add

Jahongir Bulbulo‘g‘li (Vladimir Solovyov) sindromi — siyosatshunos fikri

Bugun 13:154 daqiqa

Bu o‘zimizda ich-ichidan «Rossiya tezroq kelib bosib olsin, gugurt yana 1 tiyin bo‘lsin», deb yurganlarning zohiriy ovozidir va ular o‘z ichki saslarini Bulbulo‘g‘li (Solovyov) orqali ifoda qilishlaridir. Tashqaridagi dushman aniq, bizni ichkarimizdan o‘ymoqchi bo‘lganlarga qattiq ehtiyot bo‘lishimiz kerak.

Jahongir Bulbulo‘g‘li (Vladimir Solovyov) sindromi — siyosatshunos fikri

XIX asrda Chor Rossiyasini bizning hududlarni bosib olishga undagan va bu haqda tinmay tashviqot olib borgan («Bulbulo‘g‘li»ning eski prototitipi) Fyodor Dostoyevskiy shunday yozadi:

«Bizni g‘arbliklar odam o‘rnida ko‘rmaydilar, bizni doim pastga urishadi. Biz baribir ularning oldida “zoti past o‘ris, ikkinchi toifa odam” bo‘lib qolaveramiz. Lekin, O‘rta osiyoliklar bizni madaniyatli deb o‘ylashadi va ularning biz haqimizda deyarli tushunchasi yo‘q. Biz u yerni bosib olsak, ularning oldida oliy toifali, madaniyatli odam bo‘lib ko‘rinamiz. Shuning uchun ham u yerni bosib olishimiz kerak. Bizning pandavaqi generallarimiz nima qilayapti, hayronman. Men generallarimizni O‘rta Osiyoga hujum qilish uchun chaqiraman. Biz Yevropaliklar uchun madaniyatsiz bo‘lib, sharmanda bo‘lgandan ko‘ra, O‘rta Osiyoda madaniyatli odam sifatida ko‘ringanimiz yaxshi».

Fyodor Dostoyevskiyini ayblab yurardim, keyin bu fikrimdan voz kechganman. Sababi juda oddiy… o‘zimizni urib ketganidan. Dostoyevskiy bir daho va geosiyosiy o‘yinlarni tafakkur ko‘zi bilan ko‘ra olgan. Shuning uchun ham tafakkur odamlarining kasalligi bo‘lgan, dunyoga «men» emas «biz» ko‘zi bilan qaragan. Uning dardi Rossiya va uning kelajagi bo‘lgan. Biroq, u shuncha fidoyiligiga qaramasdan, ro‘shnolik ko‘rmagan va tizim uni hayotligidayoq itdan battar xor qilgan.

Aybni o‘zimizdan ko‘rishim, bizda uning bu yozganlari haqida o‘sha paytda muhokama qila oladigan qobiliyat, tafakkur va tushuncha ham bo‘lmaganligidir. Albatta, tamoman no‘noq bo‘lganmiz, deya olmayman, biroq, tafakkur qilgan va buni tilga chiqarib gapirganlar (bizda bundaylarni negadir muxolifat deb o‘ylaydilar va boshqaruvdagilarga tahdid sifatida ko‘riladi) yo otilgan, yo kesilgan, yo yo‘q qilingan.

Tushunchalar torligi, dunyo ishlaridan bexabarligimiz, o‘z botqog‘imizda botib qolganimiz, bizni baribir qullik zanjiriga soldi. Boshqacha bo‘lishi mumkin edimi o‘zi? Bu savol ochiq savol, istagancha chaynang, istagancha yulqilab torting, na yuta olasiz, na uza.

Qariyb 200 yillik kolonial o‘tmishimiz bor. Zehn va salohiyat ham shunga yarash, qullik zanjirining uzunligidan kalta bo‘lsa, kaltaki, aslo uzun emas. Qullik tafakkuri shunchalikki, hatto eng yaqinlaringizdan ham «o‘sha paytda gugurt 1 tiyin bo‘lgan» falsafasini kunda kunora eshitasiz.

