Odamlarning soliqdan qarzlari oshkor etilmoqda: Bu nechog‘lik qonuniy?
Samarqand viloyatidagi mahalla Telegram guruhlarida fuqarolar soliq qarzi va JSHSHIR ma’lumotlari tarqatilayotgani jamoatchilikda bahs uyg‘otdi. Soliq qo‘mitasi esa bu holatni qonun bilan izohladi.

So‘nggi kunlarda mahallalarning Telegram guruhlarida fuqarolarning soliq qarzi, JSHSHIR va boshqa shaxsiy ma’lumotlari ochiqcha tarqatilayotgani haqida ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda. Bu holat ilk bor ijtimoiy tarmoqlarda jamoatchilik muhokamasiga chiqarildi va qisqa vaqt ichida dolzarb mavzulardan biriga aylandi.
Vaqt.uz muxbiri Ilyos Safarov o‘z postida bu holatni tanqid qilib, davlat idoralari shaxsiy ma’lumotlarga mas’uliyatsiz munosabatda bo‘layotganini ta’kidladi. Uning fikricha, soliq qarzi va JSHSHIR kabi ma’lumotlar fuqaroning shaxsiy ma’lumoti hisoblanadi va ularni ommaviy messenjer guruhlariga tarqatish qonunchilikka zid.
Ilyos Safarov, shuningdek, 15 million fuqaroning shaxsiy ma’lumotlari o‘g‘rilangani haqidagi ishdan hech qanday xulosa chiqarilmaganini eslatdi. Uning fikricha, agar davlat organlarining o‘zi ma’lumotlarni muhofaza qilishga yetarlicha e’tibor qaratmasa, kiberxavfsizlik bo‘yicha qabul qilinayotgan choralar samarasiz bo‘lib qoladi.
Post e’lon qilinganidan so‘ng turli hududlarda yashovchi o‘nlab fuqarolar o‘z ma’lumotlari ham mahalla guruhlarida e’lon qilingani haqida faktli dalillar yuborgan. Ularning aytishicha, JSHSHIR, kadastr va soliq ma’lumotlari guruhlarda ommaviy tarzda, ko‘proq xalq oldida izza qilish maqsadida tarqatilgan.
Soliq qo‘mitasi: «Bu — soliq siri emas»
Davlat soliq qo‘mitasi mazkur holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan fikrlar Samarqand viloyati soliq organlari tomonidan o‘rganilayotganini ma’lum qildi.
Qo‘mitaning ta’kidlashicha, jismoniy shaxslar tomonidan to‘langan mol-mulk va yer soliqlarining 10 foizi tegishli mahallalarda qoldiriladi. Bu mablag‘lar infratuzilmani rivojlantirish va obodonlashtirish ishlariga yo‘naltiriladi. Shu sababli mahalla raislarining ushbu masalalarga mas’uliyat bilan yondashishi tabiiy hol sifatida izohlandi.
Shuningdek, Soliq kodeksining 29-moddasiga muvofiq, soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami, to‘langan soliqlar va soliq qarzi haqidagi ma’lumotlar soliq siriни tashkil etmasligi qayd etilgan mustasnolar рўйхатида yo‘q. Qo‘mita fuqarolar bilan ishlashda qonunchilik talablariga qat’iy rioya etilishi ustuvor vazifa ekanini bildirdi.
Rasmiy bayonotda soliq organlari ochiqlik, shaffoflik va o‘zaro ishonch tamoyillari asosida ish olib borishi ta’kidlandi.
Qonun va ishonch muvozanati
Bu masalada eng muhim savol shundaki: soliq sirini tashkil etmasligi uni ommaviy tarzda tarqatish mumkinligini anglatadimi? Qonun normalari bilan shaxsiy hayot daxlsizligi o‘rtasidagi chegara qayerda?
Garchi DSQ oshkor qilinayotgan ma’lumotlar soliq siri hisoblanmayotganini ta’kidlayotgan bo‘lsa ham, ichki ishlar organlaridan olingan pasport ma’lumotlari; ko‘chmas mulk va yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi ma’lumotlar, shuningdek uning egalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar aynan Soliq Kodeksining 29-modadsida soliq siridan mustasno ma’lumotlar qatorida keltirilmagan.
Konstitutsiya har bir fuqaroning shaxsiy hayoti daxlsizligini kafolatlaydi. Iqtiyosodyoti fanlari doktori, professor, soliq masalalari bo‘yicha mutaxassis Islombek Niyozmetov qarzdorligini omma oldida e’lon qilish izza qilib bosim o‘tkazish usuli ekanini ta’kidladi. Professorning Vaqt.uzʻga ma’lum qilishicha, bunday ma’lumotlar messenjer guruhlari kabi nazoratsiz muhitda tarqalganda, ularning keyinchalik qanday maqsadlarda qo‘llanilishi ustidan nazorat bo‘lmaydi.
Bunday holatlarda, ya’ni soliq bo‘yicha qarzdorliklarni undirishda soliq inspektorlari uyma-uy yurib qarzdorlarni ma’lumotlar bilan shaxsan tanishtirishi yoki konvertga solingan xabarnoma orqali ularga yetkazishi kerak.
Jamoatchilikni xavotirga solayotgan jihat — bunday amaliyotning odatga aylanib borayotganidir. Bugun soliq qarzi, ertaga boshqa turdagi ma’lumotlar ham ommaviylashishi mumkinligi haqidagi xavotirlar ijtimoiy muhitda muhokama qilinmoqda.
Masala faqat bir hudud yoki bir holat bilan cheklanmaydi. Turli hududlardan kelayotgan murojaatlar bu amaliyot kengroq ko‘lamga ega bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatmoqda. Shu bois, huquqiy asoslar, amaliyot va inson huquqlari o‘rtasidagi muvozanatni aniq belgilash dolzarb vazifaga aylanmoqda.
Ishonch majburlash yoki izza qilish orqali emas, qonuniylik va hurmat asosida quriladi. Davlat idoralari uchun eng katta sinov ham shu: qonunni qo‘llash bilan birga, fuqarolarning qadr-qimmati va shaxsiy hayotini himoya qilish.





