
«Moliyaviy piramida emasmi?» Lombard va MKT mikroqarz stavkalari — 109,5 foizgachani tashkil etmoqda
08.10.2025 | 15:00110215
Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, lombardlarda mikroqarzlar bo‘yicha o‘rtacha yillik foiz 97,1 foizni, mikromoliya tashkilotlarida esa 54,8 foizni tashkil etmoqda. Ayrim lombardlar esa 109,5 foizlik stavkalar bilan ishlamoqda.

Markaziy bank 2025 yilning oktyabr oyidan boshlab O‘zbekistonda mavjud lombard va mikromoliya tashkilotlari bozori stavkalarini e’lon qila boshladi. Avgust holatiga ko‘ra, lombardlarda mikroqarzlarning o‘rtacha yillik stavkasi 97,1 foiz, mikromoliya tashkilotlarida esa jismoniy shaxslarga berilgan mikroqarzlarning o‘rtacha stavkasi 54,8 foizni tashkil qiladi. Ayrim lombardlar esa yillik 109,5 foizga yetuvchi stavkalar bilan ishlamoqda — bu banklardagi mikrozaymlar stavkasidan 2–3 barobar yuqori.
Aksariyat lombardlarda yillik stavka 90 foizdan baland
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda hozir 90 ta lombard rasmiy ro‘yxatga olingan. Eng past stavka taklif qilayotgan lombard — «Swift kredit» bo‘lib, undagi yillik mikroqarz foizining o‘zi ham 60 foizni tashkil etadi. Lekin lombardlarning katta qismi yillik 90 foizdan oshgan stavkalar bilan ishlamoqda. 23 ta lombard esa 109,5 foiz stavkada mikroqarz berayotgani qayd etilgan.
Mikromoliya tashkilotlarida (MKT) esa jismoniy shaxslarga berilayotgan mikroqarzlarning o‘rtacha stavkasi 54,8 foiz, ayrim MKTlarda bu ko‘rsatkich 80 foiz yoki undan yuqori darajaga chiqadi.
Bank va moliya sohasida ekspert Yodgor U. LinkedIn tarmog‘iga joylagan postida lombardlar ajratayotgan pulni "qarz domiga olib boradigan yo‘l", deb atadi.
«... raqamlarning o‘zi vaziyat naqadar og‘ir ekanini ko‘rsatmoqda. 2025 yil avgust holatiga e’lon qilingan grafiklarni tahlil qilamiz: lombardlar: o‘rtacha stavka yiliga 97,1 foiz. Ayrim lombardlar mikroqarzlarni 109,5 foizga berishmoqda. Bu shok ko‘rsatkich. Analogiya: Agar Markaziy bankning asosiy stavkasi moliyaviy «uy»ning poydevori bo‘lsa (hozirda 14 foiz), 109,5 foiz — bu poydevor ustidagi o‘n qavatli penthaus, u butun konstruksiyani qulatishi mumkin. Lombard — bu «oxirgi najot» kreditori, ammo bunday narx — qarz domiga olib boradigan yo‘l, deb yozgan u.
Yuridik shaxslar uchun MKT stavkalari o‘rtacha 47,6 foiz atrofida. Taqqoslash uchun: banklar bozorida mikrozaymlarning o‘rtacha yillik stavkasi Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra 33,7 foiz. Bu ma’lumotlar — bank va nobank sektoridagi stavka bo‘yicha tafovut juda katta ekanini ko‘rsatadi.
«Bank va nobank bozorlari o‘rtasidagi farq — bir yarim uch baravar! Bu tafovut (33,8 foizdan 109,5 foizgacha) — moliyaviy resurslarga teng bo‘lmagan imkoniyat va «ikki xil bozor»ning shakllanayotganidan dalolat beradi! Past daromadli odamlar, «tez pul»ga muhtoj bo‘lgani uchun, ushbu tuzoqqa tushib qoladi. Natijada rivojlanish o‘rniga moliyaviy qulash yuz beradi.
Nobank sektoridagi yuqori stavkalar — bu shunchaki marja masalasi emas, bu ijtimoiy mas’uliyat va mamlakat moliyaviy barqarorligi masalasi. Aholining bir qismini adolatli moliyalashtirish imkoniyatidan mahrum qilib, «qarz qulligiga» tushib qolishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi, deb yozdi Yodgor U.
Uning postiga javob qaytarar ekan, odamlarni qarzdan himoya qilgan yaxshimi yoki ochlikdan deya savol qo‘ydi LinkedIn foydalanuvchilaridan biri.
«Bozorning ko‘rinmas qo‘li hamma narsani tartibga soladi. Banklar va mikromoliya tashkilotlari turli xil mijozlarga ega. Mikromoliya tashkilotlari banklar tomonidan rad etilganlarga kredit beradi. Xatarlar yuqori shuning uchun foiz stavkalari ham yuqori. Va paternalizm haqida. Agar bankda bo‘lmaganlarning krediti yo‘qolsa ba’zi odamlar oylik kungacha kun ko‘ra olmay, och qoladilar. Qaysi qadriyat yuqoriroq odamlarni qarzdan himoya qilishmi yoki ochlikdan himoya qilishmi?»
Yuqori stavka nimadan kelib chiqqan?
Bank va moliya sohasi mutaxassisi, Bankers.uz nashri asoschisi Ismoil Turopov nima sababdan lombard va mikromoliya tashkilotlarida foiz stavkalari bunchalik baland ekanini tushuntirdi.
