
Ittifoqchilikdan raqiblikka: Kiyev va Varshava ziddiyati ortida nima turibdi?
27.08.2025 | 09:0040614
Kiyev va Varshava o‘rtasida bulutlar quyuqlashib bormoqda: ukrain g‘allasiga qarshi polyak fermerlar namoyishlari endi kelib, hukumatning qochqinlarga ko‘rsatilayotgan yordamni uzaytirishdan bosh tortgani bilan almashdi.

Ukraina uchun bu jiddiy zarba: aynan Polsha eng ko‘p ukrainalik qochqinlarni qabul qilgan edi. Xo‘sh, ikki ittifoqchi o‘rtasidagi bu kelishmovchilik Rossiya uchun sovg‘ami? — deya savol qo‘yadi TRT Global.
Polsha va Ukraina nega janjallashdi?
Polsha urush boshlangan ilk kunlardanoq Ukrainani qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Varshava nafaqat Rossiyaga qarshi qat’iy sanksiyalar joriy etilishini birinchilardan bo‘lib talab qilgan, balki qo‘shnilarini ham Kiyevga harbiy yordamni kuchaytirishga chaqirgan edi. Bu so‘zlar amalda ham o‘z tasdig‘ini topgan: Polsha boshqa barcha davlatlardan ko‘ra ko‘proq ukrain qochqinlarini qabul qilgan. Eurostat ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil iyun oyi oxiriga kelib mamlakatda qariyb million nafar ukrainalik istiqomat qilgan.
Shu bilan birga, mahalliy aholi orasida vaqt-vaqti bilan hukumat milliy manfaatlar evaziga harakat qilmayamptimikin, degan shubhalar paydo bo‘lib turardi. Butun mamlakat bo‘ylab namoyishlar to‘lqini kuzatildi — fermerlar ukrain g‘allasi va boshqa mahsulotlarni import qilishni taqiqlashni talab qilishdi. Mazkur vaziyatdan prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozongan Karol Navrotskiy muvaffaqiyatli foydalandi.
U 2025 yil yozida hokimiyatga kelgach, urush davom etayotgan bir paytda Ukraina YeI va NATOga a’zo bo‘la olmasligini bayon etdi. Keyin esa bundan ham battarini qildi: Seym tomonidan ma’qullangan, ukrainalik qochqinlar uchun imtiyozlarni uzaytirishga qaratilgan qonunga veto qo‘ydi. Ayniqsa u «Rodzina 800+» dasturini tanqid qildi — unga ko‘ra har bir bola uchun oyiga 800 zlotiy (218 dollar) to‘lanishi ko‘zda tutilgan.
Prezidentning yana bir tashabbusi — OUN-UPA ramzlarini natsistlar ramzlari bilan tenglashtirishdir. Buning sababi 9 avgust kuni Varshavada bo‘lib o‘tgan belaruslik reper Maks Korj konsertida bir necha ukrainaliklar UPA bayroqlarini ko‘tarishi bo‘ldi. Bu voqea beqarorlikka sabab bo‘ldi va Navrotskiyning qat’iy bayonotlari uchun triggerga aylandi.
«Qonun loyihasida aniq shior qayd etishimiz kerak — banderachilikka chek qo‘yish», — dedi u. Bosh vazir Donald Tusk uni qo‘llab-quvvatladi: «Qoidalarni buzganlar mamlakatni ixtiyoriy ravishda yoki majburiy tarzda tark etishlari shart». Deportatsiya xavfi 57 nafar ukrainalik fuqaroni qamrab oldi.
Eslatib o‘tamiz, OUN-UPA masalasi Ukraina va Polsha munosabatlarida ko‘p yillardan beri bahsli mavzudir. Ayrim ukrainaliklar uchun bu — mustaqillik uchun kurash ramzi, polyaklar uchun esa — 1943 yildagi Volin qirg‘inini esga soluvchi fojiali xotira.
Ritorika o‘zgarishi ortida nima yotibdi?
«Varshavaning mazkur qarorlari katta darajada Polshadagi ichki siyosiy voqelik bilan bog‘liq», — deydi TRT rus xizmatiga siyosatshunos Aleksey Yakubin. Ularning asosini Donald Tusk boshchiligidagi «Fuqarolik platformasi» partiyasi bilan, konservativroq yo‘nalishdagi «Huquq va adolat» partiyasiga mansub prezident Navrotskiy o‘rtasidagi raqobat tashkil qiladi.
«Saylovoldi kampaniyasi va parlament saylovlari davomida aynan shu partiya ukrainalik qochqinlardan kelib chiqadigan xavf va Ukrainadan kelayotgan qishloq xo‘jalik mahsulotlari eksporti mavzularini faol ishlatdi, polyak jamiyatining bir qismining raqobat va ukrainaliklar hamda ular mahsulotlarining «nazoratsiz» kirib kelishidan qo‘rquviga murojaat qildi», — deya ta’kidlaydi ekspert.
«Uchinchi sektor» tahliliy markazi rahbari Andrey Zolotaryov esa qo‘shimcha qiladi: Polsha chuqur hududlarida radikal‑millatparvar kayfiyatlar kuchli va aynan shu elektorat Navrotskiyga g‘alaba olib keldi. «Polsha millatchilari qo‘lga kiritayotgan mavzular — Volin qirg‘ini, OUN‑UPA ramzlari kabbilar endi ko‘pdan beri chekka siyosiy muhokamalardan chiqib, siyosiy meynstrimga aylanib ulgurgan. Bu — endi yana qayta‑qayta to‘qnash kelinadigan fakt», — deydi u.
