add

«Meta» va «YouTube» yoshlar uchun qanchalik xavfli? Tarmoqlar ishi sudda ko‘rilyapti

29.01.2026 | 17:117 daqiqa

Yillar davomida ijtimoiy tarmoqlar gigantlari o‘z platformalari yoshlarning ruhiy salomatligiga zarar yetkazishi haqidagi da’volarni rad etib kelgan. Endi esa ular ilk bor bu ayblovlar bo‘yicha sud hay’ati oldida, qonuniy sud jarayonida o‘zini himoya qilishga majbur.

«Meta» va «YouTube» yoshlar uchun qanchalik xavfli? Tarmoqlar ishi sudda ko‘rilyapti

«KGM» deb tanishtirilgan 19 yoshli qiz va uning onasi Karen Glenn «TikTok», «Meta», «Snap» hamda «Google»ga qarashli «YouTube» kompaniyalarini sudga berdi. Da’vo arizasida kompaniyalar ataylab qaramlik keltirib chiqaradigan funksiyalar yaratgani, bu esa qizning ruhiy salomatligiga zarar yetkazib, o‘ziga ziyon yetkazish va o‘z joniga qasd qilish haqidagi fikrlarga olib kelgani ta’kidlanadi. Bu haqda «CNN» xabar berdi.

Da’vogarlar advokati Mark Laniyerning aytishicha, «TikTok» ish sudga chiqishidan bir kun oldin maxfiy shartlar asosida kelishuvga erishgan. «Snap» esa o‘tgan hafta maxfiy shartlar bilan kelishuv qilgan.

Ota-onalar, faollar, tibbiyot mutaxassislari, texnologiya sohasidagi ekspertlar yillar davomida ijtimoiy tarmoqlar yoshlarni uzluksiz lentani aylantirishga o‘rgatib qo‘yishi, tahqirlash (bulling)ga yo‘l ochishi, uyquni buzishi va zararli kontent “tuynuk”lariga olib kirishidan xavotir bildirib kelmoqda. Texnologiya kompaniyalari rahbarlari bir necha bor AQSH Kongressi oldiga chaqirilgan, hatto ayrim holatlarda ijtimoiy tarmoqlar sabab farzandlari halok bo‘lgan yoki jabr ko‘rganini aytgan ota-onalardan uzr so‘ragan. Shunga qaramay, AQSHda bu kompaniyalar hozirgacha jiddiy jazo yoki qat’iy tartibga solish choralariga duch kelmagan.

«KGM» ishi doirasida aniq ko‘rsatilmagan miqdorda moliyaviy tovon puli talab qilinmoqda. Bu ish natijasi «Meta», «Snap», «TikTok» va «YouTube»ga qarshi ochilgan mingdan ortiq shunga o‘xshash shaxsiy da’volar qanday hal etilishiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Laniyerning aytishicha, «KGM» ishi bo‘yicha «Snap» va «TikTok» bilan erishilgan kelishuvlar boshqa ishlar bo‘yicha ham kelishuvlarga yo‘l ochishi mumkin.

Los-Anjelesda o‘tayotgan va bir necha hafta davom etishi kutilayotgan sud jarayonida «Meta», «TikTok» va «YouTube»ning yuqori lavozimli rahbarlari guvoh sifatida so‘roq qilinishi kutilmoqda.

So‘nggi yillarda «TikTok», «Meta», «YouTube» va «Snap» yosh foydalanuvchilarni himoya qilish maqsadida xavfsizlik funksiyalari, siyosatlar hamda ota-ona nazorati vositalarini joriy etganini aytib kelmoqda. Bu to‘rtta ijtimoiy tarmoq kompaniyasi joriy yilda boshqa sud ishlarida ham qatnashmoqda, jumladan maktab okruglari va shtat bosh prokurorlari tomonidan ochilgan ishlar ham bor. Agar ular yutqazsa, bu kompaniyalar milliardlab dollar tovon to‘lashga majbur bo‘lishi va o‘z platformalarini o‘zgartirishiga to‘g‘ri kelishi mumkin.

«Farzandlari yirik texnologiya platformalari orqali ekspluatatsiya qilingan, aldangan yoki halok bo‘lgan ota-onalar uchun navbatdagi olti hafta – bu yillar davomida kompaniyalar tomonidan e’tiborsiz qoldirilganidan so‘ng javobgarlikka olib kelish yo‘lidagi birinchi qadamdir. Bu – bizning avlodimiz uchun “tamaki sudlari”dir. Ilk bor butun mamlakat bo‘ylab oilalar yirik texnologiya kompaniyalari rahbarlaridan ular bolalarni qaram qilib qo‘yish uchun mahsulotlarni qanday qilib ataylab ishlab chiqqanini to‘g‘ridan to‘g‘ri eshitadi», – deydi internetda bolalar xavfsizligini himoya qiluvchi «Heat Initiative» nodavlat tashkiloti rahbari Sara Gardner.