Bunday qullik fitrati dominantligi ozod bo‘lganimizga 30 yil bo‘lgan bo‘lsa ham hali beri yashab kelmoqda. Buning ham sababi oddiy – boshqaruv xalqni rozi qila olmadi, uning haqqini yana yedi. Qullik tafakkuridan ozod bo‘lish, oidlik ruhi, erkin fikr, saylash va saylanish, taraqqiyot simpatiyasi, o‘zlik hissi va yana bir qancha xalqning haqqi bo‘lgan anglayishni xalqqa taqdim qila olmadi, bera olmadi. 2016 yilgacha bo‘lgan 27 yillik tarix bizni yana erkin tafakkurdan majruh qilib qo‘ydi.

Haqiqatda 2016 yildan keyingi tafakkurimizda ancha o‘nglanish bor. Buni tan olmasdan iloj yo‘q. Nimalarnidir o‘zgartirishga harakat qilayapmiz: eng kamida xalqaro siyosat, muhit va geosiyosatni o‘z ona tilimizda muhokama qila olayotganimiz 27 yillik zulmat tafakkuriga qiyosan, katta yutuq. Harholda, Bulbulo‘g‘lining bizga nisbatan aytgan gaplarini ochiq muhokama qila olayapmiz.

Biroq, bu yetarlimi?

Mendan so‘rasangiz — aslo! Kamchiliklarimiz, ayniqsa, boshqaruvdagi kamchiliklarimiz haddan ziyod. Albatta, 200 yillik qullik, 27 yillik tafakkur zulmati va turg‘unlik davrini qisqa muddatda hal qilib tashlashning ham iloji yo‘q. Biroq, shimoldan bizga tomon yangrayotgan bunday poxoldo‘qlarini, kamsitish siyosatiga jim turish siyosatini ham oqlab bo‘lmaydi. Boshqaruv bunday gaplarga ochiq va kerakli bo‘lgan munosabatini bera olishi, tezroq xalq va boshqaruv o‘rtasidagi farqni yo‘qotishga harakat qilishi, aytilayotgan erkin, taraqqiyotga xizmat qiluvchi fikrlarni muxolif emas, eshitish kerak bo‘lgan tanqid sifatida o‘rganishi kerak.

Bu qanchalik tez bo‘lsa, shunchalik yaxshi.

SSSR degan qullik zanjiridan ozod bo‘lgan hududlar orasida, O‘zbekiston va Qozog‘iston bilan birga, boshqa qo‘shni davlatlar o‘z yo‘liga ega bo‘layotgani, endi bu hududlar global dunyoda katta ahamiyat kasb etayotgani, kelajagi haqiqatda yuksak taraqqiyot va marralar uchun ochilib borayotgani, agar shunday mantiqli siyosat davom etsa, o‘ylamasdan qilgan ahmoqliklari uchun dunyodan uzib tashlanayotgan va oxir-oqibat parchalanishga mahkum bo‘lgan Rossiyani chindan qo‘rqita boshladi va bu unga kamsitilish, tashlandiqlik hissini berayapti. Shuning uchun tuturiqsiz bayonotlar bilan o‘zining borligini his qildirish va tahdid yo‘lidan foydalanish bir chora sifatida ko‘rilmoqda.

Gapni uzaytirishmizdan foyda yo‘q, menimcha. Aksar odamlarimiz gap nimada ekanligini allaqachon anglab ulgurdi. Bizdan talab qilinadigani, vaqt yo‘qotmaslik va XIX asrda qilingan xatoga yana tushib qolmasligimizdir. Zero, bugun dunyoning istalgan burchagida nima bo‘layotganini soniyalar ichida bilib oladigan davrda yashayapmiz. Bu esa bizda berilgan katta ne’matdir. Harakatlarimiz ham shunga yarasha bo‘lishi lozim. Tashqaridagi dushman aniq, bizni ichkarimizdan o‘ymoqchi bo‘lganlarga qattiq ehtiyot bo‘lishimiz kerak.

Fazliddin Madiyev,

siyosatshunos

Teglar

Mavzuga oid