulotlar e’tibordan tashqari qoldirilgan. Mashina haydashga chiqish uchun alohida to‘lanadi: har bir mashg‘ulot uchun o‘rtacha 20–25 ming so‘m. «Hisobga yoqilg‘i xarajatlarini ham qo‘ysak, umumiy to‘lov 7–8 mln so‘mga yetib boradi. Biz ayni narxni qo‘ymasak, hech kim o‘qishga kelmaydi», — deya izoh berdi u. Direktorning ta’kidlashicha, qishloq joylarda aholining ko‘p qismi 1–2 mln so‘m atrofida maosh oladi. Shu sabab ular uchun bu to‘lov juda og‘ir yuk bo‘lib qolmoqda. «BS» toifada ham vaziyat shunga o‘xshash: 6,5 oy davomida biriktirilgan uchta o‘qituvchi-o‘rgatuvchi doimiy ishlashi kerak. Hatto 3 mln so‘mdan hisoblasak ham, bu buxgalteriya xarajatlarini qoplamasligidan noroziligini aytib o‘tdi. Bundan tashqari, avtomaktab rahbari talablarning ortiqcha ekanligidan ham shikoyat qildi:
«Endi o‘sha talablarni gapirsam, doston bo‘lib ketadi. Bir yarim yil maktabning faoliyatini litsenziya sababli to‘xtatib qo‘ydik. Hech qanday qarorsiz amal qilib turgan litsenziyamiz bekor bo‘lganini aytdi, keyin yangiga harakat qildi. Yugurib-yelib litsenziyani ham olgandan keyin, avtodrom to‘g‘risida 193-sonli qaror chiqdi. U bilan tanishsak, endilikda tartiblar juda og‘ir-da. Menimcha, bu darajada murakkablashtirish shart emas edi», — deydi u.
Qarorga ko‘ra, avtomaktablarning ham xuddi imtihon markazlaridagidek jihozlangan 1 gektarlik avtodromi bo‘lishi yoki shunday avtodromni ijaraga olishi shart. Tabiiyki, bu aksariyat tadbirkorlarga qiyinchilik tug‘dirdi. Bundan tashqari, o‘quvchilar davomadini tekshirish uchun FaceID tizimidan foydalanish ham talablar ro‘yxatidan joy olgan. Ya’ni, haydovchilik kurslarida o‘qiyotgan o‘quvchi darslarga to‘liq qatnashishi raqamlashtirilgan tizim orqali nazorat qilinadi. Belgilangan miqdordan ortiq dars qoldirganlar, hatto tizim orqali o‘qishdan chetlashtirilishi ham mumkin. Bu esa o‘quvchilarning darslarga to‘liq qatnashishini ta’minlaydi. Avtomaktlablar nuqtayi nazaridan qaralsa, ular bu kompyuterlashtirishni yo‘lga qo‘yish uchun ham katta mablag‘ sarflagan. Yana bir masala ham bor. Bu esa tanganing umuman boshqa tomoni: Avtomaktab rahbari vaziyatga boshqacha nuqtadan ham qarash kerakligini aytdi. Mashinalar ko‘p, YTHlar soni ham oshib borayotgan, lekin o‘qitish bo‘yicha yo‘llar talabga javob bermaydi. Yo‘l belgilarini poytaxtda ko‘rish mumkin, lekin viloyatlarga chiqqandan keyin ularni deyarli uchratmaysiz. Ya’ni, e’tibor faqat haydovchiga emas, balki u foydalanayotgan yo‘lga ham qaratilishi zarurligi ta’kidlandi.   Imtihon topshirish narxlari Yagona imtihon markazi orqali imtihon topshirish uchun jami 2 mln so‘m to‘lanadi: 1 mln so‘m testga, 1 mln so‘m amaliy topshiriq uchun (mashina haydash). Qayta topshirish uchun esa shu miqdorga 200 ming so‘m qo‘shiladi. Bundan tashqari, test imtihonini topshirib, keyingi 2 oy davomida amaliyni bajarish imkoniyati mavjud. Lekin bu miqdor qimmatligi haqida faollar va aholi tomonidan noroziliklar bor. Masalan, izohlarda kuzatuvchilardan biri o‘qish narxi qimmatligi yetmagandek, imtihon narxlari ham Amerika sharoitiga yarasha qo‘yilganini yozgan. Savollar esa universitetga kirish imtihonida ham bunchalik murakkab emasligini ta’kidlagan. Yana bir kuzatuvchi esa shunday izoh qoldirgan: «Davlat testiga ham 206 ming so‘m to‘lov qilasiz, lekin prava uchun 1 mln 200 ming so‘m, bu xalqni ochiqchasiga shilish. Yana davlat imtihonida imkoniyat kengroq — to‘plangan balga qarab 5 ta yo‘nalishdan biriga kirish mumkin, lekin prava imtihoni xuddi shunday borib kelmasga to‘lov qilib ketishga o‘xshaydi. Buning oxiri voy, shu ketishi bo‘lsa, prava olish jarayoni eng korrupsiyalashgan sohaga aylanishi mumkin. Chunki hech kim yuqoriga millionlab to‘lov qilishni xohlamaydi va majbur korrupsiyaga aralashadi. Men bu tizimda kelajakni ko‘rmayapman». Shu o‘rinda, avtomaktab rahbari xalq uchun hozirgi narxlar juda og‘ir bo‘layotganini aytmoqda. Masalan, oddiygina «B» toifaga o‘qigan o‘quvchi 2–2,5 mln so‘m to‘lab imtihondan o‘tmoqda. O‘zi rahbarlik qilayotgan avtomaktabda esa 4 oy davomida 4,5 mln so‘mga (viloyat sharoitida o‘rtacha narx, poytaxtda qimmatroq) o‘qitiladi. Lekin atigi 25 daqiqa ichida o‘tkaziladigan imtihon uchun 1 mln so‘m olinmoqda. Shu sababli, u bu jarayonlarni arzonlashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish kerakligini ta’kidlaydi.   Savollarning murakkabligi Savollarning murakkablik darajasi ham alohida masala. Faqatgina topshiruvchilarning fikrini yozsak, noxolislik bo‘lishi mumkinligi uchun, mikrofonni sohada tajribali mutaxassisga ham tutdik. Avtomaktab xodimining aytishicha, savollar qiyinlashgan. Ayniqsa, chalg‘ituvchi savollar ko‘p. Ba’zan umuman mantiqiga to‘g‘ri kelmaydigan xatolar ham uchraydi. Hozirda jami 1238 ta savol mavjud bo‘lib, shundan qariyb 238 tasi mantiqsiz yoki chalkash savollardan iborat. Natijada ko‘plab o‘quvchilar «oddiy xato sabab yiqildim», deb qayta keladi. Mutaxassis test savollarini mutaxassislar bilan qayta ko‘rib chiqish, keraksizlarini olib tashlash kerakligini ta’kidlaydi. Imtihonlarni arzonlashtirish, savollarni tartibga keltirish va tizimni adolatli qilish zarur. Chunki bu holat xalq uchun juda og‘ir bo‘lyapti va o‘qituvchilarning ham, o‘quvchilarning ham mehnatiga to‘g‘ri kelmayapti.  

