add

Markaziy Osiyoda agrar sektorning YAIMdagi ulushi: 2020—2024 yillardagi o‘zgarishlar

08.08.2025 | 19:00492420

Mintaqa davlatlarida «iqtisodiy profil» farqlanadi. Ayrim davlatlar xizmatlar sohasiga tayansa, boshqalari sanoatga, yana bir qismi esa agrar sektori orqali kun ko‘radi.

Markaziy Osiyoda agrar sektorning YAIMdagi ulushi: 2020—2024 yillardagi o‘zgarishlar
Qishloq xo‘jaligi, o‘rmonchilik va baliqchilikdan olingan qo‘shilgan qiymatning YAIMdagi ulushi — davlat iqtisodiyoti qanday shakllangani, qanday resurslarga tayanayotgani va qaysi yo‘nalishda harakat qilayotganini aniqlash uchun muhim ko‘rsatkich hisoblanadi. Bu indikator orqali biz davlatning agrar iqtisodiyotga bog‘liqligini va u yildan-yilga qanday o‘zgarayotganini ko‘rishimiz mumkin, deb yozadi Progressiv islohotlar markazi. [caption id="attachment_12320" align="aligncenter" width="630"]Qx qqs Foto: PIM[/caption]   O‘zbekiston: agrardan uzoqlashayotgan iqtisodiyot O‘zbekiston agrar sektori ulushi bo‘yicha eng keskin o‘zgarishni boshidan kechirmoqda: bu boradagi ko‘rsatkich 2020 yildagi 22,5 foizdan 2024 yilga kelib 18,3 foizgacha tushgan. Bu 4 yil ichida 4,2 foizlik pasayish degani. Ya’ni agrar sektor o‘z ahamiyatini yo‘qotmayapti, ammo boshqa tarmoqlar (xizmatlar, sanoat, qurilish) jadal rivojlanmoqda. Hukumatning iqtisodiy tarkibni diversifikatsiyalashga qaratilgan islohotlari natija bera boshlagan. Bu holat O‘zbekiston uchun ijobiy tendensiyadir. Ayniqsa bank-moliya tizimi, turizm, axborot texnologiyalari va logistika yo‘nalishlari iqtisodiyotda yangi ish o‘rinlari va yuqori qo‘shilgan qiymat yaratayotgan sohaga aylandi. Mazkur o‘zgarishlar aholining mehnat faoliyatini ham transformatsiya qildi: qishloqdan shaharga, agrar ishdan intellektual va xizmat ko‘rsatish sohalariga yo‘nalish sezilarli darajada kuchaydi. Hukumati tomonidan amalga oshirilayotgan sanoatni qo‘llab-quvvatlash, xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish va raqamli iqtisodiyotni joriy etish kabi siyosatlar mamlakatni agrar asosdan chiqarishda muhim rol o‘ynamoqda. Endilikda mamlakat «o‘z mahsulotini ishlab chiqaradigan», «eksportga yo‘nalgan», «innovatsiyalarga ochiq» iqtisodiy tizim sari harakat qilmoqda. Qoraqalpog‘iston, Surxondaryo yoki Farg‘ona vodiysi kabi an’anaviy agrar hududlarda ham sanoat zonalari, klasterlar va qishloq xo‘jaligini qayta ishlash markazlari tashkil etilmoqda. Bu esa har bir hududni faqat yetishtirish emas, balki qayta ishlash va tayyor mahsulot tayyorlash jarayoniga jalb etmoqda.   Qozog‘iston: agrar cohadan sanoatlashayotgan iqtisodiyot Qozog‘istonda agrar sektorning YAIMdagi ulushi 2020 yildagi 5,4 foizdan 2024 yilda 3,9 foizgacha pasaygan. Bu barqaror tushish sanoat va xizmatlar sektorining rivojlanayotganidan dalolat beradi. Qozog‘iston iqtisodiyoti asosan neft-gaz sanoati, konchilik, transport va logistika tarmoqlariga tayanadi. Bu kamayish ijobiy tendensiya sifatida baholanishi mumkin, chunki yuqori daromadli xizmatlar sohasi va texnologik sanoat agrar