
Markaziy Osiyoda suv tanqisligi: Sovet loyihasi yana kun tartibida
15.07.2025 | 21:4026724
Markaziy Osiyoda suv resurslari tanqisligi yanada keskinlashmoqda. Iqlim o‘zgarishi va aholi o‘sishi ortidan mintaqa mutaxassislari SSSR davridagi katta loyiha — Sibir daryolari suvini janubga yo‘naltirish g‘oyasini qayta muhokama qila boshladi.

Markaziy Osiyoda davom etayotgan suv tanqisligi mintaqada ekologik va ijtimoiy xavflarni kuchaytirmoqda. Ayniqsa, global iqlim o‘zgarishi va aholi soni ortishi katta bosim yaratib, mutaxassislar va siyosiy doiralarni Sovet Ittifoqi davridagi yirik loyiha — Sibir daryolarining bir qismini janubga burish masalasini qayta ko‘rib chiqishga majbur qilmoqda.
Jamestown Foundation tahlil markazi ma’lumotlariga ko‘ra, uzoq davom etayotgan qurg‘oqchilik va suv tanqisligi natijalari Rossiyaning janubiy hududlariga ham ta’sir qila boshlagan. Ayrim rasmiylar esa agar masala yechilmasa, millionlab odamlar shimolga ko‘chib keta boshlashi mumkinligini inkor etmayapti.
Rossiyadagi loyihaning tarafdorlari zamonaviy texnologiyalar orqali ekologik xavfni kamaytirish mumkinligini ta’kidlamoqda. Ular ochiq kanallar o‘rniga yo‘llar bo‘ylab yo‘naltiriladigan magistral quvurlardan foydalanishni taklif qilyapti.
Biroq rasmiy Moskva suv eksport qilinishini moliyaviy kompensatsiyasiz amalga oshirishni rad etmoqda. Ob va Irtish daryolarida suv sathining pasayishi, o‘rmon yong‘inlari xavfi hamda Sibir ekotizimlaridagi muvozanatning buzilishi asosiy xavotir sifatida ko‘rsatilmoqda.
Bundan tashqari, Xitoy, Afg‘oniston va Qozog‘iston kabi mamlakatlar tomonidan amalga oshirilayotgan mustaqil gidrotexnik loyihalar — Irtishdagi to‘g‘onlar, Qo‘shtepa kanali, hamda ichki infratuzilmalar — Moskvadagi muzokaralarda Rossiya pozitsiyasini mustahkamlamoqda, ya’ni, bu Rossiyaga mavjud suv resurslarini oqilona va samarali boshqarilmayotganini ko‘rsatish imkonini beradi.
1970-yillarda ishlab chiqilgan daryo yo‘nalishlarini o‘zgartirishga qaratilgan dastlabki sovet loyihasi 2 500 kilometr uzunlikdagi «Sibir – O‘rta Osiyo» kanalini qurishni nazarda tutgan. Ekologik oqibatlarni bartaraf etish xarajatlarini hisobga olmagan holda, ushbu ulkan loyihaning umumiy qiymati bugungi hisob-kitoblarga ko‘ra taxminan 30–40 milliard AQSH dollariga teng baholangan.





