
Markaziy bank yana asosiy stavkani o‘zgarishsiz qoldirdi — sabablar
11.09.2025 | 19:00478610
Markaziy bank inflyatsiya xavflarini hisobga olib, asosiy stavkani 14 foiz darajasida saqlab qoldi. Bu qaror inflyatsiya ko‘rsatkichlari, energiya tariflari ta’siri, ichki talab faolligi va jahon bozoridagi narxlar o‘sishi bilan izohlanadi.

O‘zbekiston Markaziy banki bugungi yig‘ilishida inflyatsiya xavflarini inobatga olgan holda asosiy stavkani 14 foiz darajasida saqlab qolishga qaror qildi.
Avgust oyida rasmiy inflyatsiya 8,8 foizga pasaygan. Bazaviy inflyatsiya darajasi o‘tgan oyga nisbatan 0,7 foiz bandga pasayib, avgust oyida yillik 7,6 foizni tashkil etdi.
Tariflar oshirilishining ta’sirlari
Xizmatlar yillik inflyatsiyasi yil boshiga nisbatan 1,5 foiz bandga pasayib, 10,2 foizni tashkil etdi. Ushbu pasayish asosan o‘tgan yilda energiya narxlarining oshirilishiga bog‘liq bo‘lib, uning ta’sirlari asta-sekin chiqib ketishi bilan izohlanadi.
Tariflar oshirilishining ikkilamchi ta’sirlari xizmatlar va mahsulotlar narxlarini kutilgandan ko‘ra yuqoriroq shakllantirmoqda. Avtomobil uchun metan narxi oshishi unga muqobil bo‘lgan yonilg‘i narxlariga o‘z ta’sirini ko‘rsatish ehtimollari mavjud. Avvalroq, benzin narxlari oshgani haqida xabar bergan edik.
Kundalik iste’mol tovarlari inflyatsiyasi pasaydi, ammo narxlar yuqori
Oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari narxi o‘sishi sustlashishi natijasida bazaviy inflyatsiya 7,6 foizgacha tushgan. Oziq-ovqat va xizmatlar bazaviy inflyatsiya ko‘rsatkichlari yuqori shakllanishi iqtisodiyotda iste’mol talabi faol shakllanayotganini ifodalamoqda. Bu, xususan, go‘sht mahsulotlari, o‘simlik yog‘lari, transport xizmatlari, umumiy ovqatlanish va aloqa xizmatlari narxlarida namoyon bo‘lmoqda.
Iste’mol bozori tovar va xizmatlari, ya’ni aholi kundalik hayotida iste’mol qiladigan 30 ta muhim ijtimoiy tovarlar inflyatsiyasi yil boshiga nisbatan pasaygan bo‘lsa-da, narxlar sezilarli darajada baland qolmoqda. Bu, o‘z navbatida, aholining inflyatsion kutilmalariga oshiruvchi ta’sir ko‘rsatmoqda.
Bundan tashqari, ayrim oziq-ovqat tovarlari jahon narxlarining oshishi bo‘yicha kutilmalar ma’lum bir muddat ichida ichki narxlarga ta’sir etishi mumkin.
Shu yili yanvar-avgust oylarida savdo va pullik xizmatlardan tushumlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan hajmi 25 foizga oshdi.
Investitsiyalar hajmi
2025 yilning birinchi yarim yilida asosiy kapitalga yo‘naltirilgan investitsiyalar hajmi 270 trln so‘mga yetib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan real hisobda 5,5 foizga o‘sdi. Markazlashmagan investitsiyalar 247 trln so‘mni, real o‘sish 6,6 foiz bo‘ldi. Jumladan, xorijiy investitsiyalar hajmi 8,5 mlrd dollarni tashkil etib, 37 foiz o‘sishini tashkil qildi.
Shuningdek, 2025 yilning yanvar-avgust oylarida iqtisodiyotga ajratilgan jami kreditlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 40 foizga oshib, 249 trln so‘mni tashkil etdi. Ma’lumot uchun, o‘tgan yilning mos davrida kreditlar 10 foizga oshgan.
Makroiqtisodiy prognozlarga ko‘ra, yil yakunlari bo‘yicha yalpi ichki mahsulotning real o‘sishi 6,5 dan 7 foiz oralig‘ida bo‘lishi kutilmoqda.
Qayd etilishicha, xalqaro savdodagi cheklovlar va o‘zaro aloqalarga kiritilgan o‘zgarishlar tufayli global inflyatsiyaning pasayishi kutilganidan sekin kechayotgani, jahonda oziq-ovqat mahsulotlari narxi oshayotganligi hamda asosiy savdo hamkor davlatlardagi inflyatsiya darajasining target ko‘rsatkichlaridan yuqori shakllanganligi kelgusida import inflyatsiyasining kuchayishiga olib kelishi mumkin.
Milliy valyuta 3–4 foiz mustahkamlandi
Temur Ishmetovning valyuta almashinuv kursiga alohida to‘xtalib o‘tdi. Uning aytishicha, milliy valyuta kursi ichki bozordagi talab va taklif asosida shakllanadi. Markaziy bank bu bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkich belgilamaydi va aralashmaydi.
«Milliy valyuta yil boshidan 3–4 foiz atrofida mustahkamlandi. Ushbu tendensiya bir qator omillar natijasida yuz bermoqda. Xususan, joriy yilda iqtisodiyotda xorijiy valyuta taklifi sezilarli darajada yuqori shakllanmoqda. Xususan, yanvar-iyulda oltinsiz eksport, ya’ni oltinni hisobga olmasak ham, eksport qariyb 20 foizga oshdi va jami eksportimiz 20,4 mlrd dollarni tashkil etib, 37 foizga o‘sdi», deydi Markaziy bank raisi Ishmetov.Yanvar-avgustda 12,1 mlrd dollar pul o‘tkazmalari amalga oshirildi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 23 foizga ko‘proq. Banklar tomonidan jismoniy shaxslarga sotilgan valyuta hajmi sezilarli pasayib, valyuta xaridiga nisbatan tafovut 5,6 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 40 foizga ko‘proq. Banklar aholidan 40 foizga ko‘proq valyuta sotib oldi. Temur Ishmetovning ma’lum qilishicha, dollarning jahondagi boshqa valyutalarga nisbatan 9–10 foizga qadrsizlanishi kuzatilgan. Bu almashinuv kursi tebranuvchanligi oshishi milliy valyutaning qadrsizlanishi kutilmalarini kamaytiradi. Shu sababli, 2025 yil yakunidan inflyatsiya darajasi 8,7 foiz atrofida shakllanishi prognoz qilinmoqda. Shu yilning boshida esa bu ko‘rsatkich 7–8 foiz deb prognoz qilingan edi. Yuqoridagi barcha omillarni inobatga olgan holda, Markaziy bank asosiy yillik stavkani 14 foizga o‘zgarishsiz qoldirdi. Eslatib o‘tamiz, 2025 yilning mart oyida asosiy stavka 0,5 foizga ko‘tarilgan va shundan buyon o‘zgarishsiz qolmoqda. Mahliyo Hamidova, Vaqt.uz muxbiri.