sektordan bosqichma-bosqich ustunlikka chiqmoqda. Iqtisodiyotni sanoatlashtirish jarayoni mamlakatda ko‘p bosqichli va strategik yondashuv orqali amalga oshirildi. Eng avvalo, tabiiy resurslarga boylik — neft, gaz, uran, metallar kabi qimmatli xomashyolar Qozog‘iston sanoatini shakllantirishda hal qiluvchi omil bo‘ldi. Shu boyliklar asosida yirik korxonalar, qayta ishlash zavodlari, neft-gaz komplekslari va energetika markazlari barpo etildi. Bundan tashqari, davlat «Samruq-Qozina» singari milliy xoldinglar orqali strategik tarmoqlarni markazlashtirilgan holda boshqarib, sanoatning turli yo‘nalishlariga investitsiya kiritishni tizimli tashkil qildi. Qozog‘iston iqtisodiyotining nafaqat xom ashyo eksport qiluvchi, balki qayta ishlovchi va qo‘shilgan qiymat yaratadigan tuzilmaga aylanishi uchun «Industrial-innovatsion rivojlanish dasturlari» amalga oshirildi. Bu dasturlar orqali yengil sanoat, mashinasozlik, kimyo, metallurgiya, qurilish materiallari, oziq-ovqat sanoati kabi tarmoqlarda minglab yangi ishlab chiqarish quvvatlari tashkil etildi. Mamlakatda texnoparklar, erkin iqtisodiy zonalar va innovatsion markazlar ochilib, ular orqali xususiy sektor ham sanoatlashtirish jarayoniga jalb etildi. Sanoatlashuv natijasida Qozog‘istondagi mehnat bozorida ham sezilarli o‘zgarish yuz berdi. Ilgari asosan qishloq xo‘jaligi bilan band bo‘lgan aholi sanoat korxonalariga, shaharlardagi ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalariga yo‘naldi. Bu jarayon urbanizatsiya sur’atlarini oshirdi va yirik shaharlar atrofida sanoat klasterlarini shakllantirdi. Shu bilan birga, Qozog‘iston ta’lim tizimi ham sanoat ehtiyojlariga moslashtirilib, muhandislik, texnik va texnologiya yo‘nalishlarida mutaxassislar tayyorlashga e’tibor kuchaytirildi. Qozog‘istonning agrar iqtisodiyotdan sanoat iqtisodiyotiga muvaffaqiyatli o‘tishi tashqi siyosatda ham o‘z aksini topdi. Mamlakat Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi, SHHT, BMT, OTB va boshqa xalqaro tuzilmalar bilan hamkorlikda eksport bozorlarini kengaytirish, texnologiyalarni jalb etish va transport-logistika infratuzilmasini yaxshilash yo‘lida ish olib bormoqda. Bu esa Qozog‘istonni mintaqaviy iqtisodiy markaz sifatida shakllantirishga xizmat qilmoqda.   Qirg‘izistonda ham qisqarish 2020 yilda agrar sektor YAIMning 12,2 foizini tashkil qilgan bo‘lsa, 2024 yilda bu ko‘rsatkich 8,6 foizga tushgan. Bunday o‘zgarishlar bir nechta omillar bilan bog‘liq. Birinchidan, aholi o‘rtasida shaharlashuv jarayoni kuchaymoqda — yoshlar qishloqni tark etib, shaharlarga, ayniqsa Bishkek va O‘sh kabi yirik markazlarga ko‘chmoqda. Ikkinchidan, qishloq xo‘jaligida samaradorlik pastligi, infratuzilmaning yetishmasligi va zamonaviy texnologiyalarning kam joriy etilishi ushbu sohaning rivojini cheklab qo‘ymoqda. Shu bilan birga, Qirg‘izistonda xizmatlar sohasi, ayniqsa savdo, bank-moliya, turizm va mehmonxona biznesi, raqamli texnologiyalar va tashqi mehnat migratsiyasi orqali yuborilayotgan mablag‘lar iqtisodiyotda