
Kubada 2–3 haftaga yetadigan neft zaxirasi qoldi
AQSH tomonidan joriy etilgan dengiz qamali va tashqi bosimlar orol davlatning asosiy yonilg‘i manbalarini to‘xtatib qo‘ydi.

Kubada neft va mazut zaxiralari keskin kamayib, mamlakat hozirgi iste’mol sur’atida bor-yo‘g‘i 2–3 haftaga yetarli yonilg‘i bilan qolgan. Bu holat AQSH tomonidan Venesuelaga nisbatan joriy etilgan dengiz blokadasi hamda Meksikaga ko‘rsatilayotgan bosim ortidan shakllandi. Orol davlat mazkur ikki mamlakatni neft va mazutning asosiy ta’minotchisi sifatida qarab kelgan.
Financial Times nashri Kpler monitoring platformasi ma’lumotlariga tayanib, Kubaning hozirgi energetik holatiga baho berdi. Nashr hisob-kitoblariga ko‘ra, mamlakatda mahalliy ravishda qazib olinadigan neft hajmi juda cheklangan bo‘lib, u import qisqarishini qoplay olmayapti. Ayni paytda neft va mazut asosan elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun ishlatiladi.
Yil boshidan buyon qancha neft import qilgan?
Kpler ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yil boshidan buyon Kubaga atigi 84 900 barrel neft yetkazib berilgan. Bu kunlik o‘rtacha 3 ming barrel import degani. Taqqoslash uchun, 2025 yilda mamlakat kuniga taxminan 37 ming barrel neft qabul qilgan.
Kpler tahlilchisi Viktoriya Grabenvegerning ta’kidlashicha, yanvar oyida kelgan so‘nggi yuk hamda yil boshida omborlarda mavjud bo‘lgan taxminan 460 ming barrel neftni qo‘shib hisoblaganda ham, Kuba ko‘pi bilan 15–20 kungagina yetkaza oladi.
Neft bilan bir qatorda, mazut zaxiralari ham deyarli tugab bormoqda. Bu yo‘nalishda Venesuela Kubaning asosiy hamkori bo‘lgan. Ammo AQSH tomonidan joriy etilgan dengiz qamalidan keyin yuk jo‘natishlar to‘liq to‘xtagan. Mazut ortilgan so‘nggi tanker orol davlatga o‘tgan yil noyabr oyida yetib kelgan.
AQSH Kubaga neft yetkazuvchi davlatlarga boj joriy qiladi
AQSH prezidenti Donald Tramp Kubaga neft sotadigan yoki yetkazib beradigan davlatlardan AQSHga kiritiladigan mahsulotlarga qo‘shimcha bojlar joriy etishga ruxsat beruvchi farmonni imzoladi. Qaror Kubadan kelayotgan «xavf va tahdidlar» sabab favqulodda holat joriy etilgani bilan izohlandi. Oq uyga ko‘ra, mazkur choralar AQSH milliy xavfsizligi va tashqi siyosatini himoya qilishga qaratilgan.
Tramp o‘z bayonotida Kuba hukumati AQSHga qarshi faoliyat yurituvchi davlatlar va guruhlar bilan hamkorlik qilayotganini ta’kidladi. Uning aytishicha, Gavana, Rossiya, Xitoy, Eron hamda xalqaro terroristik tashkilotlar bilan aloqalarni saqlab kelmoqda. Prezident fikricha, bunday hamkorlik AQSH manfaatlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdid soladi.
Imzolangan farmonga muvofiq, Kubaga neft yetkazib berayotgan davlatlardan AQSH bozoriga olib kiriladigan tovarlarga qo‘shimcha tariflar qo‘llanilishi mumkin. Biroq tariflar miqdori hozircha ochiqlanmadi. Bu qaror neft ta’minoti zanjiri orqali Gavanaga bosimni kuchaytirishga qaratilgan.
Tramp avvalroq Kuba yillar davomida Venesuela nefti hisobiga iqtisodiy barqarorlikni saqlab kelganini aytgan edi. Uning ta’kidlashicha, buning evaziga Gavana Venesuela rahbariyatini xavfsizlik xizmatlari bilan ta’minlagan. Endi esa, prezidentga ko‘ra, «Kubaga neft ham, pul ham kelmaydi».
Kuba rasmiylari bu ayblovlarni qat’iy rad etdi. Tashqi ishlar vaziri Bruno Rodriges mamlakat hech qachon xavfsizlik xizmatlari evaziga to‘lov olmaganini bildirdi. Prezident Migel Dias-Kanel esa Kuba mustaqil va suveren davlat ekanini ta’kidlab, tashqi bosimni qabul qilmasligini ma’lum qildi.





