add

Korrupsion jinoyatlar: davlatga yetkazilgan zarar hajmi ikki baravar oshdi

25.09.2025 | 19:00304918

So‘nggi ikki yilda korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlar keskin ko‘paydi. Hududlar kesimida Andijon viloyati yetakchilikni saqlab qolmoqda. Ta’lim va sog‘liqni saqlash esa korrupsiyaning asosiy «o‘chog‘i»ga aylandi.

Korrupsion jinoyatlar: davlatga yetkazilgan zarar hajmi ikki baravar oshdi
O‘zbekistonda korrupsiya muammosini har sohada uchratishimiz mumkin. Ayniqsa, so‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda qurilishdagi kadastr masalasi bilan bog‘liq tadbirkorning iddaolari shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Ochiq muloqotda tadbirkor Usmonjon Abdusamatov «Toshkentda bitta uy uchun 200 ming dollargacha xarajat bor» degan da’vo bilan chiqqan edi. Shuningdek, Qurilish vazirligi uning ustidan IIVga rasmiy shikoyat yo‘llagani haqida xabar bergan edik. Bu esa OAV vakillari, jamoatchilik faollari va blogerlar orasida tanqidlarga sabab bo‘ldi. Biznes-ombudsman ham holat yuzasidan tadbirkor huquqlarining to‘liq himoya qilinishini ta’minlashini ma’lum qildi. Lekin bu holat ko‘rinmas bo‘lib «panada yotgan» muammolarga oyna tutib berdi. [caption id="attachment_18321" align="aligncenter" width="633"]Corruption 01 Infografika: Vaqt.uz[/caption] Umuman olganda, O‘zbekistonda korrupsiya holatlari so‘nggi 2 yilda ikki baravar oshgan. Xususan, 2024 yilda korrupsiyadan davlat manfaatlariga yetkazilgan zarar 2,81 trln so‘m bo‘lsa, 2023-yilda 1 trln 4 trln so‘mni tashkil qilgan. Bu faqatgina rasman aniqlangan raqamlar, baxtga qarshi «tutqich bermaydigan» korrupsionerlar ham talaygina.   Korrupsiya jinoyatlari statistikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasida 16 sentyabr kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov 2024 yildagi korrupsiyadan davlat manfaatlariga yetkazilgan zararlar to‘g‘risida ma’ruza qildi. Unga ko‘ra, o‘tgan yili korrupsiya bilan bog‘liq 4 ming 649 ta jinoyat uchun 7 ming 354 nafar shaxs javobgarlikka tortilgan. Ularning 1 ming 525 nafari yoki 20 foiziga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.  Sudlanganlar soni 2023 yilga (6 ming 535 ta) nisbatan 12,5 foiz, bunday jinoyatlar soni esa qariyb 13 foiz (4 ming 128 ta) oshgan. Ya’ni barcha holatlarda korrupsiya miqdori oshib, holat yomonlashgan.   Hududlar kesimida ko‘rsatkich qanday? Korrupsion jinoyatlar oqibatida davlat manfaatiga yetkazilgan zararlar bo‘yicha yana Andijon viloyati yetakchi. Viloyatda korrupsion holatlar ortidan davlatga 680 mlrd so‘m zarar yetkazilgan. Qizig‘i, 2023 yilda ham 243 mlrd so‘m yetkazilgan zarar bilan Andijon viloyati mutlaq yetakchi edi. Demak, viloyat nafaqat korrupsion yetakchilikni hech kimga bermagan, balki jinoyatlar zarari ham 2,8 karra oshgan. Qisqa qilib aytganda, Andijon viloyati korropsiyaga oid jinoyatlarda ham yetkachilikni hech kimga bermayapti.    [caption id="attachment_18322" align="aligncenter" width="633"]Corruption 02 Infografika: Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi[/caption] Ma’lumot uchun, Andijon viloyatи Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining ochiqlik индексида ham eng past o‘rinda edi. Jinoyatlar kesimida qaraydigan bo‘lsak, vaziyat biroz kutilmagan manzarani ko‘rsatmoqda. 2024 yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, Andijondan keyin korrupsion jinoyatlar soni bo‘yicha Namangan viloyati ikkinchi o‘rinda qayd etilgan. Namangan viloyatida jami 877 ta korrupsion holat aniqlangan bo‘lib, ular oqibatida 308 mlrd so‘mlik zarar yetkazilgan. Shuningdek, Toshkent viloyatи ham yuqori uchlikdan joy olgan. Hududda 697 ta korrupsion jinoyat qayd etilib, ular viloyat iqtisodiyotiga         332 mlrd so‘m zarar keltirgan. Iqtisodchi Otabek Bakirov fikricha, barcha resurslar Toshkentdan taqsimlanishi va katta korrupsion daromadlar poytaxtga yo‘nalishiga qaramay, ayni shu hududda sudlanganlar soni yetakchi viloyatlardagidan deyarli ikki barobar kam. Uning ta’kidlashicha, bu holat qaysi yo‘nalishlarga asosiy e’tibor qaratilganini ko‘rsatib turibdi. O‘zbekistonda hududlar bo‘yicha korrupsiyada ayblanganlar soni quyidagicha:  