«KGM» ishi

«KGM»ning da’vosida ijtimoiy tarmoqlar gigantlari yoshlar uchun xavf-xatarlarni yaxshi bilgan holda ham o‘z platformalarini ataylab qaramlik keltirib chiqaradigan qilib ishlab chiqqan, deb ta’kidlanadi. Sud hujjatlariga ko‘ra, Kaliforniyada yashovchi «KGM» 10 yoshida ijtimoiy tarmoqlardan foydalana boshlagan. Bu uning onasi platformaga kirishni cheklash uchun uchinchi tomon dasturlaridan foydalanishga uringaniga qaramay sodir bo‘lgan.

«Javobgarlar o‘z mahsulotlarini bolalarga ota-ona roziligini chetlab o‘tish imkonini beradigan tarzda loyihalashtiradi», – deyiladi da’vo arizasida.

Da’voga ko‘ra, «Instagram», «TikTok» va «Snapchat»ning «qaramlik keltiruvchi dizayni» hamda tez-tez yuboriladigan bildirishnomalar «KGM»ning platformalardan majburiy ravishda foydalanishiga olib kelgan, bu esa uning ruhiy salomatligi yomonlashuvi bilan bir vaqtga to‘g‘ri kelgan.

Shikoyat arizasida aytilishicha, «Snapchat» va «Instagram»da boshqa foydalanuvchilar bilan ulanishni tavsiya qiluvchi funksiyalar «voyaga yetmagan da’vogar «KGM» va u real hayotda tanimagan mutlaqo begona shaxslar, jumladan tajovuzkor kattalar o‘rtasida aloqalarni yaratgan va osonlashtirgan». Shuningdek, «Instagram» va «TikTok» «KGM»ni «tushkunlikka soluvchi» hamda «zararli ijtimoiy taqqoslash va tashqi qiyofa (badan) haqidagi» kontent bilan ataylab «nishonga olgan», deb da’vo qilinadi.

«KGM»ning aytishicha, «Instagram»da u tahqirlashga duch kelgan. Jinoyatchi shaxs insonning ochiq-oydin suratlarini tarqatish bilan tahdid qilib, pul yoki yanada ko‘proq suratlar talab qiladi. Da’vo arizasiga ko‘ra, «Meta» muammoga munosabat bildirishi uchun ikki hafta vaqt ketgan, bunda «KGM»ning do‘stlari va oila a’zolari «Instagram»ni doimiy ravishda belgilab, uni nishonga olgan shaxslar haqida boshqa foydalanuvchilardan shikoyat qilishni so‘rashgan».

«Javobgarlarning mahsulot dizayni, marketing, tarqatish, dasturlash va operatsion qarorlari hamda xatti-harakatlari ongli va qasddan amalga oshirilib, «KGM» va uning oilasiga jiddiy ruhiy va hissiy zarar yetkazdi. Bu zararlar, jumladan, mahsulotlarga xavfli darajada qaram bo‘lib qolish, xavotir, depressiya, o‘z-o‘ziga zarar yetkazish va tana obrazi buzilishi kabi holatlarni o‘z ichiga oladi, ammo bu bilan cheklanmaydi», – deyiladi da’voda.

«KGM» ishi «TikTok», «YouTube», «Meta» va «Snap» faoliyati sabab o‘xshash zarar yetgani haqidagi taxminan 1 500 ta shaxsiy da’voni birlashtirgan ko‘p-hududli sud jarayonidagi bir nechta «namunali» ishlardan biri hisoblanadi.

Kompaniyalar nima deyapti?


2024 yilda AQSHning o‘sha paytdagi bosh jarrohi Vivek Murti Kongressni yoshlar o‘rtasidagi «ruhiy salomatlik inqirozi»ni inobatga olgan holda ijtimoiy tarmoq platformalariga tamaki mahsulotlariga o‘xshash ogohlantiruvchi yorliq joriy etishga chaqirgan edi. Bu tashabbusni ayrim shtatlar bosh prokurorlari ham qo‘llab-quvvatlagan. Shuningdek, o‘tgan yili e’lon qilingan «Pew Research Center» tadqiqotiga ko‘ra, AQSHdagi o‘smirlarning deyarli yarmi ijtimoiy tarmoqlar o‘z yoshidagilarga «asosan salbiy» ta’sir ko‘rsatadi, deb hisoblaydi.

Biroq texnologiya kompaniyalari rahbarlari yillar davomida ijtimoiy tarmoqlar yoshlarning ruhiy salomatligiga zarar yetkazishi haqidagi fikrlarni rad etib kelmoqda. Ular bu masala bo‘yicha qat’iy ilmiy dalillar yetishmasligini ta’kidlab, platformalar ko‘ngilocharlik va do‘stlar bilan aloqa o‘rnatish kabi ijobiy jihatlarni taqdim etishini aytmoqda.

