add

«Orban xalaqit bermasa»: Ukraina 2027 yildayoq Yevroittifoqqa qo‘shilishi mumkin

Yevropa Ittifoqi Ukrainaga kelgusi yilning o‘zidayoq blokka qisman a’zo bo‘lish imkonini berishi mumkin bo‘lgan misli ko‘rilmagan rejani ishlab chiqmoqda. Brussel Kiyevning Yevropadagi mavqeini mustahkamlash va uni Moskvadan uzil-kesil ajratishga intilmoqda.

«Orban xalaqit bermasa»: Ukraina 2027 yildayoq Yevroittifoqqa qo‘shilishi mumkin

Kiyev to‘rt yil davom etgan keng ko‘lamli urush yakunlari bo‘yicha Kreml bilan tuzilishi mumkin bo‘lgan tinchlik kelishuviga Yevroittifoqqa a’zo bo‘lish sanasi — 2027 yilni kiritishni qat’iy talab qilmoqda. «Politico» nashrining yozishicha, hozircha muhokamaning dastlabki bosqichida bo‘lgan ushbu g‘oya yangi davlatlarni qabul qilish usulida tub burilishni anglatadi. Rejaga ko‘ra, Ukraina to‘liq a’zolik uchun zarur bo‘lgan barcha islohotlarni amalga oshirib ulgurmasidan oldinyoq YI «stoli atrofidan» joy oladi.

Yevropalik amaldorlar va Ukraina hukumati Kiyev arizasi shoshilinch ko‘rib chiqilishini talab qilayotganini ta’kidlamoqda. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy juma kuni Kiyevda jurnalistlar bilan muloqotda Rossiya ehtimolan «Ukrainaning Yevroittifoq tomon harakatini to‘xtatishga urinadi», dedi va 2027 yilni rasmiy a’zolik sanasi sifatida tasdiqlashning ahamiyati haqida so‘z yuritdi.

«Shuning uchun biz tinimsiz aniq sanani ayting, deb takrorlab kelmoqdamiz. Aniq sana nima uchun kerak? Chunki aynan shu sana ostiga Ukraina, Yevropa, AQSH va Rossiya imzo qo‘yadi», — dedi Zelenskiy.

Ma’lum qilinishicha, YIda muhokama qilinayotgan g‘oya Fransiya prezidenti Emmanuel Makron 2017 yildan beri bir necha bor ilgari surib kelayotgan «turli tezliklardagi Yevropa» konsepsiyasiga uyg‘un. YI rasmiysi va ikki diplomatga ko‘ra, rejaning so‘nggi varianti norasmiy ravishda «teskari kengayish» deb nomlanmoqda, chunki u mamlakatlarni a’zolik mezonlarini bajarish jarayoni oxirida emas, balki uning boshidayoq blokka kiritishni nazarda tutadi.

Yevropa Ittifoqi amaldorlari bu g‘oyani jozibali deb hisoblamoqda: u Kiyevga demokratik institutlar, sud va siyosiy tizim islohotlarini yakunlash uchun vaqt beradi, shu bilan birga Ukraina YIga qo‘shilish umidini yo‘qotib, G‘arbdan yuz o‘girib ketishi xavfini kamaytiradi. Biroq oldinda jiddiy to‘siqlar bor — ularning eng muhimlaridan biri Vengriya bosh vaziri Viktor Orbandir.

Turli mamlakatlardan besh nafar diplomat, shuningdek, uch nafar YI amaldori va ikki nafar ukrain rasmiysi bilan suhbatlarga tayangan holda, «Politico» ushbu rejaning besh bosqichini ajratib ko‘rsatdi.

 

1-bosqich: Ukrainani tayyorlash (voqealardan o‘zishga harakat)

Yevropa Ittifoqi Ukraina arizasini jadallashtirmoqda. Bu Kiyevga a’zolikka olib boruvchi huquqiy bosqichlar — muzokara «klasterlari» bo‘yicha norasmiy ko‘rsatmalar berishni ham o‘z ichiga oladi. Blok allaqachon Ukrainaga oltita muzokara klasterining uchtasi bo‘yicha batafsil ma’lumot taqdim etgan. Mart oyida Kiprda bo‘lib o‘tadigan Yevropa ishlari bo‘yicha vazirlarning norasmiy uchrashuvida YI qolgan klasterlar bo‘yicha ham ma’lumotlarni ukrain delegatsiyasiga topshirishni rejalashtirmoqda — shu tariqa ular ustida ham ish boshlanishi mumkin bo‘ladi.

«Eng murakkab sharoitlarga va davom etayotgan Rossiya tajovuziga qaramay, Ukraina islohotlarni jadallashtirmoqda», — dedi YI Kengashida raislik qilayotgan Kiprning Yevropa ishlari bo‘yicha vazir o‘rinbosari Marilena Raunna.

Biroq, YI rasmiysi islohotlar masalasida «qisqa yo‘llar bo‘lmasligini» ta’kidladi. Bu fikrni Ukrainani faol qo‘llab-quvvatlayotgan davlatlar diplomatlari ham qo‘llab-quvvatlaydi. Shu bilan birga, Kiyev ishni bajarishga tayyorligini bildirmoqda. «Biz 2027 yilga texnik jihatdan tayyor bo‘lamiz», — deb ta’kidladi Volodimir Zelenskiy.