yetakchi o‘rinni egallashga boshladi. Bundan tashqari, kichik va o‘rta sanoat korxonalari ham faollashmoqda — to‘qimachilik, oziq-ovqat sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish kabi sohalarda aholi bandligi ortib bormoqda. Bu esa qishloq xo‘jaligiga qaramlikni asta-sekin kamaytirmoqda. Agrar sektordagi qisqarish Qirg‘iziston uchun muayyan ijobiy va salbiy ta’sirlarga ega. Ijobiy jihatlaridan biri — iqtisodiyotning diversifikatsiya qilinishi va yangi sohalardagi imkoniyatlarni ro‘yobga chiqarishdir. Salbiy tomoni esa — qishloqlardagi iqtisodiy faollikning so‘nishi, mehnat resurslarining kamayishi va ba’zi qishloq xo‘jaligi yerlarining partoqqa chiqib ketish xavfidir. Shuning uchun davlat tomonidan agrar sohani modernizatsiya qilish, fermerlarga subsidiyalar ajratish, suv xo‘jaligini isloh qilish va eksportbop mahsulotlar yetishtirishni qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘rilmoqda.   Tojikistonda barqarorlik Tojikiston bu davrda eng «barqaror agrar» davlat bo‘lib qolmoqda. 2020 yildagi 22,7 foiz ko‘rsatkich 2024 yilda ham 22,5 foiz darajasida saqlanib qolgan. Bu ikki jihatdan tushuntirilishi mumkin: ijobiy — agrar sektor hali ham barqaror iqtisodiy manba bo‘lib qolmoqda; salbiy tomoni — iqtisodiy diversifikatsiya, ya’ni xizmatlar va sanoat rivojida katta siljish yo‘q. Tojikiston so‘nggi o‘n yilliklarda Markaziy Osiyo mintaqasida agrar iqtisodiyotini barqaror saqlab qolgan kam sonli davlatlardan biri sifatida ajralib turibdi. Har qanday islohotlarga qaramay, mamlakat iqtisodiyotining asosiy tayanchi hamon qishloq xo‘jaligi bo‘lib qolmoqda. Yirik sanoatlashgan davlatlardan farqli o‘laroq, Tojikistonda agrar sektor nafaqat iqtisodiy faollikning markazida, balki ijtimoiy barqarorlik va aholi turmush tarzi uchun ham hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda. Mamlakatning geografik joylashuvi, tog‘li rel’efi, suv resurslariga boyligi va ko‘p asrlik dehqonchilik an’analari bu sohaning barqaror rivojlanishini ta’minlab kelmoqda. Tojikiston yalpi ichki mahsulotining sezilarli qismi hanuz qishloq xo‘jaligidan keladi. Aholining katta qismi – ayniqsa qishloq joylarda – dehqonchilik, bog‘dorchilik, chorvachilik bilan shug‘ullanadi. bugungi kunda mamlakatda paxta, g‘alla, kartoshka, sabzavot va meva-sabzavot mahsulotlari keng miqyosda yetishtiriladi. Shu bilan birga, Tojikiston meva-sabzavotlarini eksport qiluvchi asosiy davlatlardan biriga aylanmoqda. Xorijiy valyutaning katta qismi aynan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti orqali mamlakatga kirib keladi.   