
Jarima ballari: raqamlashgan nazoratmi yoki haydovchilar uchun yangi sinov?
O‘zbekistonda 2026 yil apreldan boshlab jarima ballari tizimi raqamlashtiriladi. Ammo avtobloger va advokat Kamoliddin Baxavadinov fikricha, tizimdagi texnik xatoliklar hal etilmasa, haydovchilar asossiz jarimalar va sud orqali sarsonlikka duch kelishi mumkin.

O‘zbekistonda jarima ballari tizimi 2025-yilning 1-iyunidan boshlab amalda. Hozircha bu tizim faqat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari tomonidan rasmiylashtirilgan bayonnomalar asosida ishlamoqda.
Ammo yangi tartibga ko‘ra, 2026-yil 1-apreldan boshlab avtomatlashtirilgan foto va video tizimlar ‑ ya’ni kamera va radarlar orqali qayd etilgan qoidabuzarliklar uchun ham haydovchilar hisobiga jarima ballari sifatida yozila boshlaydi.
Mutasaddilar bu tizim yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, o‘lim holatlarini kamaytirish va qoidabuzarliklarning oldini olishga xizmat qilishini aytishmoqda. Endi jarima ballari nafaqat transport vositasi egasiga, balki uni ishonchnoma, sug‘urta polisi yoki yo‘l varaqasi orqali boshqarayotgan shaxslarga ham taalluqli bo‘ladi.
Ammo bu qaror hammasini hal qiladimi? Ayrim bandlar hali ham ochiq qolmoqda. Avtobloger va advokat Kamoliddin Baxavadinov bu borada o‘z fikrlarini bildirdi.
Kamoliddin Baxavadinov fikrlari:
«Endi jarima ballari hisoblanadigan bo‘lsa, demak, avvalgi 1 aprel sanasidan boshlab endi kameralar ham ma’muriy o‘zgarishlarni qayd etadi, aniqrog‘i, baholaydi. Ammo bu yerda hammasi biz xohlagandek ideal emas. Oddiy misol keltiraman — keling, Vazirlar Mahkamasining shu qarori doirasida ball qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan qoidabuzarliklardan birini olamiz. Bu Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128³-moddasi — tezlikka amal qilmaslik.
bugungi kunda «pogreshnost» masalasi — men yana shu nuqtaga qaytaman — transport vositalari uchun belgilangan va keyinchalik Qonunchilik palatasiga kiritilgan. Ya’ni, chegiriladigan kilometrlar 5 dan 10 kilometrga o‘zgartirilishi masalasi ko‘rib chiqilgan edi. Dunyo amaliyotida transport vositalarining shinasidan tortib, spidometrdagi xatoliklarini inobatga olib, 20 kilometrgacha «pogreshnost», ya’ni xato chegarasi belgilangan. Ammo O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich 5 kilometr qilib belgilangan.
Qaysi mezonlar asosida bu shunday belgilangani esa bizga noaniq. Aynan mana shu 5 kilometrlik «pogreshnost» sababli bugungi kunda haydovchilar o‘zlari xohlamagan holda texnik xatolik qurboniga aylanmoqda. Buning oqibati esa jarima bo‘lmoqda.
Endi tasavvur qiling, siz soatiga 60 km tezlikda harakatlanish belgilangan joyda, dehlik, 66 km tezlikda harakatlandingiz. Bu holat sizning xohishingizga bog‘liq bo‘lmasligi mumkin — shina o‘lchami, spidometrdagi yoki uzatish qutisidan kelib chiqqan xatolik sabab bo‘lishi ehtimoli bor. Natijada sizga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128³-moddasi asosida ma’muriy bayonnoma rasmiylashtiriladi va 0,5 ball yoziladi.
Endi savol: «Pogreshnost» masalasi hal bo‘lmagan bir paytda, 5 kilometrlik chegara asosida odamlarni jarimaga tortish adolatlimi? Bu holatda har qanday qoidaga amal qiluvchi fuqaro qisqa fursat ichida 12 ball to‘plab qo‘yishi mumkin. Bu esa o‘z-o‘zidan haydovchilik guvohnomasidan mahrum bo‘lishga, keyin esa amaliyotiy va nazariy imtihonlarni qayta topshirishga, iqtisodiy chiqimlarga olib keladi.
Bu — birinchi e’tiroz. Keyingisi — 128⁴-modda. Bu modda transport vositalari haydovchilarining svetoforning taqiqlovchi signaliga yoki harakatni tartibga soluvchining taqiqlovchi ishorasiga bo‘ysunmasdan to‘xtash chizig‘ini bosib o‘tishi haqida.
bugungi kunda eng ommalashgan jarimalardan biri — bu sariq signalga chorrahani kesib o‘tish bilan bog‘liq holat. Kameralar jonsiz, ular faqat holatni qayd etadi. Ammo qonun ijrosi bo‘yicha mas’ullar, ya’ni ma’muriy amaliyot bo‘limida inson omili bor: haydovchi haqiqatda qoida buzdimi? Sariq signalga o‘tar ekan, boshqa ishtirokchilarga xalaqit berdimi? Avariyaviy holat yaratdimi?