Hudud

Sudlangan shaxslar soni

Samarqand viloyati

643

Qoraqalpog‘iston Respublikasi

554

Toshkent shahri

392

Toshkent viloyati

697

Surxondaryo viloyati

396

Buxoro viloyati

400

Navoiy viloyati

366

Namangan viloyati

877

Sirdaryo viloyati

517

Xorazm viloyati

157

Jizzax viloyati

266

Farg‘ona viloyati

512

Andijon viloyati

882

Qashqadaryo viloyati

695

Respublika

7354

Jadval Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ma’lumotlari asosida tayyorlandi Hududlarning aksariyatida sudlanganlar sonining o‘sishi qayd etilgan. Bu o‘sish, ayniqsa, Samarqand viloyatida (+73 foiz), Qoraqalpog‘istonda (+52 foiz) va Toshkent shahrida (+31 foiz) sezilarli bo‘ldi. Qashqadaryo (-14,5 foiz), Andijon (-9,2 foiz) va Farg‘ona viloyatlarida (-2,5 foiz) pasayish kuzatildi.   Sohalar kesimida natijalar qanday?

Sohalar

2023 2024
Maktabgacha va maktab ta’limi

474

654

Sog‘liqni saqlash

299

342

Banklar

323

271

Bandlik

66

202

Elektr tarmoqlari

116

111

Mahalliy hokimiyat organlari

250

106

Oliy ta’lim

112

90

Gaz ta’minoti

148

83

Suv ta’minoti

59

76

Kadastr

86

68

Nodavlat notijorat tashkilotlar

35

39

Qishloq xo‘jaligi

46

36

Transport

-

26

Xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar 210

244

Jadval Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ma’lumotlari asosida tayyorlandi Sohalar kesimida korrupsion jinoyatlarni tahlil qiladigan bo‘lsak, ta’lim tizimi eng og‘ir manzarni ko‘rsatmoqda. 2023 yilda 474 nafar shaxs sudlangan bo‘lsa, 2024 yilda bu ko‘rsatkich 654 nafarga yetgan. Ya’ni bir yil ichida 180 ta ortiqcha jinoyat qayd etilib, 38 foizlik o‘sish kuzatilgan. Bu esa ta’lim sohasida mablag‘larni taqsimlash va jarayonlarni boshqarishda shaffoflik yetishmasligidan dalolat beradi. Sog‘liqni saqlash tizimida ham o‘sish kuzatilgan. 2023 yilda 299 ta holat qayd etilgan bo‘lsa, 2024 yilda ularning soni 342 taga yetgan. Ya’ni 43 taga ko‘payish, bu esa taxminan 14,4 foizlik o‘sishni tashkil qiladi. Demak, tibbiy xizmat, dori-darmon ta’minoti  va  holatlarda ham korrupsiya yetarlicha uchramoqda. Banklar bo‘yicha esa manzara biroz boshqacharoq. 2023 yilda 323 kishi javobgarlikka tortilgan bo‘lsa, 2024 yilda ularning soni 271 nafarga tushgan. Shunga qaramay, banklar hanuz moliyaviy oqimlar markazida bo‘lib, korrupsiya xavfidan to‘liq xoli emas. Umuman olganda, sohalarga qarab farq qilayotgan bu ko‘rsatkichlar tizimdagi muammolarning qay darajada chuqur ekanini ochiq ko‘rsatmoqda. Ta’lim va sog‘liqni saqlashda sonlarning oshishi jamiyat uchun ogohlantiruvchi signal bo‘lsa, bank va moliya tizimidagi kichik miqdordagi qisqarish sohani hanuz eng yuqori uchlikdan pastga tushira olmayapti. Eslatib o‘tamiz, avvalroq bank xodimlari oylik kamligi uchun korrupsiya qilayotganini aytgan edi. Vaholanki, O‘zbekistonda eng ko‘p daromad oluvchilar bank va moliya sohasi vakillari deb baholangan.  

