
Oxiri ko‘rinmayapti. Jahon davlat qarzi nima uchun shiddat bilan o‘sib bormoqda?
2029 yilga kelib, jahon davlat qarzi yalpi ichki mahsulotning 100 foizidan oshib ketadi. Bu so‘nggi 77 yil ichidagi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ladi. Asosiy muammoga rivojlangan iqtisodiyotlar duch kelmoqda — ularning ko‘pchiligi majburiyatlarini bajarishga yetarli imkoniyatga ega emas.

Qarzga botib ketish
Xalqaro valyuta jamg‘armasining (XVJ) oktyabr oyidagi hisobotida koronavirus pandemiyasidan oldin jahon davlat qarzi yalpi ichki mahsulotning taxminan 85 foizini tashkil etgani qayd etilgan. 2020 yilga kelib esa bu ko‘rsatkich YAIMning 98,7 foizigacha ko‘tarildi. Bu haqda TRT yozmoqda.
Qayd etilishicha, bu hayratlanarli emas. O‘sha paytda mamlakatlar ketma-ket lokdaunlarni joriy etdi. Shu bilan birga iqtisodiy faollik susayib, soliq tushumlari kamayib bordi. COVID-19 pandemiyasi global sog‘liqni saqlash tizimiga og‘ir yuk bo‘ldi. Izolyatsiya esa jahon iqtisodiyotiga jiddiy zarar yetkazdi.
Bunday sharoitda hukumatlarga yanada ko‘proq qarz olishdan boshqa iloj qolmadi. BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, 2022 yilga kelib global davlat qarzi 92 trillion dollarga yetdi.
Mutaxassislar pandemiyadan so‘ng mamlakatlar qarz botqog‘idan chiqib ketishiga umid qilishgandi. Ammo bunday bo‘lmadi. Aksincha, majburiyatlar qor ko‘chkisi kabi ortib bormoqda. XVJ tahlilchilarining bashoratlariga ko‘ra, joriy yilda jahon davlat qarzi 94,7 foizga yetadi.
Fond ogohlantirishicha, bu boshlanishi, xolos. Geosiyosiy keskinlik fonida qarz olishga bo‘lgan talab yanada ortib boradi.
«Bu esa davlatlar byudjetiga yangi bosimni anglatadi. Mudofaa, energetika xavfsizligi, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash va sog‘liqni saqlash xarajatlari doimiy taqchillikni keltirib chiqarmoqda. Xazinadagi kamomadni qarz olish bilan qoplashga to‘g‘ri keladi. Shu bilan birga, arzon pullar davri o‘tmishda qoldi - foiz stavkalari sezilarli darajada ko‘tarildi. Qarzga xizmat ko‘rsatish tobora qimmatlashib bormoqda», - deyadi AMarkets’ning yetakchi tahlilchisi Igor Rastorguyev TRT bilan suhbatda.
Xalqaro valyuta jamg‘armasi hisob-kitoblariga ko‘ra, 2029 yilga kelib jahon davlat qarzi yalpi ichki mahsulotning 101,1 foiziga yetadi. Bu 1948 yildan buyon eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ladi. «O‘ta salbiy» ssenariydagi bu ko‘rsatkich 124 foizgacha o‘sishi mumkin.
Antirekordlar yangilandi
Xalqaro valyuta jamg‘armasi hisobotida ta’kidlanishicha, hozirning o‘zida dunyoning ko‘plab yirik iqtisodiyotlarida davlat qarzi yalpi ichki mahsulotning 100 foizidan oshib ketgan. High Yield Economics asoschisi Deniel Altman hatto Kanada, Fransiya, Yaponiya, Ispaniya, Italiya, Buyuk Britaniya va AQSHni o‘z ichiga olgan yangi «D7 - Katta qarzli yettilik» atamasini taklif qildi.
XVJ tahlilchilarining baholashicha, bu yil davlat qarzi yalpi ichki mahsulotning 125 foizi darajasida bo‘lishi kutilayotgan Qo‘shma Shtatlar antirekordchi hisoblanadi. Kelasi yil bu ko‘rsatkich 128,7 foizgacha ko‘tariladi. 2027 yilda —132,7 foizgacha, 2028 yilda — 136,6 foizgacha yetadi. 2029 yilda esa 140 foizdan oshib ketadi.
