add

Kuryerlar uchun xushxabar: O‘zbekistonda yangi toifadagi haydovchilik guvohnomasi joriy etiladi

27.10.2025 | 12:5814822

Ularni qo‘lga kiritish uchun majburiy tarzda nazariy va amaliy o‘quv kurslarini o‘tash shart bo‘lmaydi, to‘g‘ridan to‘g‘ri imtihon topshiriladi.

Kuryerlar uchun xushxabar: O‘zbekistonda yangi toifadagi haydovchilik guvohnomasi joriy etiladi

Vazirlar Mahkamasi «Transport vositalarini boshqarishga ruxsat berish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni qabul qildi.

Ushbu hujjatga muvofiq, mamlakatda moped va skuter egalari uchun haydovchilik guvohnomasi olish tartibi soddalashtiriladi hamda yangi «A1» kichik toifali guvohnoma joriy etiladi.

Yangi tartib 2026 yil 1 yanvardan kuchga kiradi. Endi moped va skuterlarni boshqarish uchun mototsiklchilar uchun beriladigan «A» toifali guvohnoma talab etilmaydi. Uning o‘rniga «A1» kichik toifali haydovchilik guvohnomasini olish mumkin bo‘ladi.

Eng asosiysi, «A1» toifadagi haydovchilik guvohnomasi uchun talabgorlar uchun o‘quv kurslarini majburiy tarzda o‘tash shart emas — ya’ni nazariy (180 soat) va amaliy (20 soat) mashg‘ulotlarsiz ham to‘g‘ridan to‘g‘ri imtihon topshirish huquqi beriladi. Istakka ko‘ra, o‘quv jarayonini onlayn, oflayn yoki mustaqil tayyorlanish orqali amalga oshirish mumkin.

Nazariy imtihonda 20 ta testdan 16 tasiga to‘g‘ri javob berish kifoya etadi (ilgari bu ko‘rsatkich 18 ta edi). Imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirganlarga «A1» kichik toifadagi haydovchilik guvohnomasi beriladi.

Shuningdek, «A», «B», «C» va «D» toifali guvohnomaga ega shaxslar «A1» toifadagi transport vositalarini to‘g‘ridan to‘g‘ri boshqarish huquqiga ega bo‘ladi.

Mazkur qaror aholining iqtisodiy faolligini oshirish, xizmat ko‘rsatish sohasida, ayniqsa kurerlik tizimida faoliyat yuritayotgan fuqarolarning ishini yengillashtirish hamda kam ta’minlangan oilalar uchun mototransportdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.

Bundan tashqari, haydovchilik guvohnomasi olish tizimi xavfsizlik tamoyillari asosida takomillashtirilmoqda. Yo‘l harakati qoidalariga rioya etilishini kuchaytirish, qo‘pol qoidabuzarliklar va yo‘l-transport hodisalarini kamaytirish maqsadida yangi nazorat mexanizmlari joriy etiladi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2024-yilda mamlakatda 9 364 ta YTH sodir bo‘lib, 1 869 kishi halok bo‘lgan. 2025-yilning 9 oyida esa YTHlar soni 5 895 tani, halok bo‘lganlar esa 1 303 nafarni tashkil etgan.

Yangi «A1» toifasining joriy etilishi kuryerlar, yoshlar va mototransport egalari uchun katta qulaylik yaratadi hamda haydovchilik guvohnomasi olish jarayonini ancha tez va soddalashtirilgan shaklda amalga oshirish imkonini beradi.

Teglar

Mavzuga oid

Kuryerlar uchun xushxabar: O‘zbekistonda yangi toifadagi haydovchilik guvohnomasi joriy etiladi | Vaqt.uz