add

Narxlar, ijara va daromadlar: uy-joy bozorida vaziyat qanaqa?

Bugun 17:271415 daqiqa

O‘zbekistonda III chorakda ko‘chmas mulk bozori jonlanib, oldi-sotdi va ipoteka kreditlari o‘sdi, ammo bozorda dollarlashuv, ijara narxlarining uzluksiz oshishi va daromadlar manbai asosiy xavf bo‘lib qolmoqda.

Narxlar, ijara va daromadlar: uy-joy bozorida vaziyat qanaqa?

Shu yilning uchinchi choragida ko‘chmas mulk bozorida faollik oshdi. Bu haqda Markaziy bank ko‘chmas mulk bozori bo‘yicha sharh e’lon qildi.

Xususan, III chorakda ko‘chmas mulk oldi-sotdi shartnomalari 81,4 mingtani tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 14,1 foizga oshdi.

Dastlabki 9 oy yakunlariga ko‘ra, ko‘chmas mulk oldi-sotdisi bilan bog‘liq shartnomalar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 12,8 foizga o‘sib, 229,8 mingtani tashkil qildi.

Respublikaning aksariyat hududlarida o‘rtachadan yuqori o‘sish qayd etilgan. Jumladan, Farg‘ona vodiysida o‘sish 7–8 foiz atrofida saqlanmoqda. Toshkent viloyatida esa ko‘rsatkich past, ya’ni 1,7 foizni tashkil qildi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lumotlariga ko‘ra, eng yuqori yillik o‘sish Buxoro (+35,4 foiz), Qashqadaryo (+26,5 foiz) va Samarqand (+21,7 foiz) viloyatlarida qayd etilgan. Respublika bo‘yicha barcha bitimlarning qariyb 30 foizi poytaxt hissasiga to‘g‘ri kelib, noyabr oyida esa uy-joy savdosi hajmi yillik hisobda 8,8 foizga o‘sgan edi.

kochmas mulk 01

Ipoteka kreditlari hajmi yil davomida ketma-ket oshmoqda

III chorakda ajratilgan ipoteka kreditlari hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 14,9 foizga oshib, 5,6 trln so‘mni tashkil etdi. Yil boshidan ipoteka kreditlari portfeli qoldig‘ining yillik o‘sishi 17 foiz atrofida davom etmoqda.

Ma’lumot uchun, 2040 yilgacha ipoteka krediti portfeli 56,7 mlrd dollarga yetkazilishi rejalashtirilgan.

Markaziy bank bu holatni aholi daromadlarining ortishi bilan izohlamoqda. Bunda shu yilning 9 oyi yakunlariga ko‘ra, real o‘sish 8,4 foiz deb qayd etilgan.

Biroq, avvalroq Vaqt.uz O‘zbekistonda aholi daromadlari ko‘rsatkichi oshishida asosiy omil pul o‘tkazmalari ekanini ma’lum qilgan edi. Ya’ni bu o‘sish, asosan, mehnat migrantlari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

kochmas mulk 02

Ko‘p qavatli uylarni topshirish o‘tgan yilga nisbatan past darajada

Shu yilning yanvar–sentabr oylarida qurilish ishlari hajmining real o‘sish sur’ati 14,2 foizga teng bo‘ldi. Jumladan, 2025 yilda qurilish sohasidagi o‘sish 61,6 trln so‘mga yetib, 5 yillik davrda eng yuqori natija qayd etildi. Bu 2021 yilga nisbatan qariyb 3 barobar o‘sish degani.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, foydalanishga topshirilgan umumiy maydon hajmining o‘sish sur’ati sekinlashganiga qaramasdan, barqarorlik saqlanib qolmoqda. Dastlabki 9 oy yakunlariga ko‘ra, 11,1 mln kvadrat metr uy-joy foydalanishga topshirildi, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,4 foizga yuqori (4-rasm).

Bunda o‘sish, asosan, yakka tartibdagi uy-joylar hajmining ko‘payishi hisobidan ta’minlanmoqda. Ko‘p qavatli uy-joylarni foydalanishga topshirish esa o‘tgan yilgi ko‘rsatkichlarga nisbatan past darajada shakllangan. Bu turar joy majmualarining qurilishi davom etayotgani va ob’ektlarning keyingi davrlarda ishga tushirilishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Shu o‘rinda, aholining uy-joy qurilishiga kiritayotgan investitsiyalari ham ortib, uchinchi chorakda jami investitsiyalarning 6 foizini (yil boshidan 7,2 foiz) tashkil etdi.

Aholiga uy-joy sotib olish qanchalik zarur?

So‘rovnoma natijalariga ko‘ra, uy-joy sotib olishga bo‘lgan talab barqaror saqlanmoqda. Masalan, respondentlarning 6 foizi kuzatilayotgan davrda turar joy sotib olganini aytgan. Ayni paytda, uy-joy xarid qilish bo‘yicha kutilmalar joriy yilning 9 oyi davomida o‘rtacha 8,6 foizgacha pasaygan. Ma’lumot uchun, 2024 yilning mos davrida ushbu ko‘rsatkich 9,8 foizni tashkil etgan.

kochmas mulk 03

Ko‘chmas mulk bozorida uy-joyga taklif hanuz yuqori darajada qolmoqda. Bu holat bozorning barcha yo‘nalishlarida — yangi uylar, ikkilamchi uylar, ijara va yer uchastkalari bozorida ham kuzatilmoqda. Joriy yilning dastlabki 9 oyida o‘rtacha oyiga 41,6 mingta e’lon joylashtirilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich 2024 yildagi 42,7 mingta e’londan biroz kam (6-rasm).

