
IPO oddiy investor uchun nimani anglatadi?
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda fond bozori sezilarli faollashishi ortidan aksiyalar bilan birga IPO atamasi ham tez-tez uchraydigan terminga aylanadi. Ko‘pchilik uchun bu hali ham «faqat katta investorlar» tushunadigan murakkab jarayon bo‘lib tuyuladi. Aslida, IPO oddiy fuqaroni ham real aksiyadorga aylantiradigan mexanizmdir.

Xo‘sh, IPO o‘zi nima?
IPO (Initial Public Offering) kompaniyaning aksiyalari birinchi marta keng ommaga taklif qilinishi, ya’ni birlamchi ommaviy joylashtirilishi hisoblanadi. Buni quyidagicha tasavvur qilish mumkin: qo‘shningiz muvaffaqiyatli biznes ochgan, dastlab u yakka o‘zi, keyin bir necha sherik bilan ishladi. Biznes kattalashdi, endi kengayish uchun juda ko‘p pul kerak. U o‘z biznesining bir qismini minglab odamlarga sotishga qaror qilsa, mana shu IPO deyiladi.
Ya’ni, IPOgacha kompaniya aksiyalari faqat asoschilar, davlat (davlat kompaniyalarida yoki davlat ulushi mavjud kompaniyalarda) va cheklangan doiradagi investorlar qo‘lida bo‘ladi. IPOdan keyin esa jismoniy shaxslar, investitsiya va pensiya fondlari, sug‘urta kompaniyalari va boshqa institutsional investorlar kompaniya aksiyalarini birja orqali erkin sotib olishi mumkin bo‘ladi. Shu paytdan boshlab kompaniya yopiq kompaniyadan ommaviy kompaniyaga aylanadi.
IPO — kompaniya uchun jiddiy qadam
Jarayon uzoq, qimmat va murakkab. Lekin kompaniya IPO qilish orqali bir nechta muhim maqsadlarga erishadi. Eng asosiy sabab pul hisoblanadi. IPO orqali to‘plangan mablag‘lar odatda ishlab chiqarishni kengaytirish, yangi loyihalarni moliyalashtirish, texnologiyalarni yangilash, qarzlarni qisqartirish kabi maqsadlarga yo‘naltiriladi. Bu mablag‘ bankdan olingan qarzdan farqli, uni qaytarish shart emas va har oy foiz to‘lash kerak emas. IPOgacha kompaniya asoschilari qog‘ozda boy bo‘lsa-da, aksiyalarini tezda sotish imkoniyatiga ega emas.
Tasavvur qiling, siz 10 yil oldin startapga investitsiya qildingiz va u kompaniya qiymati 100 baravar oshdi, lekin bu pul faqat qog‘ozda. Birjaga chiqqach kompaniya aksiyalarining bozor narxi shakllanadi va ma’lum muddatdan keyin eski aksiyadorlar o‘z ulushlarining bir qismini sotishi mumkin. Bu muddat lock-up period deb ataladi, ya’ni IPOdan keyin 3-6 oy davomida ichki aksiyadorlarning aksiyalarini sotishi cheklanadigan davr.
Bunga sabab, agar kompaniya asoschisining o‘zi darhol o‘z ulushini sotib ketsa, bu bozor uchun yomon signaldir. Birjada ro‘yxatga olingan kompaniyadan muntazam moliyaviy hisobot, korporativ boshqaruv standartlariga rioya qilish, oshkoralik va xavflar haqida axborot berish talab etiladi. Bu banklar, xalqaro investorlar va reyting agentliklari uchun ijobiy signal hisoblanadi. IPO keyin menejerlar uchun aksionerlik dasturlari, boshqa kompaniyalarni aksiyaga almashtirib sotib olish, strategik sheriklar bilan hamkorlik imkoniyatlari kengayadi.
IPO qanday amalga oshiriladi?
U uzoq va murakkab jarayon bo‘lib, har bir mamlakatda texnik detallar farq qilsa-da, mantiqan bir xil. Dastlab strategik qaror qabul qilinib, Aksiyadorlar yig‘ilishi va Kuzatuv kengashi IPO qilishga rozilik beradi. Bu bir necha oy davom etishi mumkin.
