
Onlayn tiklash mumkin bo‘lgan «prava», arzon Toshkent va Mirziyoyevning AQSHdagi rejalari — 19 sentyabr dayjesti
19.09.2025 | 22:003258
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Haydovchilik guvohnomasini onlayn tiklash xizmati yo‘lga qo‘yildi
YAIDXP matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, endi fuqarolar my.gov.uz sayti orqali «Haydovchilik guvohnomasini rasmiylashtirish» xizmatini tanlab, «Yo‘qolgan haydovchilik guvohnomasini tiklash» bo‘limida ariza topshirishlari mumkin. Xizmat uchun to‘lov miqdori 370 800 so‘m etib belgilangan. Shuningdek, guvohnomani pochta orqali tanlangan manzilga yetkazib berish xizmatidan ham foydalanish mumkin bo‘lib, buning uchun qo‘shimcha 25 000 so‘m to‘lanadi.
Yangi tartibda arizalar 1 ish kunida ko‘rib chiqiladi. Agar pochta orqali yetkazib berish xizmati tanlansa, umumiy muddat 3 ish kunigacha cho‘zilishi mumkin.
O‘zbekistonda taqiqlangan ekstremistik materiallar ro‘yxati e’lon qilindi
Oliy sud matbuot xizmati xabariga ko‘ra, ro‘yxatda ijtimoiy tarmoqlardagi turli kanal va guruhlar, shuningdek nashidalar hamda ayrim kitoblar nomlari ko‘rsatilgan. Unga ko‘ra, mamlakat hududiga bunday kontentni olib kirish, tayyorlash, tarqatish va namoyish etish mutlaqo taqiqlanadi.
Ushbu ro‘yxatga kiritilgan materiallar ekstremizm, terrorizm va diniy aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan, deb topilgan. Shu sababli, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita fuqarolardan duch kelgan elektron kitob, maqola va ilovalarni, tekshirilmagan foto va video materiallarni yuklab olmaslik hamda shubhali audiolarni tinglamaslikni so‘ragan.
Toshkent dunyoning eng arzon shaharlaridan biri deb topildi
Joriy yilning birinchi yarmida e’lon qilingan «Numbeo» portali reytingga ko‘ra, Toshkentda 4 kishi uchun uy-joy ijarasisiz o‘rtacha oylik xarajatlar 23 mln 39 ming so‘mni, yolg‘iz yashovchi shaxslar uchun esa xarajatlar 6 mln 437 ming so‘mni tashkil qiladi.
Shuningdek, reytingda Olmaota (Qozog‘iston) markaziy Osiyo shaharlari orasida yashash uchun eng qimmat shahar deb topilgan. Olmaotada yashash qiymati indeksi 29,4 punktni tashkil etib, uni jahon bo‘yicha 346-o‘ringa olib chiqqan. Toshkent esa 26,2 indeks bilan 370-o‘rinda turibdi. Bu indeks Nyu-York shahriga qaraganda 72,2 foiz arzonroq.
Shavkat Mirziyoyevning AQSH safari kun tartibidan nimalar joy olgan?
Prezident Shavkat Mirziyoyev 23 sentyabr kuni Nyu Yorkda bo‘lib o‘tadigan BMT Bosh assambleyasining 80-sessiyasida chiqish qiladi. Donald Tramp ham shu kuni so‘zga chiqadi.
Tashrif oldidan, 22 sentyabr kuni davlat va hukumat rahbarlari ishtirokida BMTning 80 yilligini nishonlash uchun oliy darajadagi uchrashuv o‘tkazilishi rejalashtirilgan. 23 sentyabrda esa jahon yetakchilari global muammolar bo‘yicha o‘z pozitsiyalari va ustuvor yo‘nalishlari haqida bayonotlar berishadi. Shavkat Mirziyoyevning chiqishi ham 23 sentyabrga belgilangan.
Tashrif oldidan, Vashingtondagi AQSH Kongressi Vakillar palatasining Reybern binosida hamda BMTning Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohida prezident Mirziyoyevning «Yangi O‘zbekiston: Shavkat Mirziyoyev yo‘li» kitobining taqdimotlari bo‘lib o‘tdi. Taqdimotlarda O‘zbekiston hukumati a’zolari, parlament va turli tashkilotlar vakillari ham ishtirok etdi.
O‘zbekiston JSTga qo‘shilish bo‘yicha yana 3 davlat bilan kelishuvga erishdi
O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonida yana bir qadam olg‘a siljidi. Jenevada Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva JST bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala bilan uchrashib, islohotlar va qo‘shilish jarayonidagi masalalarni muhokama qildi. Shu kuni Argentina, Avstraliya va Honduras bilan bozorga kirish bo‘yicha ikki tomonlama protokollar imzolandi. Prezidentning JST bo‘yicha vakili Azizbek O‘runov bu kelishuvlarni O‘zbekistonning xalqaro savdo tizimiga integratsiyasi yo‘lida muhim qadam sifatida baholadi.
Ayni vaqtda O‘zbekiston 29 ta davlat bilan kelishuvlarni yakunladi, yana ikkisi hujjatlashtirish arafasida. Yakuniy bosqichda uchta davlat qolmoqda va O‘runov buni «teskari hisob uchtaga kamaydi» deya ta’kidladi. Ilgari 33 mamlakat bilan muzokaralar olib borilgan bo‘lib, 24 tasi muvaffaqiyatli yakunlangan edi. Maqsad — yil oxiriga qadar barcha kelishuvlarni to‘liq yakunlash.