Rezonansli qarorlar vaqtining tanlanishi ham ramziy ahamiyatga ega, deb ta’kidlaydi Yakubin: «Navrotskiy o‘z bayonotlarining ko‘pini aynan ukrain bayramlari kunlarida berdi. Bu esa Varshava Ukrainaga faqat ittifoqchi emas, balki iqtisodiy, demografik va siyosiy raqobatchi sifatida ham qarayotganining ishorasidir».
Bu qarorlar ukrainaliklarga qanday ta’sir qiladi?
Siyosiy ritorikaga qaramasdan, Polsha millionga yaqin ukrainaliklar borligi orqali ko‘p jihatdan yutishga erishdi. Ular ishchi kuchasi yetishmaydigan sohalarda mehnat qilmoqda, bizneslar tashkil etmoqda, soliq to‘layapti va mamlakat iqtisodiy o‘sishiga hissa qo‘shayotir.
Ukrainaliklar Polshada ko‘pincha YeIning boshqa davlatlariga nisbatan yaxshiroq integratsiyalashdi, deydi Andrey Zolotaryov:
«Polshada aksariyat ukrainaliklar ishlaydi, bo‘shab qolgan sohalar — elektriklar va santexniklardan tortib, servis sohalarigacha to‘ldirilmoqda. Aynan ukrainaliklar demografik tanqislikni yumshatishga yordam berdi va Polsha iqtisodiyotiga qo‘shimcha o‘sish ta’minladi. Qolaversa, ularning to‘layotgan soliq va ijtimoiy badallari hukumatning qochqinlarga ajratayotgan yordamini yopmoqda. Polshadagi ukrainaliklar hech qanday «to‘ydagi mehmon» kabi emas».
Shu bilan birga, qochqinlar hisobiga ichki muammolarni hal qilish — Yevropa bo‘ylab kuzatilayotgan umumiy tendensiya. Qit’ada soliqlar, kommunal xizmatlar narxi oshib borayotgani va hayot sifati yomonlashganidan norozilik ovozlari ko‘paymoqda. Bunday sharoitda «aybdor» sifatida ko‘pincha ukrainaliklar tilga olinadi.
«Yuz minglab ukrain oilalari xavf ostida qolmoqda. Avval Polshadagi yordam bolali oilalar bilan cheklangan edi, keyin shart sifatida bolalarning polyak maktablarida o‘qishi talab qilindi, endi esa yangi filtr joriy qilinmoqda: agar ota-ona ishlamasa, nafaqa to‘xtatiladi. Bu ko‘pchilik uchun hatto kamtarona to‘lovlarni ham yo‘qotishni anglatadi», — deydi TRT rus xizmatiga siyosatshunos Aleksey Yakubin.
Ukraina qanday javob qaytaradi?
Kiyevda bu vaziyatdan chiqish uchun faqat diplomatik vositalar qolmoqda. Mavjud yo‘llardan biri — «Fuqarolik platformasi» partiyasi va Donald Tusk bilan hamkorlikni faollashtirishdir.
Aleksey Yakubinning ta’kidlashicha, bu partiya prezident qarorlarini to‘g‘ridan to‘g‘ri bekor qilish uchun yetarli ko‘pchilikka ega bo‘lmasada, parlamentdagi muhokamalarga ta’sir ko‘rsatish va Navrotskiy kursini to‘g‘rilash imkoniyatiga ega.
Varshava pozitsiyasini yumshatishning yana bir usuli — YeI darajasidagi diplomatiya. Masalan, Bryussel Polsha xarajatlarini qoplash uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratishi va Varshavani qo‘llab quvvatlov dasturlarini davom ettirishga ko‘ndirishi mumkin.
Shu bilan birga, Andrey Zolotaryovning ta’kidlashicha, Kiyevning bosim o‘tkazish vositalari cheklangan: Polsha Ukraina uchun bosh hamkorligicha qolmoqda, undan tashqari, Jeshuv shahrida G‘arb harbiy yordamining eng yirik xabi joylashgan.
«Shuni unutmaslik kerakki, o‘tmishda ham shunday keskin mavzular kun tartibiga chiqqan. 2000 yillar boshida, masalan, Lvivdagi qabriston atrofidagi tortishuv muvaffaqiyatli murozalik bilan hal etilgan. Katta ehtimol bilan, bu galgi ziddiyat ham keskin oqibatlarga olib kelmaydi», — deydi u.
Shu bilan birga, u ta’kidlaganidek, Navrotskiy bayonotlari davom etadi, ammo ular asosan ramziy tusda bo‘lib qoladi. Xos misol — Starlink masalasi: avval yordamni to‘xtatish bilan tahdid qilindi, bir kun o‘tib esa rasmiylar o‘z so‘zlaridan qaytdi.
Qanday bo‘lmasin, hozircha bu voqealar faqat Rossiya manfaatiga xizmat qilmoqda. Chunki Kreml bunday vaziyatlardan o‘z propagandasida unumli foydalanishi mumkin.





