add

Jahonda o‘g‘il ko‘rishdan ko‘ra qiz farzand ko‘rish istagi tobora ortib bormoqda

21.06.2025 | 20:30295015

Shu paytgacha qiz bo‘lgani million-million homila uchun abort qilingan. Endi esa ota-onalar ko‘proq qiz farzand ko‘rishni istayotgani oydinlashmoqda.

Jahonda o‘g‘il ko‘rishdan ko‘ra qiz farzand ko‘rish istagi tobora ortib bormoqda
Bu ajablanarli voqea aytarli shov-shuvlarsiz ro‘y berdi. Homilaning jinsi qiz bo‘lagni uchun abort qilish amaliyoti keskin ravishda kamayayapti ekan. Bu odat ilk bor 1980-yillar oxirida ommalashdi, chunki arzon ultratovush apparatlari orqali homilaning jinsini osonlikcha aniqlash imkonli bo‘ldi. So‘ngra ko‘p farzand ko‘rishni xohlamagan (yoki Xitoyda bunga ruxsat bo‘lmagan) va o‘g‘il ko‘rishni juda istagan ota-onalar qiz homilalarni ommaviy ravishda abort qildirishni boshladi. Dunyo miqyosida 2000 yilda tug‘ilgan chaqaloqlar orasida, tabiiy jinsiy proporsiyadan kelib chiqilganda, taxminan 1,6 million qiz yetishmagan. Joriy yilda bu raqam 200 ming atrofida bo‘lishi kutilmoqda — va u yana qisqarib bormoqda bormoqda, deb yozadi The Economist nashri. O‘g‘il bolalarga nisbatan afzallik berilgan hududlarda bu tushkunlikning susayishi hayratomuz darajada tez kechmoqda. Tabiiy jinsiy nisbat – har 100 qizga nisbatan taxminan 105 o‘g‘il, chunki o‘g‘il bolalar bolaligida nobud bo‘lish ehtimoli yuqoriroq, bu esa reproduktiv yoshda muvozanatni ta’minlaydi. Homila tug‘ilishdagi jinsiy nisbat bir paytlar Osiyoda keskin buzilgan edi, hozirda vaziyat ancha barqarorlashgan. Xitoyda u 2006 yildagi eng yuqori daraja — har 100 qizga nisbatan 117,8 o‘g‘ildan o‘tgan yili 109,8 gacha tushdi, Hindistonda esa 2010 yildagi 109,6 ko‘rsatkich 106,8 gacha pasaydi. Janubiy Koreyada esa bu nisbat to‘liq normal holatga qaytdi — 1990 yilda 115,7 bo‘lgan edi. 2010 yili The Economist muqovasida qiz bolalarning ommaviy abortini «genotsidga teng jinsiy qirg‘in» degan sarlavha bilan chiqargan edi. Bu baloning global darajada pasayishi – katta ne’mat. Birinchidan, bu holat uni keltirib chiqargan qadriyatlarning ham so‘nib borayotganini ko‘rsatadi: ya’ni, erkak jinsli inson muhimroq, degan keskin e’tiqod va ba’zi madaniyatlarda qiz farzand eridan boshqaga xizmat qiluvchi bo‘ladi, degan tasavvur. Bunday jinsiy taassublar yo‘qolgani yo‘q, lekin ularning kamayib borayotganiga dalillar paydo bo‘lishi — ijobiy belgi. Ikkinchidan, bu haddan tashqari ko‘p erkaklar keltirib chiqargan salbiy oqibatlarning yengillashuvini anglatadi. Jinsga qarab abort qildirish millionlab erkaklarni abadiy bo‘ydoqlikka mahkum etdi. Xitoyda bundaylar «yalang‘och shohlar» deb ataladi va ular bu taqdirga qattiq e’tiroz bildirgan. Ular orasidagi tushkunlik jamiyat uchun xavfli bo‘lgan — yosh, kuchga tshlgan va bo‘ydoq erkaklar ko‘proq zo‘ravonlikka moyil. Osiyoning olti mamlakatida o‘tkazilgan tadqiqot homila tug‘ilishdagi jinsiy muvozanatning buzilishi barcha hollarda zo‘ravonlik — ayniqsa, zo‘rlash holatlarining ko‘payishiga olib kelganini ko‘rsatdi. Boshqa tadqiqotlar Xitoyda jinoyatchilik va uni nazorat qilish uchun avtoritar politsiyachilikning kuchayishi, boshqa davlatlarda esa ichki ziddiyatlar va hatto urush xavfining oshishi bilan bog‘ladi. O‘g‘il bolaga nisbatdagi afzallikning so‘nib borishi dunyoda xavfsizlikni oshiradi. Ba’zi hududlarda esa endi mutlaqo boshqacha qarash – qiz bolalarga nisbatdagi afzallik paydo bo‘lmoqda. Bu albatta ancha yumshoq. Ota-onalar halicha homila o‘g‘il bo‘lgani uchun abort qildirishmayapti. Hech bir katta davlatda qizlar soni halicha sezilarli tarzda ortiqcha emas. Lekin qiz bolaga nisbatan afzallik o‘sib borayotganini so‘rovnomalar va tug‘ish