add

Iroq «Lukoil»ning eng yirik aktivini milliylashtirdi

Kecha 08:582 daqiqa

Iroq hukumati AQSH sanksiyalari sabab neft qazib olish to‘xtab qolmasligi uchun «Lukoil» ulushiga ega «G‘arbiy Qurna–2» konini vaqtincha milliylashtirishga qaror qildi.

Iroq «Lukoil»ning eng yirik aktivini milliylashtirdi

Iroq hukumati mamlakatdagi eng yirik xalqaro neft aktivlaridan biri — «G‘arbiy Qurna–2» konidagi qazib olish quvvatlarini milliylashtirishga qaror qildi. Bu qaror AQSH sanksiyalari sabab Rossiyaning «Lukoil» kompaniyasi ishtirokidagi loyihada ish to‘xtab qolish xavfini bartaraf etish maqsadida qabul qilingan. Bu haqda «Reuters» xabar berdi.

Qarorga muvofiq, davlatga qarashli «Basra Oil Company» kelgusi 12 oy davomida konni to‘liq boshqarib turadi. Noyabr oyida «Lukoil» AQSH sanksiyalari kiritilganidan keyin ushbu loyihada fors-major e’lon qilgan edi. Sanksiyalar Donald Tramp ma’muriyatining Rossiya energetika sektoriga iqtisodiy bosim orqali Ukrainadagi urushni to‘xtatish strategiyasi doirasida joriy etilgan.

AQSH Moliya vazirligi talablariga ko‘ra, «Lukoil» 2026 yil 17-yanvarga qadar xorijdagi aktivlaridan to‘liq chiqib ketishi kerak. Shu sabab Iroq hukumati neft qazib olish uzilib qolmasligi uchun vaqtinchalik davlat boshqaruvini joriy etmoqda.

«Basra Oil Company»ning ma’lum qilishicha, asosiy maqsad — kuniga 465–480 ming barrelni tashkil etuvchi barqaror qazib olish hajmini saqlab qolish. Kon hisobvaraqlaridagi mablag‘lar mahalliy xodimlarga maosh to‘lash va subpudratchilar xizmatlari uchun ishlatiladi.

Iroq hukumati kelasi yil davomida rossiyaliklarga tegishli bo‘lgan 75 foiz ulush uchun yangi strategik investor izlashni rejalashtirmoqda. Manbalarga ko‘ra, bu aktivga qiziqish bildirgan investorlar orasida «Exxon Mobil», «Chevron» hamda «Carlyle» investitsiya kompaniyasi bor.

«G‘arbiy Qurna–2» koni Iroq umumiy neft qazib olish hajmining taxminan 9 foizini, jahon ta’minotining esa 0,5 foizini ta’minlaydi. Ushbu aktivdan ayrilish «Lukoil» uchun jiddiy iqtisodiy yo‘qotish hisoblanadi, chunki bu kompaniyaning eng yirik xorijiy loyihasi edi.

Teglar

Mavzuga oid