«Bu birinchi o‘rinda resurs masalasi bilan bog‘liq. Mikromoliya tashkilotlarining o‘zi ham banklardan olgan kreditlari yoki investordan jalb qilgan mablag‘lari hisobidan kredit ajratadi. Bunda kredit stavkasi ma’lum darajada yana oshadi. Ikkinchidan, risk masalasi bor. Lombard va mikromoliya tashkilotlari odatda, bankdan rad javobi olgan mijozlarga kredit ajratadi. Ularda ham KATM va skoringdan o‘tkazish amaliyoti bor, ammo ular mijozning qarzni to‘lay olish qobiliyatini iloji boricha yuqori baholashga harakat qiladi va bu tavakkalchilik uchun yana foiz stavkasini oshirishga to‘g‘ri keladi. Albatta, bu jarayonni Markaziy bank tartibga soladi, bunda to‘g‘ridan-to‘g‘ri foizlarning yuqori chegarasini cheklash bilan emas, boshqa produnsial metodlarda foydalanadi», — dedi Ismoil Turopov.Ma’lumot uchun, «Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalashtirish faoliyati to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq, lombard va MKTlarga jismoniy shaxsga kredit (mikroqarz) berish shartnomasi bo‘yicha yillik qarz miqdorining yarmidan ko‘pini tashkil etadigan summada foizlar hisoblash, vositachilik haqlari va neustoyka (jarima, penya) undirish, javobgarlikning boshqa choralarini qo‘llash mumkin emas. Lombardlar yillik stavkani yashirmoqda Vaqt.uz jurnalisti 109,5 stavkada mikroqarz ajratayotgan bir nechta lombard tashkilotlari bilan bog‘lanib, ulardagi mikroqarz olish shartlari va foiz stavkalarini surishtirdi. Qo‘ng‘iroqqa javob bergan lombardlarning barchasida xodimlar mikroqarz bo‘yicha ma’lumot berar ekan, uning faqat oylik foizinigina ma’lum qildi. Masalan, 109,5 foiz yillik stavka oylik 9,1 foiz deb aytilmoqda. Bu esa mikroqarz stavkalarini jozibador qilib ko‘rsatishi mumkin. «Reklama to‘g‘risidagi qonun»ga ko‘ra, moliyaviy xizmatlar reklamasida moliyaviy xizmatlar ko‘rsatish uchun shartnomalarning muhim shartlarini ochib berilishi kerak. Moliyaviy xizmatlar reklamasi yoki ular haqidagi reklama tarzidagi axborot foydalanuvchining ishonchini suiiste’mol qilmaydigan va reklamadan foydalanuvchining tajribasi va bilimi yetishmasligidan foydalanish niyatini ko‘zlamaydigan usulda taqdim etilishi lozim. Shuningdek, «Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalashtirish faoliyati to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq, iste’molchilar nobank kredit tashkilotlaridan xizmat to‘g‘risida, shuningdek iste’molchilar xizmatni ko‘rsatuvchi tashkilot haqida to‘g‘ri va to‘liq axborot olishga haqli. Mikromoliya tashkilotlari va lombardlar ko‘rsatiladigan xizmatlarning ro‘yxati, ularning qiymati to‘g‘risidagi, shu jumladan kreditning (mikroqarzning) to‘liq qiymatini hisoblash tartibi, shuningdek xizmatlar ko‘rsatishning miqdori va muddatlari haqidagi ma’lumotlarni taqdim etishi kerak. Aholining mikroqarzga bo‘lgan talabi va qarz yuki ortib bormoqda Markaziy bank tomonidan 2024 yilgi moliyaviy barqarorlik sharhida keltirilishicha, O‘zbekistonda bankdan kredit olgan aholining umumiy qarz yuki ko‘rsatkichi oshib bormoqda. 2024 yilda banklardan kredit olgan jismoniy shaxslarning bank va bankdan tashqari barcha qarzlarini inobatga olgan holdagi umumiy qarz yuki darajasi o‘rtacha 34 foizni tashkil etgan. 2024 yilda bankdan qarz olgan aholi orasida umumiy DSTI (qarz oluvchining daromadidan kreditni so‘ndirishga yo‘naltiriladigan ulushi) ko‘rsatkichi 50 foizdan yuqori qarzdorlarga to‘g‘ri keladigan kreditlar hajmining ulushi 40 foizga yetgan. 2024 yilda mikroqarz olgan jismoniy shaxslarning bank va bankdan tashqari barcha majburiyatlari bo‘yicha o‘rtacha DSTI ko‘rsatkichi 34 foizni tashkil etdi. Mikroqarz oluvchilarning qarz yuki darajasi ipoteka yoki avtokredit oluvchilar qarz yukiga nisbatan pastroq shakllangan bo‘lsa-da, uning o‘sish sur’ati tezlashgan. 2024 yil 1 iyuldan boshlab mikroqarz oluvchilar bo‘yicha qarz yuki talabining yengillashtirilganligi DSTI ko‘rsatkichining ortishida o‘z ifodasini topgan.
«2025 yilning 1 yanvar holatiga ko‘ra, tijorat banklaridan mikroqarz oluvchilar soni qariyb 2,3 mln kishini tashkil etib, 2024 yilning mos holatiga nisbatan 37 foizga oshgan. Shuningdek, mikroqarzlar bo‘yicha har bir qarz oluvchiga to‘g‘ri keladigan shartnomalar soni 1,5 tadan 1,7 tagacha ortgan. Bu esa, aholida ortiqcha qarz yukining paydo bo‘lishi bilan bog‘liq xavotirlarni kuchaytirmoqda», — deyiladi Markaziy bank sharhida.Mohinur G‘aniyeva tayyorladi.