statistikasida ko‘rish mumkin. Masalan, Yaponiyada faqat bir farzand ko‘rishni istagan juftliklar ko‘proq qizni xohlaydi. Dunyo bo‘yicha ota-onalar odatda har ikkalasi — o‘g‘il va qizni istaydi. Lekin AQSH va Skandinaviyada ilk farzandlari o‘g‘il bo‘lsa, ota-onalar ko‘pincha yana farzand ko‘rishga qaror qiladi — demak, ular ko‘proq qiz tug‘ilishini xohlashadi. Qiz farzandni farzandlikka olish istagidagi juftliklar ham ko‘pincha bunga ko‘proq mablag‘ sarflaydi. IVF va jinsni tanlashga imkon beruvchi usullar orqali homiladorlikda ko‘proq ayollar qiz bolani tanlamoqda. Odamlar turlicha sabablar bilan qiz bolalarni afzal ko‘radi. Ba’zilar ularni tarbiyalash oson, deb hisoblaydi yoki ayollarga xos fazilatlarni qadrlaydi. Ayrim jamiyatlarda esa qiz farzand qariya ota-onaga qarashadi, degan tasavvur bor. Biroq qiz bolaga nisbatdagi yangi afzallik — o‘g‘il bolalarning kelajagiga nisbatan ortib borayotgan xavotirlarni ham aks ettiradi. O‘g‘il bolalar har doim ham ko‘proq muammoga duch kelgan: global miqyosda qamoqdagi odamlarning 93 foizi – erkaklar. Hozirgi kunda ko‘p joylarda qizlar ta’lim sohasida erkaklardan o‘zib ketgan. Rivojlangan davlatlarda yosh ayollarning 54 foizi oliy ta’lim darajasiga ega bo‘lsa, yosh erkaklar orasida bu ko‘rsatkich faqat 41 foizni tashkil etadi. Albatta, erkaklar hamon ko‘pchilikni tashkil etuvchi rahbarlik lavozimlarida ko‘p, ammo shu bilan birga jamiyatning past qatlamlarida ham ular ko‘p — o‘ziga berkilib, yotoqxonadan chiqmaydigan, hayotdan xafa bo‘lib qolgan yoshlarning ham aksariyati yigitlar. Hukumatlar o‘g‘il bolalarga xos muammolarga haqli ravishda e’tibor qaratmoqda. Chunki o‘g‘illar qizlarga nisbatan kechroq voyaga yetadi, shu bois ularni maktabga bir yil kechroq berish maqsadga muvofiq bo‘lishi mumkin. Boshlang‘ich maktablarda, deyarli mavjud bo‘lmagan, ko‘proq erkak o‘qituvchilar o‘g‘il bolalar uchun namuna bo‘lishi mumkin. Kasbiy ta’limni rivojlantirish esa erkaklarni an’anaviy ravishda cheklangan sohalar — masalan, shifokorlik yoki paramediklikka jalb qilishi mumkin. O‘g‘il bolalarga yordam beradigan siyosatlar qiz bolalarga ham zarar qilmaydi. Bu xuddi ko‘zi xira bo‘lgan odamga ko‘zoynak yozish uning yonidagi ko‘rish qobiliyati yaxshi insonga zarar bermagani kabi. Yanada muhimi — ko‘p ota-onalar tabiiy yo‘l bilan homiladorlikka erishib, homilaning jinsiy xususiyatlarini aniqlovchi arzon va qon asosidagi skriningdan foydalanishi ehtimoli ortib bormoqda. Bu testlar homilaning jinsini ham aniqlay oladi. Qiz ko‘rishni istagan ba’zi insonlar shu asosda tabletka orqali abort qildirishlari mumkin. The Economist liberal nashr sifatida odamlarga qay tarzda oila qurish kerakligini aytmoqchi emas. Lekin kelajakda jinsiy nomutanosiblik yana paydo bo‘lishi mumkinligini oldindan o‘ylab ko‘rish kerak: agar kelgusi avlodda ayollar soni sezilarli darajada ortib ketsa-chi? Bu holat ham erkaklar ko‘proq bo‘lgan holatga nisbatan yaxshiroq bo‘ladi. Ortiqcha ayollar jismoniy zo‘ravonlik qilmaydi. Hatto, ko‘pincha ayollar dunyosi tinchroq va yaxshi boshqariladi, deb taxmin qilish mumkin. Lekin agar ayollar mutlaq ko‘pchilikni tashkil etsa, ayrim erkaklar bu vaziyatdan foydalanib, juftlik munosabatlarida o‘zlarini kamroq majburiyatli yoki ko‘proq erkin tutsa, ajab emas. Bu esa ko‘pgina geteroseksual ayollar uchun juft topishni qiyinlashtiradi. Ularning ayrimlari umuman turmush qurolmasligi mumkin. Shu bois, qiz bolalarga qarshi yuritilgan «jinsiy urush»ning barham topayotganini olqishlang — va uning to‘liq yakun topishini ham tezroq kuting. Ammo keyingi bosqich mutlaqo oson yoki muammosiz bo‘ladi, deb ham o‘ylamaslik kerak.

Teglar

Mavzuga oid