
Markaziy Osiyo yagona elektr energiya bozoriga qadam tashladi
Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida elektr energiya savdosini birlashtirishga qaratilgan yirik mintaqaviy dasturga xalqaro moliyaviy qo‘llab-quvvatlash berildi.

Jahon banki Ijrochi direktorlari kengashi Markaziy Osiyoda elektr energiya bozorini rivojlantirish va energotizimlarni integratsiya qilishga qaratilgan REMIT dasturini tasdiqladi. Ushbu tashabbus 10 yilga mo‘ljallangan bo‘lib, umumiy moliyalashtirish hajmi 1 mlrd dollardan oshishi kutilmoqda. Dastur mintaqada ilk bor yagona elektr energiya bozorini shakllantirishni maqsad qilgan.
REMIT doirasida davlatlar o‘rtasida transchegaraviy elektr energiya savdosini kengaytirish, elektr uzatish tarmoqlarining o‘tkazish quvvatini oshirish va mintaqaviy integratsiya uchun institutsional asos yaratish rejalashtirilgan. Bank ma’lumotlariga ko‘ra, bu qadam Markaziy Osiyo energetika xavfsizligini mustahkamlashda hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Dastur uch bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston, shuningdek mintaqaviy muvofiqlashtirish-dispetcherlik markazi «Energiya» 143,2 mln dollar miqdorida grant va imtiyozli moliyalashtirish oladi. Bu mablag‘lar infratuzilmani modernizatsiya qilish va bozor mexanizmlarini ishga tushirishga yo‘naltiriladi.
Investitsiya va talab o‘sishi
Moliyalashtirishning asosiy qismi Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi resurslari hisobidan ta’minlanadi. Qo‘shimcha 3,2 mln dollar Markaziy Osiyo uchun suv-energetika dasturi fondi orqali ajratiladi. Ushbu fond Yevropa Ittifoqi, Shveysariya va Buyuk Britaniya bilan hamkorlikda boshqariladi.
Jahon banki hisob-kitoblariga ko‘ra, Markaziy Osiyoda elektr energiyaga bo‘lgan talab 2050 yilga borib uch barobarga oshishi mumkin. Hozircha davlatlar o‘rtasidagi elektr energiya savdosi umumiy talabning atigi 3 foizini tashkil etmoqda, bu esa integratsiya salohiyati yuqori ekanini ko‘rsatadi.
Hozirgi paytda qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushi umumiy ishlab chiqarishda taxminan 4 foizga teng. REMIT dasturi o‘zaro to‘ldiruvchi resurslardan foydalanishni nazarda tutadi: Qirg‘iziston va Tojikiston gidroenergetikasi, Qozog‘iston, Turkmaniston va O‘zbekistondagi issiqlik elektr stansiyalari, shuningdek mintaqaning quyosh va shamol energetika salohiyati.
Iqtisodiy samara
Jahon bankining baholashicha, keyingi o‘n yil ichida elektr energiya savdosi hajmi yiliga 15 ming GWhʼgacha yetishi mumkin. Bu ko‘rsatkich millionlab iste’molchilar ehtiyojini qoplash imkonini beradi.
Birinchi bosqichning o‘zida 900 MW atrofida yangi quvvatlarni integratsiya qilish rejalashtirilgan bo‘lib, bu 700 mln dollarga yaqin xususiy investitsiyalarni jalb etishi mumkin. Bank Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Naji ben Hassinning ta’kidlashicha, 2050 yilgacha energetik integratsiya mintaqada 15 mlrd dollargacha iqtisodiy foyda keltirishi mumkin.