Texnologiya gigantlari xavfsizlikka oid da’volarga qarshi himoya sifatida ko‘p bora ularni foydalanuvchilar joylashtirgan kontent uchun javobgarlikdan himoya qiladigan federal qonunga tayanishgan. «KGM» va shu kabi ishlarga rahbarlik qilayotgan Los-Anjeles oliy sudi sudyasi Karolin Kul o‘tgan yili hay’at a’zolari faqat kontentni emas, balki kompaniyalar joriy etgan dizayn elementlari – masalan, cheklanmagan (uzluksiz) lenta aylantirish funksiyasi – ruhiy salomatlikka zarar yetkazgan-yetkazmaganini ham hisobga olishi kerakligini aytgan.

«Snap» avvalroq «Snapchat» an’anaviy ijtimoiy tarmoqlardan farqli ravishda ishlab chiqilgani, u lenta emas, kamera bilan ochilishi va ochiq layklar yoki ijtimoiy taqqoslash ko‘rsatkichlariga ega emasligini bildirgan.

«Snapchat»ning yoshlar xavfsizligi bo‘yicha choralariga ota-ona nazorati vositalari va yoshga mos bo‘lmagan kontentni o‘chirish mexanizmlari kiradi.

«Meta» esa yuqoridagi kabi da’volar «kompaniya va uning yoshlar uchun xavfsiz va foydali onlayn tajribalar yaratish borasida har kuni olib borayotgan ishlarini noto‘g‘ri aks ettiradi», deb ta’kidlaydi.

«Biz ota-onalarni tingladik, eng muhim masalalarni o‘rgandik va o‘smirlarni internetda himoya qilish uchun aniq o‘zgarishlar kiritdik. Da’vogarlar advokatlari kompaniyani ataylab noto‘g‘ri ko‘rsatish uchun ayrim suhbat parchalari yoki tanlab olingan iqtiboslardan foydalanishi mumkin, ammo biz erishgan yutuqlarimiz bilan faxrlanamiz, o‘smirlar xavfsizligini ustuvor qo‘ygan faoliyatimizga sodiqmiz va bu boradagi ishlarni davom ettiramiz», – deyiladi «Meta» bayonotida.

«Meta»ning yoshlar xavfsizligi choralari qatoriga 2024 yilda ishga tushirilgan «o‘smirlar akkauntlari» kiradi. Ular «Instagram»da o‘smirlar uchun standart maxfiylik himoyasi va kontent cheklovlarini ta’minlaydi. Shuningdek, ota-ona nazorati vositalari mavjud va «Meta» sun’iy intellekt orqali foydalanuvchilar ro‘yxatdan o‘tayotganda ko‘rsatgan yoshidan qat’i nazar, voyaga yetmaganlarni aniqlashga harakat qiladi.

«YouTube» vakili Xose Kastaneda ham o‘z bayonotida yoshlar ruhiy salomatligiga oid sud da’volaridagi ayblovlarni «mutlaqo asossiz» deb atadi.

«Yoshlar uchun xavfsiz va sog‘lom muhit yaratish doim ishlarimizning markazida bo‘lgan. Yoshlar, ruhiy salomatlik va ota-onalik bo‘yicha mutaxassislar bilan hamkorlikda biz yoshlarga yoshiga mos tajriba, ota-onalarga esa kuchli nazorat imkoniyatlarini beruvchi xizmatlar va siyosatlarni ishlab chiqdik», – dedi u.

«YouTube»ning yoshlar xavfsizligi choralari qatoriga zo‘ravonlik yoki jinsiy ishoralar mavjud videolar kabi ayrim sezgir kontent turlariga cheklovlar, sun’iy intellekt orqali voyaga yetmaganlarni aniqlash, ota-ona nazorati vositalari kiradi. Shuningdek, o‘tgan hafta kompaniya ota-onalarga farzandlarining qisqa videolar lentasini aylantirishini cheklash yoki butunlay bloklash imkonini beruvchi yangi funksiyani joriy etdi.

«TikTok»ning so‘nggi yillarda joriy etgan yoshlar xavfsizligi va ota-ona nazorati choralari orasida esa standart maxfiylik sozlamalari, kechasi bildirishnomalarni o‘chirish kabi funksiyalar bor. O‘tgan yili kompaniya o‘smirlarni lentani kamroq aylantirishga undash maqsadida «yo‘naltirilgan meditatsiya» funksiyasini ishga tushirgan.

Shunga qaramay, ko‘plab ota-onalar va faollar ijtimoiy tarmoqlar hali ham yosh foydalanuvchilarni yetarlicha himoya qila olmayapti, deb hisoblaydi.

Teglar

Mavzuga oid