Turkmaniston Agrar sektori 2020 yilda 11,5 foiz, 2024 yilda esa 11,1 foiz ulush bilan ko‘rsatkichda deyarli o‘zgarmagan. Bu davlatning iqtisodiy modeli asosan tabiiy gaz eksporti, davlat yirik sanoat loyihalari atrofiga qurilgan. Agrar sektor muhim bo‘lsa-da, xizmatlar sektorining o‘sishiga nisbatan ancha sust. Turkmanistonda qishloq xo‘jaligi asosan paxtachilik va g‘allachilikka ixtisoslashgan. Paxta yetishtirish bugungi kunda ham davlat nazoratidagi strategik yo‘nalish hisoblanadi. Mamlakatda har yili yuz minglab gektar maydonlarda paxta ekilmoqda va bu mahsulot mamlakatning eksport salohiyatini belgilab beruvchi asosiy omillardan biri sanaladi. Shu bilan birga, g‘alla yetishtirish, sabzavot va poliz mahsulotlari, meva-sabzavotlar, kartoshkachilik va uzumchilik sohalari ham rivojlanmoqda. Ayniqsa, so‘nggi yillarda dehqonchilikda zamonaviy agrotexnologiyalardan foydalanishga harakat qilinmoqda. Mamlakatda suv resurslari cheklangan bo‘lgani uchun qishloq xo‘jaligida suvdan tejamkor foydalanish masalasi juda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu maqsadda Turkmaniston hukumati tomonidan sug‘orish tizimlarini modernizatsiya qilish, tomchilatib sug‘orish kabi texnologiyalarni joriy etish, kanallar va drenaj tarmoqlarini rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirilmoqda. Bu chora-tadbirlar yerlarning unumdorligini saqlash va mahsulot hosildorligini oshirishga xizmat qilmoqda. Markaziy Osiyo davlatlari agrar sektor ulushining pasayishiga qarab xizmatlar va sanoatga o‘tmoqda. Biroq bu o‘zgarishlar bir tekisda emas. Shu sababli quyidagi takliflar dolzarb:
  • Iqtisodiy diversifikatsiyani kuchaytirish Davlatlar iqtisodiyotini faqat qishloq xo‘jaligiga tayanishdan chiqarib, sanoat, xizmatlar va texnologik sohalarni rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratishi kerak. Bu orqali iqtisodiy barqarorlik va raqobatbardoshlik ta’minlanadi.
  • Xizmatlar sohasi uchun qulay biznes muhitini yaratish Soliq imtiyozlari, soddalashtirilgan litsenziyalash va davlat tomonidan ko‘maklashuvchi dasturlar orqali xususiy tadbirkorlik va xizmatlar sohasidagi startaplarni rag‘batlantirish zarur.
  • Axborot texnologiyalari va raqamli xizmatlarni joriy etish Iqtisodiyotni raqamlashtirish – bank xizmatlari, onlayn ta’lim, elektron savdo, IT-autsorsing kabi sohalarni rivojlantirish orqali xizmatlar ulushini keskin oshirish mumkin.
  • Turizm va madaniy xizmatlar salohiyatidan foydalanish Markaziy Osiyoda boy tarixiy meros va tabiiy go‘zalliklar mavjud. Turizm infratuzilmasini yaxshilash orqali yangi xizmatlar yaratish va ish o‘rinlarini ko‘paytirish mumkin.
  • Mehnat bozorini qayta yo‘nalishtirish Qishloq xo‘jaligida ishlayotgan aholining ma’lum qismini xizmatlar sohasiga yo‘naltirish uchun qayta tayyorlash, kasbiy malaka berish va amaliyot dasturlarini tashkil etish lozim.
  • Shaharlashuv jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash Xizmatlar soha markazlari asosan shaharlarda shakllanadi. Shuning uchun urbanizatsiyani qo‘llab-quvvatlash, infratuzilmani yaxshilash va migratsiyani oqilona boshqarish kerak.
  • Siyosiy va institutsional barqarorlikni ta’minlash Xizmatlar sohasiga investitsiya kiritish uchun siyosiy barqarorlik, adolatli sud tizimi va faol xususiy sektor muhim. Bu omillar himoyalangan va shaffof bozor muhitini ta’minlaydi.

Teglar

Mavzuga oid

Markaziy Osiyoda agrar sektorning YAIMdagi ulushi: 2020—2024 yillardagi o‘zgarishlar | Vaqt.uz