 

2-bosqich: «Layt-a’zolik» formati yaratish

Yaqinda Brusselda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda YI davlatlari hukumatlari Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayendan yangi davlatlarni qabul qilishdagi boshi berk ko‘chadan chiqish yo‘llari haqida so‘radilar. Diplomatlar so‘zlariga ko‘ra, u bir qator variantlarni taqdim etgan, ular orasida «teskari kengayish» g‘oyasi ham bor edi. «Bu jarayonni ma’lum ma’noda qayta sozlash bo‘ladi: siz a’zo bo‘lasiz, keyin esa huquq va majburiyatlarni bosqichma-bosqich qo‘lga kiritasiz», — dedi YI amaldorlaridan biri.

G‘oyaning mohiyati talablar me’yorini pasaytirish emas, balki urush yoki Budapesht kabi poytaxtlarning qarshiligi sabab kechikayotgan davlatlarga kuchli siyosiy signal yuborishdan iborat. Bu faqat Ukrainaga emas, balki Moldova va Albaniyaga ham taalluqli.

Garchi Zelenskiy avvalroq Ukraina YIda ikkinchi darajali maqomga rozi bo‘lmasligini aytgan bo‘lsa-da, Kiyev mamlakatning YIga yo‘lini to‘liq a’zolikdan oldin huquqiy jihatdan mustahkamlab qo‘yadigan variantga ochiq bo‘lishi mumkin, deb xabar qildi nashr manbasi. Biroq Germaniya bir nechta a’zolik darajalarini yaratishga qarshi chiqmoqda — Berlin Brussel bajara olmaydigan va’dalar berib qo‘yishidan xavotirda. Umid shundaki, agar Parij, Rim va Varshava ushbu g‘oyani qo‘llab-quvvatlasa, Berlinni ham ishontirish mumkin bo‘ladi.

 

3-bosqich: Orbanning ketishini kutish

Asosiy muammo — 27 ta davlatning barchasi tomonidan yakdil qo‘llab-quvvatlash talab etilishi. Rossiya prezidentining YIdagi eng yaqin ittifoqchisi sanalgan Viktor Orban bu rejaga qat’iy qarshi. Yevrokomissiya va YI poytaxtlari aprel oyida Vengriyada bo‘ladigan saylovlarga umid qilmoqda va bir vaqtning o‘zida Orban vetosini aylanib o‘tish yo‘llarini qidiryapti. Orbanni Vengriya saylovilarida jiddiy raqobat kutmoqda va u so‘rovnomalarda ortda qolmoqda.

Saylov kampaniyasida u Ukraina a’zoligi mavzusini siyosiy qurol sifatida ishlatmoqda: masalan, «Ukraina — Vengriyaning dushmani» ekanini va u «hech qachon» YIga qabul qilinmasligi kerakligini aytmoqda. So‘ralgan amaldorlarning hech biri saylovgacha Orban fikrini o‘zgartiradi, deb ishonmaydi.

«Bu Orban bilan Zelenskiy o‘rtasida shaxsiy masala. Bu strategiya yoki taktikadan ham ortiq», — dedi diplomatlardan biri.

YIdagilar agar Orban mag‘lub bo‘lsa, uning raqibi Peter Madyar yo‘nalishni o‘zgartirishi mumkinligidan umid qilishmoqda. Chunki Madyar g‘olib chiqsa, masalani referendumga qo‘yishni va’da qilgan. Agar Orban qayta saylansa, to‘rtinchi bosqich ishga tushadi.

 

4-bosqich: Tramp kartasini o‘ynash

Orban qarshiligi mustahkam ko‘rinsa-da, yevropalik yetakchilar uning fikrini o‘zgartirishga qodir yagona shaxs bor, deb hisoblaydi — AQSH prezidenti Donald Tramp. Orban bilan yaqin aloqada bo‘lgan amerika yetakchisi Ukrainani va Rossiyani tinchlik kelishuviga yaqinlashtirish istagini yashirmaydi. Ukrainaga 2027 yilga qadar YIga qo‘shilish yo‘li ochilishini nazarda tutuvchi band 20 punktli tinchlik taklifi loyihasiga kiritilgani uchun, Tramp Budapeshtga qo‘ng‘iroq qilib, kelishuvni yopishi mumkin, degan umid bor.

Bu ishorani Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy yaqindagi bayonotida ham qildi: «Biz Qo‘shma Shtatlar ayrim yevropalik subyektlar bilan kelishuvni to‘smasliklari uchun siyosiy ish olib borish-olib bormasligi haqida gapiryapmiz».

 

5-bosqich: choralar o‘xshamasa — Vengriyani ovoz berishdan mahrum etish

Agar Trampning «kelishuv san’ati» ish bermasa, YIda oxirgi «ko‘zir qarta» qoladi: Vengriyaga nisbatan YI shartnomasining 7-moddasini qayta kun tartibiga qaytarish. 7-modda — Yevroittifoq qo‘llashi mumkin bo‘lgan eng og‘ir siyosiy sanksiya bo‘lib, u a’zo davlatning huquqlarini, jumladan yangi mamlakatlarni qabul qilishda ovoz berish huquqini to‘xtatib qo‘yadi.

Hozircha YI bu qadamni tashlashni istamaydi — aprel saylovlari oldidan bu Orban foydasiga ishlashi mumkin, deb hisoblanmoqda. Ammo poytaxtlar, agar Orban qayta saylanib, YI qarorlarini bloklashda davom etsa, ushbu instrumentdan foydalanishga qanchalik qo‘llab-quvvatlash borligini baholayapti. «Bu mutlaq mumkin bo‘lgan narsa», — dedi diplomatlardan biri.

Teglar

Mavzuga oid