Keyingi bosqich taxminan 6-12 oy davom etadigan IPOga tayyorgarlik bosqichi hisoblanib, bu jarayonda xalqaro auditorlar tomonidan moliyaviy hisobotlar audit qilinadi, korporativ tuzilma tartibga keltiriladi, ustav va boshqaruv tizimi birja listing talablari bilan moslashtiriladi. Kompaniya investitsiya banki yoki yirik brokerlik kompaniyasi bilan shartnoma tuzadi. Ular aksiyalarni joylashtirish strategiyasini ishlab chiqadi, narx diapazonini taklif qiladi, emissiya prospektini tayyorlashga yordam beradi, potensial investorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazadi.
Keyingi qadam emissiya prospektini tuzish bo‘ladi. Emissiya prospekti juda batafsil hujjat bo‘lib, unda kompaniya nima ish qiladi, moliyaviy natijalar, xavflar, qancha mablag‘ jalb qilmoqchi ekani, nechta aksiya chiqarayotgani va narx diapazoni yoziladi. Investorlar bu hujjat bilan tanishib chiqib, ongli ravishda qaror qabul qilishi kerak. Yirik va kichik investorlar ma’lum narx diapazonida buyurtma beradi, talab va taklifdan kelib chiqib, yakuniy narx belgilanadi.
Eng so‘ngida aksiyalar investorlar o‘rtasida taqsimlanadi. Keyin ular birjada erkin savdoga chiqadi va bozor narxi real vaqt rejimida shakllanadi.
SPO degani nima?
Ba’zan kompaniyalar bir yil yoki bir necha yil o‘tgach yana aksiya sotadi. Bu SPO deyiladi. SPO (Secondary Public Offering) kompaniyaning IPOdan keyingi qo‘shimcha ommaviy aksiyalar joylashtirishidir. U ikki ko‘rinishda bo‘lishi mumkin: kompaniya yangi aksiyalar chiqaradi yoki mavjud yirik aksiyadorlar o‘z ulushlarini sotadi.
IPOdan keyin kompaniyaga yangi loyihalar uchun yana mablag‘ kerak bo‘lishi mumkin. O‘zbekistonda ko‘plab davlat kompaniyalari bosqichma-bosqich xususiylashtirilyapti. Shu sabab, dastlab IPO bilan ma’lum ulush sotiladi, keyin SPOlar orqali davlat ulushi asta-sekin kamayadi. Shuningdek, erkin muomaladagi aksiyalar ulushini oshirish orqali bozor likvidligi va investorlarga qiziqishni kuchaytirish ko‘zlanadi.
Agar SPOda yangi aksiyalar chiqarilsa, sizning kompaniyadagi ulushingiz «yemiriladi». Ya’ni, sizning 1 foiz ulushingiz 0,8 foizga aylanishi mumkin. Agar kompaniya bu pulni yaxshi ishlatsa, umumiy «pirog» kattalashadi va sizning 0,8 foiz ulushingiz yangi ulushdan ko‘proq bo‘lishi mumkin.
Aksiyani IPOda olish yaxshiroqmi yoki keyin?
Bu savolga «har doim IPOda olish kerak» yoki «faqat keyin olish kerak» deb javob berish to‘g‘ri emas. Har bir kompaniya va har bir emissiya alohida tahlil qilinishi kerak. Ammo umumiy tamoyillar mavjud.
Ba’zi hollarda IPO narxi bozor potentsialini inobatga olgan holda nisbatan pastroq belgilanishi mumkin. Agar talab yuqori bo‘lsa, savdo boshlangan zahoti narx ko‘tarilib ketishi ehtimoli bor.
Ayrim xalqaro IPOlarda birinchi kun 30-50 foiz o‘sish qayd etilgan. Strategik ahamiyatga ega kompaniyalarning IPOsi bozor uchun muhim voqea bo‘lishi mumkin.