Qonunga ko‘ra, sariq signalga ham ayrim sharoitlarda o‘tish mumkin — agar to‘xtash chizig‘i oldida keskin to‘xtash imkoni bo‘lmasa. Ammo bugungi kunda shunday holatda ham haydovchilarga jarima yozilmoqda.
Kamera buni qayd etsa, avtomatik ravishda 1 ball beriladi. Bunday holat oy davomida o‘n marta takrorlanishi mumkin va haydovchi faqat bir oydayoq 10 ball to‘playdi. Demak, yil kutmay, ikki oydayoq 12 ball yig‘ilishi mumkin. Bu qanchalik adolatdan?
Agar haydovchi sariq signalda chorrahani xavfsiz tarzda kesib o‘tgan bo‘lsa, bunda jamiyat uchun xavf darajasi qay darajada? Bu masalaga tahlilsiz yondashish mumkin emas.
Keyingi modda — 128⁵. Bu transport vositasini boshqarishda boshqalarga xalaqit berish, avariyaviy holat yaratish yoki qarshilik tomonga chiqish haqida.
Tasavvur qiling, yo‘lda chuqurlik yoki to‘siq bor, haydovchi uni chetlab o‘tish uchun qisman qarshi tomonga chiqdi — kamera esa buni «qarshi harakat» deb baholaydi va jarima yozadi.
Siz esa buning aksini isbotlash uchun vaqt sarflaysiz. Sudlarga yuklama ortadi, minglab haydovchilar ariza yozadi. Sudlar bu oqimga tayyormi?
Demak, kameralar faqat qayd etadi, lekin qaror chiqarayotganlar odamlar. Ular har bir holatni o‘rganishi kerak. Agar bu ish amalga oshmasa, «yarim O‘zbekiston qoidabuzarga aylanadi».
Shu bilan birga, kameralar va radarlarning texnik holati haqida ochiq ma’lumot yo‘q. Ularning sertifikati bormi? Oxirgi tekshiruv qachon bo‘lgan? Buni haydovchi qayerdan bilishi mumkin? Onlayn ma’lumotlar bazasi yo‘qligi ham savollar uyg‘otadi.
Natijada shunday tizim joriy etilsa-yu, lekin uning mexanizmi xalq va mamlakat realligiga moslashtirilmasa, bu katta norozilikka olib keladi. Sudlarga ortiqcha yuklama tushadi, haydovchilar ommaviy ravishda jarimalarga qarshi da’vo qila boshlaydi.
Shaxsan men har qanday yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlaydigan amaliyotni qo‘llab-quvvatlayman, ammo uning mexanizmi mamlakat kesimida moslashtirilishi kerak. Mamlakatga odamlarga moslashtirilishi kerak, chunki savol tug‘iladi: balli tizimga qanchalik zarurat bor edi? Odamlar tayyormi? Jamiyat tayyormi? Sud bunga tayyormi? Mexanizmi qanchalik mukammal? Ura-ura joriy qilinayotgan qoidalar odamlarning katta e’tiroziga saba bo‘lishi mumkin va yuqorida aytganimdek sudlarga ortiqcha yuklama paydo bo‘ladi. Ya’ni har 3 ta odamning 2 tasi yoki 2 ta odamning 1 tasi sudlashishga majbur bo‘ladi. Chunki hech kim asossiz ravishda jarima bali ishlab olishni va haydovchilik vositasini boshqarish huquqidan mahrum bo‘lishni istamaydi», — deydi mutaxassis.
Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash uchun xalqaro tajribada o‘zini oqlagan bunday mexanizmlarning joriy etilishi, albatta, ijobiy. Chunki raqamlashtirish orqali inson omilidan xoli nazorat tizimini yaratish — tartib va adolatni kuchaytiradi.
Ammo shu bilan birga, savol ham o‘rinli: bunga nafaqat haydovchilar, balki tizimning o‘zi — sudlar, ma’muriy jarima organlari va hatto texnik infratuzilma tayyormi? Chunki jarima ballari shunchaki raqam emas — ular inson taqdiriga, haydovchilik huquqiga, hatto oilaviy daromadga ham bevosita ta’sir qiladi. Shu bois, bu tizim faqat jazo emas, yo‘llarda tartibni ta’minlash, harakatga adolatli baho nerish mexanizmi sifatida ishlashi zarur.






