add

Oltin zaxirasi eng katta 10 davlat: ular tillalarini qayerda saqlashadi?

30.10.2025 | 11:003485

Davlatlar ming tonnalab oltin quymalarini banklarda va dunyo bo‘ylab g‘aznalarda saqlashadi. Xo‘sh, qimmatbaho metallning eng katta zaxirasi qaysi mamlakatga qarashli? Va eng qizig‘i, u qayerda saqlanadi?

Oltin zaxirasi eng katta 10 davlat: ular tillalarini qayerda saqlashadi?

Avvalo mahalliy vaziyatni ko‘rib chiqsak: 2025 yil 1 oktyabr holatiga ko‘ra, O‘zbekiston oltin zaxirasining pul ko‘rinishidagi qiymati 44,2 mlrd dollarni tashkil etgan. Bu tarixiy raqam bo‘lib, avval bundan yuqori ko‘rsatkich qayd etilmagan. Avgustda ushbu qiymat 40 mlrd dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yilning muvofiq sanasida 31,8 mlrd dollarga teng bo‘lgan. Bundan kelib chiqadiki, zaxira hajmida bir yilda 12,4 mlrd dollar miqdorida o‘sish kuzatilgan. Mazkur ko‘rsatkichlar bilan O‘zbekiston oltin zaxirasi hajmi bo‘yicha dunyo top yigirmataligiga kiradi.

O‘zbekiston oltin zaxiralari qiymat jihatdan ortsa-da (bu xalqaro miqyosda mazkur qimmatbaho metallning qimmatlashuvi bilan bog‘liq), hajman qisqarmoqda. Masalan, 1 oktyabrda dunyo bo‘yicha zaxiradagi oltin qoldig‘i 11,6 mln unsiyani (409,1 ming tonna) tashkil etgan. Sentyabr boshida esa 12,3 mln unsiya (433,8 ming tonna) bo‘lgan.

O‘zbekiston oltin zaxiralarini qayerda saqlashi haqida ochiq manbalarda ma’lumot yo‘q. Ayrim tahlillarda oltinning bir qismi Buyuk Britaniya va Shveysariya depozitariylarida muhofaza qilinishiga ishoralar mavjud.

Uch yildan beri turli davlatlar markaziy banklari zaxira uchun ming tonnadan ziyod qimmatli metall xarid qiladi. Jahon oltin kengashi hisobotlarida keltirilishicha, 2024 yilda banklar 1045 tonna oltin xarid qilgan. Sof oltin xaridi borasida rivojlanayotgan davlatlar peshqadamlik qilmoqda: O‘zbekiston, Xitoy va Qozog‘iston yirik xaridorlar uchligini tashkil etadi.

top10 gold

Manbalar: Markaziy banklar, Sent-Luis Federal rezerv banki, Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Jahon banki, Jahon oltin kengashi.

 

2024 yil so‘ngiga ko‘ra eng yirik oltin zaxirasiga ega mamlakatlar

Oltin jamg‘arish va risklar boshqaruvida asosiy vosita bo‘lib qolayotgani, unga nisbatan barqaror talab geosiyosiy va makroiqtisodiy mavhumlik bilan izohlanmoqda.

Yuqoridagi reytingdan joy olgan davlatlarning zaxiralari sayyoraning qaysi nuqtalarida saqlanishi bilan ochiq manbalarda tanishish mumkin.

1. AQSH. Oltin zaxirasi – 2024 yil so‘ngidagi holatga ko‘ra 8133,6 tonna. Qimmatbaho metallning oltin valyuta zaxirasi (OVZ)dagi ulushi – 74,97 foiz. Amerika oltin zaxirasining yarmidan ortig‘i Kentukki shtati Fort-Noks shaharidagi sobiq harbiy baza omborida saqlanadi. Amerika oltini so‘nggi bor 1974 yilda auditdan o‘tkazilgani Fort-Noks yerosti omboridagi zaxira hajmi qancha, o‘zi zaxira haqiqatdan ham bormi, degan savollarni uyg‘otadi. G‘arb mediasida Ilon Mask AQSH oltin zaxirasini reviziya qilishga tayyorlanayotgani haqida xabarlar mavjud. Zaxiraning qolgan qismi Nyu York shtati Vest-Poynt shahridagi zarbxona; Koloradoning Denver shahridagi zarbxona hamda Federal zaxira bankining Nyu York, Manhetten, Liberti strit 33-uy manzilida joylashgan g‘aznasida saqlanadi.

2. Germaniya. Yevropada oltin zaxirasi bo‘yicha rekordchi. Zaxira hajmi – 3351,53 tonna. Ilgari nemislar zaxirasining asosiy qismi Nyu York (AQSH), London (Buyuk Britaniya) va Parij (Fransiya) banklarida saqlangan. 2013 yildan boshlab jamoatchilik bosimi tufayli hukumat zaxirani mamlakat hududiga qaytara boshlagan. Hozirda nemis oltinining 50,6 foizi Frankfurt, Vilgelm-Epshteyn-Shtrasse 14 manzilidagi Bundesbank g‘aznasida saqlanadi. Mamlakat oltinining 36,6 foizi Nyu Yorkda, 12,8 foizi Londonda qolmoqda.

3. Italiya. Oltin zaxirasi – 2451,84 tonna. Bu OVZning 70,79 foizi demak. Italiya hukumati zaxirani asosan quyma ko‘rinishida saqlaydi: 4,2 kilogrammdan 19,7 kilogrammgacha bo‘lgan quymalarning umumiy soni 95 493ta.

