
Jahon urushidan so‘ng tuzilgan «qalqon» darz ketdi: BMT moliyaviy inqiroz yoqasida
Antoniu Guterrishning aytishicha, a’zolik badallarining to‘lanmayotgani va amaldagi budjet qoidalari sababli tashkilot kasodga uchrash xavfi ostida turibdi.

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish tashkilot moliyaviy barqarorligi jiddiy xavf ostida ekanini e’lon qildi.
Uning ta’kidlashicha, a’zo davlatlar tomonidan majburiy badallarning o‘z vaqtida to‘lanmasligi va amaldagi budjet cheklovlari dasturlar ijrosiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Agar holat o‘zgarmasa, tashkilot iyul oyiga borib moliyaviy resurslarsiz qolishi mumkin.
BMT rahbariyati vaziyatdan chiqish uchun moliyaviy qoidalarni qayta ko‘rib chiqish zarurligini ta’kidlamoqda.
Guterrish 28-yanvar kuni a’zo davlatlarga yo‘llagan murojaatida inqiroz tobora chuqurlashayotganini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2025 yil yakuniga kelib majburiy badallar bo‘yicha qarzdorlik rekord daraja — 1,57 milliard dollarga yetgan. Bu esa BMTning asosiy dasturlari va tinchlikparvarlik faoliyatini to‘liq amalga oshirishga to‘sqinlik qilmoqda.
AQSH moliyaviy yordamining qisqartirishi
Moliyaviy qiyinchiliklar AQSH tomonidan qo‘llab-quvvatlov kamayganidan so‘ng yanada kuchaygan. BMTning asosiy donori hisoblangan Vashington tashkilot agentliklarini ixtiyoriy moliyalashtirishni keskin qisqartirgan. Shuningdek, AQSH muntazam budjet va tinchlikparvarlik operatsiyalari uchun mo‘ljallangan majburiy to‘lovlardan ham voz kechgan.
Muammolar fonida AQSH prezidenti Donald Tramp muqobil «Tinchlik kengashi»ni tuzish g‘oyasini ilgari surdi. Uning fikricha, yangi tuzilma qurolli mojarolarni tartibga solishda BMTdan ko‘ra samarali bo‘lishi mumkin.
A’zolik badallari va BMTning o‘rni
2025 yil yakuniga besh hafta qolganda 48 ta davlat a’zolik badallarini to‘liq to‘lamagan. Ular orasida AQSH va Rossiya ham bo‘lgan, Xitoy esa o‘z majburiyatlarini o‘z vaqtida bajargan. Keyinchalik Rossiya qolgan 71 million dollar qarzini to‘lagani ma’lum qilindi.
Majburiy badallar miqdori har bir davlat iqtisodiyotining ko‘lamiga qarab belgilanadi. AQSH tashkilot asosiy budjetining 22 foizini, Xitoy esa 20 foizini ta’minlab kelayotgan edi.
BMT 193 ta davlatni o‘zida birlashtiradi. Tashkilot xalqaro tinchlik va xavfsizlikni saqlash, inson huquqlarini himoya qilish, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga ko‘maklashish hamda gumanitar yordamni muvofiqlashtirish bilan shug‘ullanadi. U 1945 yilda, Ikkinchi jahon urushidan so‘ng yangi global mojarolarning oldini olish maqsadida tashkil etilgan.