Ba’zi joylashtirishlarda aholiga alohida kvota beriladi. Masalan, O‘zbekistondagi «Xalq IPO»si loyihasida jismoniy shaxslarga imtiyoz mavjud. Agar siz kompaniya kelajagiga ishonsangiz va 5-10 yil ushlab turmoqchi bo‘lsangiz, IPO boshlab aksiyador bo‘lish mantiqiy bo‘lishi mumkin.
Lekin IPOda ishtirok etishning bir nechta xavflari ham mavjud. IPO jarayoni haddan tashqari shov-shuv va yuqori baholashli bo‘ladi. Marketing va PR fonida kompaniya juda yuqori bahoda joylashtirilishi mumkin. Bunday vaziyatda IPO keyin qisqa muddatda narx tushib ketishi ehtimoli mavjud.
Kompaniya ommaviy statusda hali sinovdan o‘tmagan bo‘ladi, ya’ni dividend siyosati hali noaniq, bozor bilan muloqot tarixi yo‘q. Lock-up muddati tugagach, ichki aksiyadorlar o‘z aksiyalarini sota boshlaydi. Agar ular katta hajmda sotsalar, narx o‘zgarishi mumkin.
IPOni keyin (ikkilamchi bozorda) olish afzalroq bo‘lishi mumkin
Chunki, bir necha hafta yoki oylik savdodan so‘ng aksiyaning real likvidligi, investorlar reaksiyasi, bozorning «sovuqqon» bahosi ko‘rinadi. Tahlilchilar, media va boshqa investorlar kompaniyaning kuchli va zaif taraflarini ochiq muhokama qiladi, risklar va baholash koeffitsiyentlari haqida ko‘proq ma’lumot beradi.
Ko‘p hollarda shov-shuv pasaygach, kurs «adolatli» darajaga tushadi va uzoq muddatli investorlar uchun qulay kirish nuqtasi shakllanishi mumkin. Agar siz IPOda ishtirok etmoqchi bo‘lsangiz, albatta, emissiya prospektini o‘qing. Prospektda kompaniya biznes modeli, daromad va foyda dinamikasi, qarzdorlik, jalb qilinayotgan mablag‘ qanday maqsadlarga yo‘naltirilishi batafsil yozilgan bo‘ladi. P/E, P/B kabi koeffitsiyentlar o‘xshash soha kompaniyalariga nisbatan juda qimmatmi yoki arzonroqmi, taqqoslab ko‘ring.
Agar kompaniya o‘xshashlaridan 2-3 baravar qimmatroq baholangan bo‘lsa, bu ehtiyotkorlik talab qiladigan signaldir. Eng muhimi xavflar bo‘limini jiddiy o‘qing. IPO prospektidagi xavflar ro‘yxatida sohadagi xavflar, regulyatorga bog‘liq tavakkallar, valuta va foiz stavkalari xavflari ko‘rsatiladi.
«Xalq IPOsi»
O‘zbekistonda IPO konsepsiyasi keng ommaga «Xalq IPO»si loyihasi orqali tanishtirildi. Bu loyihaning maqsadi oddiy fuqarolarni fond bozoriga jalb qilish, investitsiya madaniyatini rivojlantirish, yirik kompaniyalarida aksiyador bo‘lish imkoniyatini yaratish hisoblanadi.
«Xalq IPO»si doirasidagi joylashtirishlarda odatda «bitta aksiya — bitta lot» tamoyili qo‘llanadi. Oddiy fuqarolar kam pul bilan ham ishtirok etishi mumkin va jarayon ancha soddalashtirilgan. Bu tajriba oddiy odamlarni «kapital bozori bizga emas, boylar uchun» degan fikrdan xalos qilmoqda.
Esda tutishingiz kerakki, IPO avtomatik tez boyish yo‘li emas. Bu ongli yondashuv va sabr talab qiladigan jarayon. Ammo aynan shu yo‘l orqali siz o‘z pulingizni ishlaydigan aktivga aylantirishingiz mumkin.
Ogohlantirish: Ushbu material faqat ma’lumot maqsadida tayyorlangan va moliyaviy maslahat hisoblanmaydi. Har bir investor o‘z qarorini mustaqil qabul qiladi va natijalar uchun javobgar bo‘ladi.
G.Bozorova tayyorladi.