Eng ko‘p sodir etilgan korrupsiya jinoyatlari

Jinoyat turi 2024
O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish

4189

Firibgarlik

1191

Pora olish

187

Pora berish

1086

Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish

188

Mansab soxtakorligi

106

Jadval Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ma’lumotlari asosida tayyorlandi 2024 yilda qayd etilgan korrupsiyaga oid jinoyatlar statistikasi mamlakatda bu muammo hali ham jiddiy darajada saqlanayotganini ko‘rsatmoqda. Jinoyatlar orasida eng ko‘p uchragani — o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish holatlari bo‘lib, ularning soni 4 ming 189 tani tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich korrupsiyaning asosan moliyaviy mablag‘larni noqonuniy egallash yo‘li bilan amalga oshirilayotganidan dalolat beradi. Firibgarlik jinoyatlari ham yuqori ko‘rsatkich bilan qayd etilgan — 1 ming 191 ta holat. Bu turdagi jinoyatlar asosan aldov va ishonchdan foydalanib mol-mulkka ega bo‘lish yo‘li bilan sodir etilgan. 2024 yilgi ma’lumotlar orasida eng qiziqarli manzara shundaki, pora berish bilan bog‘liq jinoyatlar soni 1 ming 086 ta bo‘lgan bo‘lsa, pora olish holatlari atigi 187 ta holatda qayd etilgan. Ya’ni pora berish holatlari qariyb olti baravar ko‘p ro‘yxatga olingan. Bu ko‘rsatkichlar o‘rtasidagi katta tafovut jinoyatlarni hisobga olishda nomutanosiblik borligini anglatadi. Chunki har bir pora berishda uni qabul qiluvchi shaxs ham bo‘ladi. Demak, huquqni muhofaza qiluvchi organlar ko‘proq pora beruvchilarni aniqlayotgan, ammo pora oluvchilar ko‘p hollarda hisobdan chetda qolmoqda. Bu esa ikki narsani ko‘rsatishi mumkin: yoki tergov va statistikada asosiy urg‘u «taklif qiluvchi»ga qaratilmoqda, yoki pora qabul qilganlar ko‘p hollarda jazodan qutulib qolmoqda. Har ikki holatda ham korrupsiyaga qarshi kurashda muvozanatsizlik yuzaga kelmoqda. Shu sababli, tizimli kurash uchun pora beruvchi ham, pora oluvchi ham teng darajada javobgarlikka tortilishi zarur. Aks holda raqamlardagi bu nomutanosiblik korrupsiyaning haqiqiy ko‘lamni to‘liq aks ettirmaydi. Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish bo‘yicha 188 ta holat aniqlangan. Bu esa ayrim mansabdor shaxslarning qonun bilan berilgan huquq va imkoniyatlardan o‘z manfaati yo‘lida foydalanayotganini ko‘rsatadi. Mansab soxtakorligi — rasmiy hujjatlarni qalbakilashtirish bilan bog‘liq holatlar esa 106 tani tashkil etdi. Bu eng kam qayd etilgan korrupsiya turi bo‘lsa-da, uning salbiy ta’siri juda katta, chunki soxta hujjatlar orqali katta moliyaviy yoki huquqiy oqibatlar yuzaga kelishi mumkin. Hisobotga ko‘ra, korrupsiyaga oid jinoyatlar sonining ortishi faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyati kuchaygani bilan emas, balki vazirlik va idoralarda ichki nazorat tizimlari samarasiz ishlayotgani bilan ham bog‘liq. Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vaqt.uz «Fikr vaqti» ko‘rsatuvida O‘zbekistondagi maishiy va «gapirilmaydigan» elitar korrupsiya, shuningdek unga qarshi kurash yo‘llari haqida ma’lumot berilgan edi. Mahliyo Hamidova tayyorladi.

Teglar

Mavzuga oid