
Markaziy Osiyo poytaxtlarida ichimlik suv xavfsizmi?
27.06.2025 | 08:1513304
Ostona, Toshkent va Bishkek aholisi kranik suvidan xavotirda. Ekspertlar ta’kidlashicha, ushbu shaharlardagi ichimlik suvi ifloslangan va sanitariya talablariga to‘liq javob bermaydi.

Markaziy Osiyo poytaxtlari — Astana, Toshkent va Bishkekda ichimlik suvi bilan bog‘liq muammolar yillar davomida hal etilmay kelmoqda. Ulysmedia.kz xabar berishicha, ekspertlar ushbu shaharlardagi suv ta’minoti tizimini o‘rganib, uning sifati talab darajasida emasligini ma’lum qilishdi.
Qozog‘istonda shahar aholisining 95 foizi markazlashgan suv tarmog‘iga ulangan bo‘lsa-da, manbalarning faqat 70 foizi sanitariya talablariga javob beradi. Ostonada suvning 60 foizi Ishim daryosidan, 40 foizi esa yer osti manbalaridan olinadi. Yer osti suvlari nisbatan toza hisoblansa-da, 2023 yilda Ishim daryosidan olinayotgan suvda ammiak va nitrat miqdori me’yordan oshib ketgani qayd etilgan.
Suv sifatining yomonlashishiga asosiy sabablar qishloq xo‘jaligi, sanoat va eski suv tarmoqlaridir. FAO ma’lumotlariga ko‘ra, har yili mintaqada 2 mln tonna azotli o‘g‘itlar ishlatiladi va uning 30 foizi suv havzasiga tushadi. Bundan tashqari, Qozog‘iston va O‘zbekistondagi metallurgiya hamda kimyo korxonalari yiliga 500 ming tonnadan ortiq oqova suv chiqaradi, ularning 20 foizi yetarli darajada tozalanmaydi.
Qolaversa, poytaxtlardagi suv tarmoqlarining taxminan 60 foizi 40 yildan ortiq faoliyat yuritmoqda. Bishkekda esa quvurlarning yarmidan ko‘p qismi salomatlik uchun xavfli bo‘lgan asbestotsementdan yasalgan.
Ekspertlar kran suvini filtrsiz yoki qaynatmasdan ichishni tavsiya etmaydi. Suvdan foydalanishda filtrlar, ayniqsa, teskari osmos tizimidan yoki shisha idishda qadoqlangan suvdan foydalanish tavsiya qilinmoqda. Shu bilan birga, mutaxassislar hukumatlardan suv tizimlarini yangilash va suv sifatini qat’iy nazorat qilish choralarini shoshilinch ravishda ko‘rishni talab qilishmoqda.





