
Makron Yevropa va Putin o‘rtasida tor formatdagi muloqotni taklif qildi
Fransiya prezidenti Emmanyuel Makronning fikricha, yevropaliklar Rossiya hukumati bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqa o‘rnatishi va u ko‘p ishtirokchilarsiz bo‘lishi kerak. Shu bilan birga, bu muloqotni AQSHga topshirish mumkin emas.

Fransiya prezidenti Emmanyuel Makron Yevropa va Kreml o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqotni tiklash tarafdori ekanini yana bir bor bildirdi. Uning aytishicha, Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan hamkorlik «yaxshi tashkil etilgan» bo‘lishi va tor formatda o‘tkazilishi kerak. Bu haqda u bugun, 10-fevral kuni «Le Monde», «Süddeutsche Zeitung», «El Pais» va bir necha boshqa Yevropa gazetalariga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Makronning ta’kidlashicha, dastlabki «texnik» aloqalar Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushni yakunlash istagi yo‘qligini tasdiqlagan. U fevral oyi boshida to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqotga tayyorgarlik ko‘rish uchun o‘z diplomat maslahatchisini Moskvaga yuborganini ham tasdiqladi.
«Men nimaga erishdim? Rossiya hozir tinchlik istamaydi, degan tasdiqga erishdim. Ammo baribir, biz bu muhokama kanallarini texnik darajada tikladik», – dedi prezident.
«Ko‘p ishtirokchisiz» Yevropa yo‘nalishi
Makron bu tajribani yevropalik hamkorlari bilan bo‘lishmoqchi va Kreml bilan muloqot uchun «yaxshi tashkil etilgan Yevropa yo‘nalishi»ni ishlab chiqmoqchi. Uning aytishicha, muloqot «ko‘p ishtirokchisiz, aniq mandat va oddiy vakillik bilan» o‘tishi kerak.
Fransiya rahbari, shuningdek, AQSHga bu aloqani topshirish tarafdori emas, chunki ular Rossiya bilan allaqachon muzokara olib bormoqda. U Amerika elchilari Yevropa nomidan Ukrainaga Yevroittifoqqa qo‘shilish sanasi bo‘yicha muzokara olib borishi mumkin emas, deb hisoblaydi.
«Bizning geografiyamiz o‘zgarmaydi. Bizning xohishimizga qaramay, Rossiya hamon shu yerda bo‘ladi. Va u to‘g‘ridan to‘g‘ri darvozamiz oldida», – dedi fransuz prezidenti.
U Ukrainada tinchlikqa erishilgandan so‘ng yevropaliklar «Rossiya bilan Yevropa uchun yangi xavfsizlik arxitekturasini qurishiga to‘g‘ri kelishi»ni qo‘shimcha qildi.
AQSH bilan «chuqur geosiyosiy farq»
AQSH prezidenti Donald Trampning Arktika bo‘yicha hududiy talablariga munosabat bildirib, Makron AQSH bilan «chuqur geosiyosiy farq» borligini ta’kidladi.
«Hozir biz «Grenlandiya lahzasi» deb ataydigan bosqichdamiz. Bu voqea shubhasiz, yevropaliklarga ular tahdid ostida ekanini anglatdi va AQSH qanchalik uzoqka borishga tayyorligini bilmaydi”, – deb qo‘shimcha qildi Makron.
Prezidentning fikricha, Yevropa «o‘zini kuzatuvchi yoki ishtirokchi sifatida ko‘rishni xohlaydimi» degan savolga javob topishi kerak. Shu bilan birga, u «Xitoyning biznes darajasidagi sunami» ekani va AQSH tomonidan «mikrosekundlik beqarorlik» borligini ham ta’kidladi.
«Agar hech narsa qilinmasa, Yevropa besh yil ichida bosib ketiladi», – deb hisoblaydi Makron.
Himoya, «yashil» texnologiyalar va SIga investitsiya
Fransiya prezidenti savdo mojarolarida AQSH va Xitoy bilan bog‘liq masalalarda yevroobligatsiyalar chiqarish va Yevropa sanoatini himoya qilishni qaytadan taklif qildi.
Shu bilan birga, Makron investitsiyalar asosan mudofaa sanoati, «yashil» texnologiyalar, sun’iy intellekt va kvant komputerlari rivojiga yo‘naltirilishi kerakligini ta’kidladi.
U Fransiya va Germaniya munosabatlari mustahkamlanganini va bu Germaniya kansleri Fridrix Mersning hokimiyatga kelishidan keyin sodir bo‘lganini e’tirof etdi. «Franko-german sherikligi Yevropa oldinga harakat qilishi uchun zarur. Ammo shuning o‘zi yetarli emas», dedi u ikki mamlakatning Italiya bilan hamkorligi mustahkamlanganini ta’kidlab.