Rim, Natsionale ko‘chasi 91 manzilidagi Palasso Kox saroyi yerosti g‘aznasida quyma va tangalarning 44,9 foizi turibdi. Zaxiraning qolgan qismi FZBning Nyu York, Manhettendagi binosi (43,3 foiz), Shveysariyaning Bern shahridagi (6,1 foiz) hamda Angliya bankining Londondagi g‘aznasi (5,8 foiz)ga saqlash uchun berilgan.

4. Fransiya. Oltin zaxirasi – 2437 tonna. OVZdagi ulushi – 72,27 foiz. Zaxira hajmi oltinning bir qismi so‘nggi bor sotuvga chiqarilgan 2009-yildan beri o‘zgarishsiz qolmoqda. Yaqin yillarda zaxira hajmini oshirish yoki qisqartirish rejalashtirilmagan. Fransiya bankining g‘aznasi Parij, Sroix des Petits Chams, 31 manzilidagi bosh qarorgohning 8-qavatini egallagan. La Souterraine deya ataluvchi ulkan g‘azna Sena daryosi sathidan 29 metr chuqurlikda. 3 ming odamni sig‘diradigan g‘aznani 658 ta ustun tutib turibdi. Bu yerda qimmatbaho metall quymalap poddonlar, quti va javonlarda saqlanadi. Fransiya oltin zaxirasini to‘liq o‘z hududida jamlagan.

5. Rossiya. Oltin zaxirasi – 2335,9 tonna. OVZdagi ulushi – 34,4 foiz. Mamlakat Markaziy banki oltin zaxiralarini davlat hududida, ko‘p bosqichli xavfsizlik tizimiga ega g‘aznalarda 10-14 kilogrammli, sofligi 995 probadan kam bo‘lmagan tanga va quymalar shaklida saqlaydi.

Zaxiraning asosiy qismi Moskva, Pravda ko‘chasi 6-uydagi bosh g‘aznada ekanligi taxmin qilinadi. Qolgan qismi Markaziy bankning boshqa shaharlardagi bo‘linmalari g‘aznasidan o‘rin olgan.

6. Xitoy. Oltin zaxirasi – 2279,56 tonna. OVZdagi ulushi – 5,53 foiz. Rasmiy oltin zaxirasi to‘liq hajmda Pekinda saqlanadi, deyiladi. Xitoy Xalq banki ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil fevralida zaxira hajmi 5 tonnaga oshirilib, 2290 tonnaga yetgan. Oltin muhofaza etiladigan manzil ochiq manbalarda ko‘rsatilmagan. Xalq bankining markaziy binosi Pekin, Siche rayoni, Chenfang ko‘chasi-32 manzilida joylashgan.

7. Shveysariya. Oltin zaxirasi – 1039,94 tonna. OVZdagi ulushi – 9,86 foiz. Mamlakat aholi soni boshiga oltin hajmi bo‘yicha rekordchi. Qimmatbaho metallning 70 foizi mamlakat hududida, 20 foizi Angliya bankida va 10 foizi Kanada Markaziy bankida saqlanadi. Mamlakat milliy banki Bern shahri Bundesplats maydonida joylashgan bosh qarorgohi ostida g‘aznaga egaligi ma’lum, ammo zaxiralarning saqlanish joyi haqida rasmiy ma’lumot ochiqlanmagan.

8. Hindiston. Oltin zaxirasi – 876,18 tonna. OVZdagi ulushi 11,35 foiz. Mamlakat oltin zaxiralari quyma ko‘rinishida Rezerv bankning Maharashtra shtati, Nagpur shahridagi g‘aznasida saqlanadi. Zaxiraning bir qismi Angliyada. 1991-yili mamlakat jiddiy inqirozni boshdan kechirgan va defolt holatiga tushmaslik uchun zaxiraning bir qismini tasarruf etishga majbur bo‘lgan: taxminan 8 tonna qimmatbaho metall kredit maqsadida Angliya bankiga yo‘naltirilgan.

9. Yaponiya. Oltin zaxirasi – 845,97 tonna. OVZdagi ulushi – 5,77 foiz. Mamlakatdagi yagona yirik oltin koni Hishikarida joylashgan, metallning asosiy qismi import qilinadi. Yaponiya Markaziy bankining bosh binosi manzili: Tokio, Tyuo rayoni, 2-1-1 Nihonbasi-Hongokutyo.

10. Niderlandiya. Oltin zaxirasi – 612,45 tonna. OVZdagi ulushi – 64,93 foiz. Zaxira boshqaruvi mamlakatning markaziy banki De Nederlandsche Bank tomonidan amalga oshiriladi. Amsterdam, Frederiksplyayn, 61 manzilida joylashgan bank bosh qarorgohi g‘aznasida har biri 12,5 kilogramm keladigan 14 mingta quyma va minglab quti oltin tangalar saqlanadi. Ularning umumiy og‘irligi 200 ming kilogramga teng. Bu umumiy zaxiraning 31 foizi degani. Yana 31 foizi Nyu York, Manhettendagi Federal zaxira bank g‘aznasiga saqlash uchun topshirilgan. Qolgan 38 foizi Londondagi Angliya banki va Ottavadagi Kanada bankida muhofaza qilinadi.

Yuqoridagi tahlil asosida aytish mumkinki, AQSH nafaqat o‘z oltin zaxirasi hajmi bo‘yicha, balki boshqa davlatlarga qarashli qimmatbaho metallarini saqlash borasida ham peshqadam sanaladi. Shuningdek, Buyuk Britaniya, Shveysariya va Fransiya mamlakatlar o‘z zaxirasini saqlaydigan asosiy tashqi manbalar sirasiga kiradi.

Saodat Abdurahmonova tayyorladi.

Teglar

Mavzuga oid