Soxta «pravafurushlar»

Surishtiruv davomida Telegram’da soxta haydovchilik guvohnomasi olib beruvchilar ham uchradi. Ularga «mijoz» sifatida murojaat qilganda, atigi 4 million so‘m evaziga «B» toifadagi, 4 mln 900 ming so‘mga esa «BC» toifadagi haydovchilik guvohnomasini sotishni taklif qilishdi. Biroq boshqa odamlar bilan suhbatlashilganda, hozirda bunday yo‘l bilan «prava» olish amalda deyarli imkoniyati yo‘qligi aytildi. Talab va nazoratning kuchayishi sabab «guvohnomafurushlar» soni kamaygan bo‘lsa-da, yoshlar orasida guvohnomasiz mashina haydash holati ko‘paygani ta’kidlanmoqda. «Viloyatlardagi tanishlarim, prava oladigan yoshdagi bolalar orasida guvohnomasiz yurish kuchayganini aytishyapti. Bir yil qiynalib, qimmatga imtihon topshirguncha, hujjatsiz mashina minib yuraveramiz, deyisharkan. O‘z ko‘zim bilan ko‘rdim, «prava»si yo‘q yigit Toshkentdan Namanganga mashina haydab bordi. Va u bunday qilishi birinchi marta emas», — deb yozmoqda kuzatuvchilardan biri. Qo‘shimcha qilnishicha, avvallari Namanganda 200 dollar porasini berib, imtihonga ham bormay «prava» olish mumkin edi. Hozir esa, «tizim zo‘r ishlayotgani uchun» 2000 dollar poraga ham «prava» olib bo‘lmayotgan ekan. Xulosa sifatida aytish mumkinki, O‘zbekistonda haydovchilik guvohnomasi olish jarayoni aholi uchun ham moddiy, ham ma’naviy jihatdan og‘ir yukka aylanib bormoqda. Kurs narxlari so‘nggi uch yilda bir necha barobar qimmatlashdi, imtihon topshirish to‘lovlari esa ayrim talabalarning oylik maoshiga teng bo‘lib qoldi. Bu esa oddiy aholi uchun imkoniyatni cheklamoqda. Haydovchilik qilib ro‘zg‘or tebrataman degan yoshlar niyatlariga yeta olishmayapti. Ikkinchi jihat — savollarning murakkabligi va test tizimining kamchiliklari. Mantiqsiz yoki chalkash savollar ko‘pligi, qayta-qayta yiqilish holatlarini ko‘paytirmoqda. Bu jarayonni oddiy va adolatli qilish zarurligi mutaxassislar tomonidan ham ta’kidlanmoqda.  Uchinchi tomondan, litsenziya, avtodrom va FaceID kabi talablarning kuchayishi avtomaktablar xarajatini yanada oshirdi. Buni infratuzilmani yaxshilash deb baholash mumkin, ammo natijada to‘lov asosiy og‘irlikni aholi zimmasiga yuklamoqda.  Boshqa tarafdan esa, narx va talablarning ortishi soxta guvohnomalar savdosini qisqartirdi, lekin yoshlar orasida guvohnomasiz haydash holati ko‘paygan. Bu esa yo‘l harakati xavfsizligi uchun katta tahdiddir. Shu bois, tizimda narxlarni optimallashtirish, savollarni qayta ko‘rib chiqish va infratuzilmani maqsadli ravishda rivojlantirish zarur. Aks holda, haydovchilik guvohnomasi oddiy odam uchun amalda yetib bo‘lmas darajada qimmat va og‘ir jarayonga aylanib qolishi mumkin. Bu narxlar va talablar faqat avtomobil egalarini emas, balki moped va skuter haydovchilarini ham qiynayotgani kuzatilmoqda. Keyingi maqolalarda Vaqt.uz ushbu masalaga ham alohida to‘xtalib o‘tadi. Mahliyo Hamidova tayyorladi.

Teglar

Mavzuga oid

Haydovchilik guvohnomasi: o‘qish narxi qimmat, savollar esa murakkab | Vaqt.uz