
Kelgusi 4 yilda oliy ma’lumotli imom-xatiblar ulushi 80 foizga yetkaziladi
«O‘zbekiston–2030» strategiyasining yangi tahriri loyihasida ta’lim, diniy-ma’rifiy soha va xalq diplomatiyasida aniq raqamli maqsadlar belgilandi.

«O‘zbekiston–2030» strategiyasi loyihasida jamiyatda millatlararo totuvlikni mustahkamlash, ma’naviy-ma’rifiy sohani rivojlantirish hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan qator maqsadli ko‘rsatkichlar belgilandi. Hujjatda ta’lim va diniy sohada kadrlar salohiyatini oshirish ustuvor vazifalardan biri sifatida qayd etilgan.
Loyihaga ko‘ra, kelgusi to‘rt yil ichida diniy-ma’rifiy sohada faoliyat yuritayotgan imom-xatiblar orasida oliy ma’lumotli kadrlar ulushini 80 foizga yetkazish rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, oliy diniy ta’lim muassasalarida ilmiy salohiyatni kuchaytirish ham nazarda tutilgan. Xususan, PhD va DSc ilmiy darajasiga ega bo‘lgan o‘qituvchi va tadqiqotchilar ulushini 35 foizga yetkazish maqsad qilingan.
Ta’lim sohasida yana bir muhim yo‘nalish sifatida xorijiy tillarda ta’lim beriladigan davlat ta’lim muassasalari kutubxonalarida o‘zbek adabiyotining tarjima asarlari qamrovini 60 ming nusxaga yetkazish belgilangan.
Ilmiy yo‘nalishda esa millatlararo munosabatlar mavzusida yuqori impakt-faktorga ega xalqaro va mahalliy jurnallarda chop etiladigan ilmiy-ommabop maqolalar sonini 300 taga yetkazish rejalashtirilgan. Maqolalar Oliy attestatsiya komissiyasi ro‘yxatidan o‘tgan nashrlarda e’lon qilinishi ko‘zda tutilmoqda.
Qayd etilishicha, xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalarni mustahkamlash doirasida ularning farzandlari uchun o‘zbek tilini o‘rgatishga ixtisoslashgan o‘quv markazlari sonini 62 taga yetkaziladi. Shuningdek, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan «Chinor» va «Anor» dasturlari ishtirokchilari sonini 1 800 nafargacha oshirish maqsad qilingan.
Bundan tashqari, tashqi hamkorlik va xalq diplomatiyasi yo‘nalishida birodarlashgan shaharlar sonini 120 taga yetkazish rejalashtirilgan.





