add

Mehmonlar keladi, byudjet ketadi: Andijon xalqi nima oladi?

12.06.2025 | 15:2016265

2025 yilning 9 iyun kuni Andijon viloyati hokimi tomonidan imzolangan rasmiy qarorga asosan, viloyat byudjeti zaxira jamg‘armasidan 437 mln so‘m «Qabullar uyi» davlat muassasasiga ajratiladi. Bu mablag‘ 15–16 aprel kunlari viloyatga tashrif buyurgan yuqori martabali mehmonlar uchun tayyorgarlik tadbirlari bilan bog‘liq qarzdorlikni qoplash maqsadida yo‘naltiriladi.

Mehmonlar keladi, byudjet ketadi: Andijon xalqi nima oladi?
Byudjet mablag‘larining sarflanishi ko‘p holatlarda jamoatchilik muhokamasidan chetda bo‘lib o‘tadi. Ammo bu kabi qarorlar har gal jamoatchilikning muhim savolini qayta qo‘zg‘aydi: mamlakat mablag‘lari haqiqiy ehtiyojlarga yo‘nalmoqdami yoki «protokol xarajatlar»gami? Viloyatdagi zaxira jamg‘armasi – bu faqat kutilmagan va favqulodda holatlar uchun mo‘ljallangan, jamiyat ehtiyojlarini tezkor qoplash vositasi hisoblanadi. Qonunchilikda ham bu jamg‘arma mablag‘larini qanday vaziyatda va qanday ustuvorlikka ko‘ra sarflash aniq belgilab qo‘yilgan. Ana shunday vaziyatda, mehmonlar tashrifidan so‘ng ikki oy o‘tib, qarzdorlikni qoplash uchun deyarli yarim milliard so‘m ajratilishi – o‘rinlimi? Bu nafaqat samaradorlik nuqtai nazaridan, balki shaffoflik va javobgarlik masalasi hamdir. Ochig‘ini aytganda, bir martalik tashrif uchun bunday katta miqdordagi mablag‘ni sarflash – bu aholining kundalik ehtiyojlari va infratuzilmaviy muammolariga nisbatan bee’tiborlikni anglatishi mumkin.   Hokimlar byudjetni taqsimlashga haqlimi? O‘zbekiston Respublikasi «Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida»gi Qonun va Byudjet kodeksiga ko‘ra, mahalliy hokimlar mahalliy byudjetni boshqarish va uning yo‘nalishlarini belgilash vakolatiga ega. Ammo bu vakolat mutlaq emas. Ya’ni hokimlar har qanday mablag‘ni o‘z xohishiga ko‘ra sarflay olmaydi. Ular jamoat manfaatini hisobga olgan holda, shaffof, aniq, hisobotli va qonuniy harakat qilishi shart. Qarorda «Qabullar uyi»ning 23 apreldagi xati asosida mablag‘ ajratilishi aytiladi, lekin unda anik hisobot, xarajatlar tarkibi, real natija va manfaatdorlik darajasi ko‘rsatilmagan. Bu esa jamoatchilik nazoratining yetishmasligini, fuqarolarning davlat mablag‘lari to‘g‘risidagi ma’lumotlarga bo‘lgan huquqi cheklanayotganini anglatadi.   Muallimga oylik, yoshlarga ish o‘rni, mahallaga suv kerak emasmi? 437 million so‘m – bu taqriban: 200 nafar muallimning bir oylik maoshi; 10 ta bolalar bog‘chasini ta’mirlash yoki aholi uchun muhim hisoblangan yangi suv inshooti, elektr uskunalari, internet infratuzilmasi. Shu paytda viloyatda ishsizlik, ijtimoiy himoyasizlik, ta’lim va tibbiyot sohalaridagi tanqislik kabi muammolar keraklicha hal etilmagan. Bu esa «qabullar»ga pul topilsa-da, xalq ehtiyojlari ikkinchi darajaga tushib qolganini ko‘rsatadi.

Teglar

Mavzuga oid