add

Oltindan kelgan ortiqcha daromadlar taqdiri: sarflanadimi yoki jamg‘ariladimi?

13.09.2025 | 17:0147694

O‘zbekistonda oltin narxi yil boshidan beri 30 foizga oshib, davlat daromadlarini ko‘paytirdi. Ammo qo‘shimcha tushumlar iqtisodiyotga yo‘naltiriladimi yoki jamg‘arib qo‘yiladimi — hozircha aniq emas.

Oltindan kelgan ortiqcha daromadlar taqdiri: sarflanadimi yoki jamg‘ariladimi?
Markaziy bank raisi Timur Ishmetov 11 sentyabrdagi matbuot anjumanida oltin tabiiy ravishda kontrsiklik funksiyaga ega bo‘lgani uchun «neftga o‘xshash jamg‘arish mexanizmlarini unga tatbiq etish qiyin»ligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, oltindan olinayotgan daromadlar asosan ishlab chiqaruvchi korxona va davlat byudjetiga tushmoqda. Ishmetovga ko‘ra, jamg‘arish mexanizmlari odatda neft kabi iqtisodiy siklga bog‘liq tovarlarga tatbiq qilinadi. Chunki neft narxi o‘sganda byudjet tushumlari ko‘payadi, pasayganda esa qisqaradi. Oltin esa aksincha — iqtisodiy beqarorlik va inqiroz paytlarida qimmatlashadi. Shunday sharoitda oltin avtomatik stabilizator vazifasini o‘taydi. Shu bois, undan qo‘shimcha daromadlarni jamg‘arish g‘oyasini amaliyotda qo‘llash murakkab hisoblanadi, deydi Ishmetov. Ekonomist Mirkomil Xolboyev esa bunga boshqacha yondashuv bildirdi. Unga ko‘ra, oltindan olinayotgan qo‘shimcha daromadlarning iqtisodiyotga to‘liq qo‘yilishi inflyatsiyani kuchaytiradi va Markaziy bankning inflyatsion targetlash siyosatiga salbiy ta’sir qiladi. Shu sababli, bu daromadlarni jamg‘arish orqali inflyatsiya bosimini pasaytirish mumkin. Xolboyev ta’kidlashicha, oltin narxi o‘sishi hisobiga byudjet xarajatlari ko‘payayotgan bir paytda, keyinchalik narx pasayishi siyosiy jihatdan xarajatlarni qisqartirishni qiyinlashtiradi. Shuningdek, jamg‘arish valyutaning real kursini uzoq muddatli trendidan og‘ishdan saqlaydi va raqobatbardoshlikni ta’minlaydi. Ekspert xulosasiga ko‘ra, oltin haqiqatan ham avtomatik stabilizator. Biroq inflyatsiya va valyuta bozoridagi xavflarni hisobga olganda, qo‘shimcha daromadlarning jamg‘arilishi mamlakat moliyaviy barqarorligi uchun maqbul yechim bo‘ladi. Eslatib o‘tamiz, Markaziy bank inflyatsiya xavflarini hisobga olib, asosiy stavkani 14 foiz darajasida saqlab qolgan edi. Bu qaror inflyatsiya ko‘rsatkichlari, energiya tariflari ta’siri, ichki talab faolligi va jahon bozoridagi narxlar o‘sishi bilan izohlandi.

Teglar

Mavzuga oid