
«O‘qquvur», «dubulg‘a», «jamloq»: O‘zbekiston armiyasida ayrim ruscha iboralar o‘zbek tiliga o‘girildi
O‘zbekiston mudofaa sohasida ruscha harbiy atamalardan bosqichma-bosqich voz kechib, ular o‘rniga o‘zbekcha milliy terminlarni joriy etishni boshladi.

O‘zbekiston davlat tilining qo‘llanish doirasini kengaytirish va harbiy terminologiyani milliy me’yorlar asosida standartlashtirish yo‘lida navbatdagi qadam tashladi. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi huzuridagi Til, adabiyot va xalq ijodi instituti mutaxassislari ishtirokida o‘tgan Terminologiya komissiyasi yig‘ilishida mudofaa sohasida ishlatilayotgan ruscha atamalarga milliy muqobillar taqdim etildi.
Komissiyaga ilk bosqichda 41 ta muhim harbiy termin kiritilgan ro‘yxat taqdim qilindi. Mutaxassislar harbiy tilni zamonaviy o‘zbek tili me’yorlariga moslashtirish ustida ish olib borgan. Taklif etilayotgan atamalar orasida ham qadimiy turkiy ildizga ega so‘zlar, ham yangi o‘zbekcha yaratmalar mavjud.
Mavjud (ruschasi) | O‘zbekchaga o‘girilgani |
Ataka | Hamla |
Kaska | Dubulgʻa |
Blokpost | Toʻsiqpost |
Zapal | Chaqnatkich |
Diversiya | Qoʻporuvchilik |
Gaz maskasi | Gazniqob |
Poligon | Dala oʻquv maydoni |
Bronejilet | zirhnimcha |
|
|
Ro‘yxatda tarixiy merosga murojaat ham alohida o‘rin tutgan. Masalan, qo‘riqlash va patrul vazifalari uchun «erovul», harbiy bosh kiyim (furajka) uchun «bo‘rk», mustahkamlangan inshootlar uchun «istehkom» atamalarini qayta joriy etish nazarda tutilgan. Shuningdek, ruscha «DOT» qisqartmasi o‘rniga «UMMON» — «uzoq muddatga mo‘ljallangan otish nuqtasi» iborasini ishlatish rejalashtirilmoqda.
Atamalar ichida «gorn» — «burg‘u», «kokarda» — «jig‘a», «okop» — «handaq», «lager» — «jamloq», «planshet» — «yonchiq», «tribunal» — «harbiy mahkama», «emlema» — «tanuq», «shevron» — «uqa», «trevoga» — «bong», «stvol» — «o‘qquvur» kabilari ham bor.
Terminologiya komissiyasi bu ro‘yxat hali dastlabki ishlanma ekanini ta’kidlab, jarayon ochiq olib borilishini bildirdi. Fuqarolar, harbiy mutaxassislar va tilshunoslar milliy harbiy terminologiyani shakllantirishda o‘z taklif va mulohazalarini bildirishga chorlandi.
Mutaxassislar bu tashabbus 2026–2030 yillarga mo‘ljallangan milliy rivojlanish strategiyasi doirasida milliy o‘zlikni mustahkamlashga xizmat qilishini, shuningdek, armiyada ta’lim va boshqaruv jarayonlarini yanada tushunarli qilishini qayd etmoqda.