Avvalroq, Vaqt.uz ikkilamchi uy-joy bozori va poytaxtdagi ijara bozorining holati haqida xabar bergan edi.

So‘m mustahkamlanishi fonida uy-joy narxlari tezroq oshdi

Respublika bo‘yicha ko‘p qavatli uy-joy bozorida narxlar oshgan. Xususan, birlamchi bozorda uylar narxi so‘mda 2,4 foizga, dollarda esa 5,5 foizga ko‘tarilgan (7-rasm).

Ikkilamchi bozorda esa xonadonlar narxi so‘m hisobida 1,8 foizga, dollarda 5 foizga oshgan (8-rasm).

kochmas mulk 04

Markaziy bank ko‘chmas mulk bozorida aksariyat sotuvchilar dastlabki hisob-kitoblarni xorijiy valyutada shakllantirishga moyil bo‘lgani sababli, ushbu tendensiya ularning o‘z aktivlari qiymatini milliy valyutada saqlab qolish maqsadida narx kutilmalarini moslashtirayotgani bilan izohlamoqda.

Oddiy qilib aytganda, bu holat ko‘chmas mulk bozorida dollarlashuv hanuz yuqori ekanini ko‘rsatadi. Ya’ni uylar nafaqat dollarda baholanmoqda, balki ayrim holatlarda savdo-sotiq va hisob-kitoblar ham dollar orqali amalga oshirilmoqda.

«Fundamental omillardan, jumladan pul o‘tkazmalari hisobiga daromadlar o‘sishi tezlashgani, qurilish va yer tannarxi qimmatlashgani va sur’at pasayganidan tashqari, ko‘chmas mulk bozori bir muddat o‘tib yana o‘sish trendiga qaytganini omonatlar bo‘yicha foiz stavkalar pasaya boshlagani bilan ham bog‘lash mumkin», — deb yozdi iqtisodchi Otabek Bakirov.

Bahordan buyon ijara narxlari to‘xtovsiz oshmoqda

Ijara bozoridagi faollik avgust–sentabr oylaridagi turar joyga mavsumiy talabning ortishi fonida sezilarli darajada oshdi. Bundan tashqari, o‘tgan chorak boshidan ijara to‘lovlarining o‘sish sur’ati yuqori darajada tezlashdi.

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, bahordan buyon ijara narxlari to‘xtovsiz oshib bormoqda. Respublika bo‘yicha ijara narxlari indeksi yil davomida 8,4 foizga, Toshkent shahrida esa 5,4 foizga ko‘tarilgan (9-rasm).

kochmas mulk 05

Ijara narxlari o‘sishining tezlashishi ikkilamchi uy-joy bozoridagi narxlar o‘sishi o‘rtasidagi tafovutni qisqartirmoqda (10-rasm). Bu ijaraga bo‘lgan talabning o‘sishi va bozorning muvozanatlashuvi bilan bog‘liq.

Umuman olganda, joriy yilning uchinchi choragida O‘zbekistonda ko‘chmas mulk bozori faollashdi. Oldi-sotdi bitimlari va ipoteka kreditlari hajmining oshishi bozorda talab barqaror ekanini ko‘rsatmoqda. Aholi daromadlarining o‘sishi rasmiy sabab sifatida keltirilayotgan bo‘lsa-da, bu jarayonda pul o‘tkazmalari, ayniqsa, mehnat migrantlari hissasi muhim omil bo‘lib qolmoqda.

Shu bilan birga, uy-joy taklifi hanuz yuqori darajada saqlanib, barcha segmentlarda e’lonlar soni katta. Qurilish hajmlari o‘sib borayotgan bo‘lsa-da, ko‘p qavatli uylarni foydalanishga topshirish sur’ati sekinlashgan, o‘sish asosan yakka tartibdagi uylar hisobidan ta’minlanmoqda.

Narxlar dinamikasi esa bozorning dollarlashuv darajasi yuqori ekanini yana bir bor ko‘rsatdi. So‘m mustahkamlanishiga qaramasdan, uy-joy narxlari dollarda tezroq oshmoqda va ko‘plab bitimlarda xorijiy valuta asosiy mezon bo‘lib qolmoqda.

Ijara bozorida esa bahordan buyon uzluksiz o‘sish kuzatilib, mavsumiy talab fonida faollik yanada kuchaydi. Ijara narxlarining tez o‘sishi ikkilamchi uy-joy bozori bilan tafovutni qisqartirib, bozorning muvozanatlashuviga olib kelmoqda.

Xulosa qilib aytganda, ko‘chmas mulk bozori hozircha barqaror o‘sish bosqichida, biroq narxlar, dollarlashuv va daromadlar manbai bilan bog‘liq omillar kelgusida bozor rivojiga ta’sir qiluvchi asosiy risk va trendlar bo‘lib qolmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vaqt.uz Toshkent uy-joy bozorida 2026 yil narxlarini tahlil qilgan edi.

Teglar

Mahliyo Hamidova

Mahliyo HamidovaMaqolalar soni: 24

Barchasi

Mavzuga oid