
Nega AQSHning birgina qarori global bozorni o‘zgartirib yuborishi mumkin? — tahlil
31.07.2025 | 10:0023959
AQSH prezidenti Tramp Rossiya neftiga qarshi eng keskin sanksiyalarni imkon qadar tez joriy etishini aytdi. Bu bayonot investorlarning e’tiborini darhol tortdi, chunki gap butun jahon bozoridagi barqarorlikni belgilaydigan neft ta’minoti haqida bormoqda.

AQSHning qudrati nimada?
Amerika dollari dunyo valyuta tizimining poydevori bo‘lib, global savdo operatsiyalarining 54 foiziga Xalqaro to‘lov tizimidagi SWIFT orqali amalga oshiriladigan operatsiyalarning deyarli 48 foizi dollar hisobida bajariladi. Buning ma’nosi shundaki, dunyo bo‘ylab har qanday yirik savdo yoki moliyaviy operatsiya muayyan darajada AQSHning moliyaviy tizimiga bog‘liq bo‘ladi. Dollar barcha xalqaro valyuta almashuvlarining 88 foizida ishtirok etadi va bu unga alohida mavqe beradi.
Markaziy banklarning xalqaro zaxiralarining 58 foizi dollar hisobida saqlanadi, bu esa yevrodan (20 foiz) ancha yuqori ko‘rsatkichdir. Mamlakatlarning moliyaviy barqarorligi va iqtisodiy himoyalanishi uchun zarur bo‘lgan asosiy zaxiralar Amerika valyutasiga bog‘liq bo‘lganligi sababli, AQSHning har qanday siyosiy yoki iqtisodiy harakati bevosita global moliyaviy tizimga ta’sir qilishi mumkin.
Boehm va Kronerning tadqiqotiga ko‘ra, AQSH makroiqtisodiy yangiliklari dunyo bozorlarida xavfli aktivlar narxlarini «bir zumda» o‘zgartirib yuboradi; bu sodda qilib aytganda, S&P 500 kabi indekslarda ro‘y beradigan o‘zgarishlar boshqa 27 mamlakat indeksi hamkorida yo‘l ochadi va bu jarayon global moliya siklini tashkil qiladi. AQSH yangiligi chet ellarda ham portfel xaridorlarini qayta baholanishiga sabab bo‘ladi, chunki AQSH iqtisodiy sikli global moliyaviy holatni belgilovchi muhim indikator hisoblanadi
Tramp nimani taklif qilmoqda?
U Rossiya neftini xarid qilayotgan davlatlarga 100 foizlik tariflarni joriy etishni istamoqda. Bu, avvalo, Moskva bilan faol savdo qilayotgan Hindiston va Xitoy iqtisodiga zarba beradi. Hozirda aynan shu ikki mamlakat Rossiya neftining asosiy xaridorlari hisoblanadi: Hindiston – kuniga taxminan 1,5 million barrel, Xitoy – kuniga deyarli 2 million barrel neft sotib oladi.
Agar bu davlatlar Rossiya neftidan voz kechsa, bu nafaqat Kremlga zarba bo‘ladi. Bu — logistik zanjirlarning buzilishi, bozorda tanqislik va narxlarning keskin oshishi demakdir. Xususan, Rossiya joriy yil iyun oyida kuniga deyarli 5 million barrel neft eksport qilgan, bu esa jahon talabining 4,5 foiziga yaqin.
Qaror nima uchun muhim?
Dunyo allaqachon energiya sohasida beqarorlik holatida. Har qanday uzilish — bu narxlarning chayqalishi degani. Tramp taklif qilayotgan sanksiyalar natijasida neft narxi keskin oshishi va ortidan benzin, transport va oziq-ovqat mahsulotlari ham qimmatlashishi mumkin. Bu jarayon AQSH iqtisodiyotiga ham zarar yetkazadi: narxlar oshishi inflyatsiyani kuchaytiradi, bu esa amerikalik saylovchilar orasida norozilikni kuchaytiradi. Ayrim tahlilchilarga ko‘ra, hatto Trampning o‘zi ham so‘nggi daqiqalarda qarorini o‘zgartirishi mumkin — Moskvaga achinib emas, o‘z siyosiy manfaatlaridan kelib chiqib.
Ammo hammasi bu qadar oddiy emas. Tramp avval ham ko‘p marotaba tahdidlar bilan chiqish qilib, so‘ngra orqaga qaytgan. Masalan, 2 aprel kuni e’lon qilingan «o‘zaro tariflar» bozorlardan bosim bo‘lgach, tezda yumshatilgan edi. Ammo ba’zida u chindan ham qat’iy harakat qiladi. Xususan, iyun oyidagi Eronning yadroviy infratuzilmasiga hujum bunga misol. Shundan so‘ng neft narxi darhol 3 foizga ko‘tarildi.
Hindiston va Xitoy nima qilishi mumkin?
Hindiston, hozir AQSH bilan murakkab muzokaralar olib borayotgani sababli, Rossiyadan neft importini qisqartirishi ehtimoldan xoli emas.
Xitoy esa bunday bosimga bo‘ysunmaydi — u allaqachon AQSH tariflari ostida yashamoqda va Rossiya bilan energetik hamkorlikni uzoq muddatli strategik aloqalar deb hisoblaydi.
Agar Hindiston chekinadigan bo‘lsa, bu Kreml uchun juda katta moliyaviy yo‘qotish bo‘ladi. Chunki Rossiya federal byudjetining 50 foizgacha bo‘lgan qismi neft va gaz eksporti hisobidan shakllanadi. Xitoy esa bu vaziyatdan foydalanib, Rossiya neftini yanada arzon narxda xarid qilishga urinadi.
Bozorni nima kutmoqda?
Jahon hamjamiyatida tanlov kam. Fors ko‘rfazidagi neft eksport qiluvchi mamlakatlar ishlab chiqarishni biroz oshirishi mumkin. Lekin bu Rossiya neftining yo‘qolishini to‘liq qoplay olmaydi. Ustiga ustak, Moskvaning qanday javob qaytarishi ham noaniq. Javob choralari esa faqat beqarorlikni kuchaytiradi.
Trampning birgina bayonoti global zanjirni ishga tushirdi, u yerda hamma narsa o‘zaro bog‘liq: sanksiyalar, narxlar, savdo munosabatlari, siyosiy ittifoqlar. Hatto u bu sanksiyalarni amalda joriy qilmasa ham, tahdidning o‘zi bozorni silkitdi — investorlar xavotirda, tavakkal darajasi oshmoqdava geosiyosiy bosim kuchaymoqda.
Mehrinoza Farmonova tayyorladi.





