
Korxonalarning 78,5 foizi MCHJ: nega ko‘p hollarda bu shakl tanlanadi?
O‘zbekistonda tadbirkorlik sub’ektlari tarkibida mas’uliyati cheklangan jamiyatlar yetakchilik qilmoqda. Vaqt.uz MCHJ faoliyatining afzallik va kamchiliklari to‘g‘risida so‘z yuritadi.

Milliy statistika qo‘mitasiga ko‘ra, 2025 yil 1-dekabr holatida O‘zbekistonda 405,5 mingta tijorat tashkiloti faoliyat yuritmoqda. Ularning asosiy qismi — 318,3 mingtasini mas’uliyati cheklangan jamiyatlar tashkil etib, bu umumiy korxonalar sonining 78,5 foiziga yetdi.
Tadbirkor o‘z biznesini boshlashdan avval qonunchilik talablariga ko‘ra, uni davlat ro‘yxatidan o‘tkazadi va tegishli tartibda soliq to‘lab boradi. O‘zbekistonda tadbirkorlik sub’ektlari faoliyat turi va ko‘lamiga qarab jismoniy shaxs (o‘zini o‘zi band qilish, yakka tartibdagi tadbirkor) yoki yuridik shaxs (MCHJ, aksiyadorlik jamiyati, xususiy korxona, oilaviy korxona va boshqalar) sifatida ro‘yxatdan o‘tib, faoliyat boshlaydi.
Yuqorida keltirilgan raqamlar O‘zbekistonda biznes tashkil qilishda eng ommabop tashkiliy-huquqiy shakl — MCHJ ekanini ko‘rsatyapti. Quyida faoliyat yuritayotgan va yangi tashkil etilayotgan korxonalarning katta qismi tanlayotgan MCHJ tashkiliy-huquqiy shakli haqida batafsil so‘z yuritamiz.
MCHJ paydo bo‘lish tarixi
Mas’uliyati cheklangan jamiyat tadbirkorlar ehtiyojidan kelib chiqqan gibrid biznes modeli sifatida shakllangan. U ilk bor XIX asr oxirida Yevropada, xususan 1892 yilda Germaniyada joriy etilgan. AQSHda esa MCHJ ilk bor 1977 yilda Vayoming shtatida qonuniylashtirilgan.
MCHJ tadbirkorlikda mavjud ikki asosiy muammoni hal qilish zaruratidan kelib chiqqan. Birinchi sabab — biznes egalarining shaxsiy mulkini korxona qarzlari va majburiyatlaridan himoya qilish ehtiyoji edi. Bungacha ko‘p hollarda tadbirkor o‘z shaxsiy mulki bilan javobgar bo‘lgan. Misol uchun, ayni paytda O‘zbekistonda amaldagi tartibga ko‘ra, yakka tartibdagi tadbirkorlar biznes qarzlari va boshqa majburiyatlari uchun shaxsiy mol-mulki bilan javob beradi.
Ikkinchi sabab esa korxonalar uchun ikki karra soliqqa tortilishdan qochish va soliq yukini kamaytirish istagi bo‘ldi. Shuningdek, MCHJ tadbirkorlarga boshqaruvda katta erkinlik, kamroq byurokratik talablar va biznesni tez moslashtirish imkonini berishi uchun joriy etilgan.
MCHJ faoliyatining xususiyatlari
Mas’uliyati cheklangan jamiyatlarning faoliyati va tashkil etilishida deyarli hech qanday cheklovlar mavjud emas. MCHJ qonunchilikda taqiqlanmagan har qanday faoliyat turi bilan, shu jumladan, eksport va import operatsiyalari bilan ham shug‘ullanishi mumkin. Ayrim faoliyat turlari uchun qo‘shimcha litsenziya va ruxsatnomalar olish talab etiladi.
Ta’sischilar, rahbar va ustav fondi
MCHJ ta’sischilari jismoniy yoki yuridik shaxslar, shuningdek, xorijlik shaxslar bo‘lishi ham mumkin. Ta’sischilar soni 1 nafardan 49 nafargacha bo‘lishi mumkin. Ta’sischilarning vakolatlari, huquq va majburiyatlari «Mas’uliyati cheklangan jamiyatlar to‘g‘risida»gi qonunda ko‘rsatilgan bo‘lib, ular ta’sis hujjatlarida ham qo‘shimcha ravishda belgilanishi mumkin. Har qanday jismoniy shaxs MCHJ rahbari bo‘lishi mumkin va buning uchun u ta’sischilardan biri bo‘lishi shart emas.
MCHJ ustav fondining (kapitalining) eng kam miqdori litsenziya talablarida belgilanishi mumkin. Ustav fondining miqdori qonun bilan cheklanmaydi, uni shakllantirish hajmi va shartlari ta’sischilar tomonidan mustaqil ravishda belgilanadi. Ko‘p hollarda ustav kapitali miqdorini hisoblash uchun korxonaning taxminan 6 oylik xarajatlarini hisobga olish tavsiya qilinadi.
Xodimlarni yollash va soliq hisobotlari
MCHJ xodimlarni nafaqat mehnat shartnomalari, balki fuqarolik-huquqiy shartnomalar bo‘yicha ham, soni bo‘yicha ham hech qanday cheklovlarsiz ishga qabul qiladi. Shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘z-o‘zini band qilgan tadbirkorlar bilan ham ishlashga ruxsat beriladi.
MCHJda soliqqa tortish, hujjat aylanmasi hamda soliq va statistik hisobotlar ancha murakkabroq bo‘lgani sababli buxgalter yollash yoki buxgalteriya kompaniyasi bilan ishlash tavsiya etiladi.
Afzalliklar va kamchiliklar
MCHJning afzalliklari sifatida har qanday faoliyat turiga ruxsat berilishi, xodimlarni soni bo‘yicha cheklovsiz yollash imkoniyati hamda ta’sischilar MCHJdagi majburiyatlari bo‘yicha o‘zlarining shaxsiy mol-mulki bilan javob bermasligi keltiriladi.
Shu bilan birga, MCHJning bir qator kamchiliklari ham mavjud. Jumladan, dividend (foydadagi ulush) sifatida taqsimlanishi mumkin bo‘lgan daromad yilning har choragida yoki yilda bir marotaba MCHJ ustaviga va uning ta’sischilarining qaroriga muvofiq taqsimlanadi. Taqsimlangan dividendlar ham qo‘shimcha soliqqa tortiladi. Bundan tashqari, soliq va statistik hisobotlar murakkabligi bois buxgalteriya xizmati talab etiladi.
Ma’lumot o‘rnida, prezidentning tegishli qarori bilan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlaridan 34 tasi kelgusi yilda ro‘yxatdan chiqariladi. 2026 yil 1-yanvardan ushbu 34 ta faoliyat turi bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lganlar yakka tartibdagi tadbirkor yoki yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tishlari kerak bo‘ladi.
Teglar