Aytgancha, BMT ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili har bir amerikalikka to‘g‘ri keladigan davlat qarzi 103,7 ming dollarni tashkil etgan. Mutaxassislarning tushuntirishicha, AQSH bunday ahvolga tuzilmaviy sabablar tufayli tushib qolgan.
«Bu surunkali byudjet taqchilligini keltirib chiqaradigan omillardir. Ularning eng muhimi — aholining keksayishi. Keksa fuqarolar ulushining ortishi ijtimoiy ta’minot va tibbiy yordam xarajatlarining ko‘payishiga olib keladi. Ushbu dasturlar federal xarajatlarning 50 foizdan ortig‘ini tashkil etadi va ularning ulushi doimiy ravishda o‘sib bormoqda», - deb izoh beradi WhiteBird birja savdosi departamenti boshlig‘i o‘rinbosari Yan Pinchuk.
Aholining qarishi, o‘z navbatida, mehnat unumdorligi va yalpi ichki mahsulot o‘sishini sekinlashtiradi. Iqtisodiyotni rag‘batlantirish zarur. Buning uchun hokimiyat pul bosishni boshlaydi. Biroq emissiya xazinani to‘ldirishning eng yaxshi usuli emas. U pulning qadrsizlanishiga olib keladi.
Harbiy-sanoat majmuasi — byudjetning yana bir asosiy moddasi hisoblanadi. «AQSH mudofaaga yiliga 1 trillion dollardan ortiq mablag‘ sarflaydi, jumladan, ittifoqchilarni qo‘llab-quvvatlash, global harbiy mavjudlik va boshqalar», - deya so‘zini davom ettiradi mutaxassis.
Shu bilan birga, AQSH davlat qarzi ko‘payishining tuzilmaviy sabablaridan tashqari, mahalliy sabablar ham mavjud.
«Bular Oq uy va Kongress qarorlariga bog‘liq. So‘nggi 25 yil shuni ko‘rsatdiki, hech kim saylovdan oldin xarajatlarni qisqartirishni yoki soliqlarni oshirishni xohlamaydi. Buning o‘rniga moliyaviy dasturlar va turli soliq imtiyozlari kengaytirilmoqda. Foiz stavkalari oshmoqda. Shu sababli qarzga xizmat ko‘rsatish byudjet uchun yanada og‘irlashmoqda», - deydi Yan Pinchuk.
Xo‘sh, chiqish yo‘li bormi?
AQSHdan keyin anti-yetakchilar reytingida Xitoy joylashgan. XVJ bashoratiga ko‘ra, bu yil Xitoy davlat qarzi yalpi ichki mahsulotning 96,3 foizini tashkil etadi. Keyingi yilda esa bu ko‘rsatkich 102,3 foizga yetadi. Agar tendensiyalar saqlanib qolsa, 2030 yilga kelib 116 foizdan oshadi.
Agar ilgari XVJ mamlakatlar davlat qarzi darajasini pasaytirishi yoki hech bo‘lmaganda barqarorlashtirishi mumkinligiga umid qilgan bo‘lsa, hozir bu umid juda kam.
Tashkilot hokimiyatni muammoga jiddiyroq yondashishga chaqirmoqda. "Davlat qarzi bilan bog‘liq xatarlar keng tarqalgan bo‘lib, qarzning yanada tezroq to‘planishiga olib kelishi mumkin. Siyosatchilar uni nazorat ostida saqlash va qarz xatarlarini jilovlash uchun darhol harakat qilishlari zarur," - dedi XVJ byudjet-soliq munosabatlari departamenti boshlig‘i Vitor Gaspar.
Jahon iqtisodiyotidagi kutilayotgan muammolar haqida Deniel Oltman ham ogohlantirmoqda. Uning fikricha, hozirgi vaziyat Osiyo va Rossiyadagi 1990 yillardagi moliyaviy inqirozlarni eslatadi. Biroq, hozir u ancha katta ko‘lamga ega. "Global valyuta inqiroziga olib keladigan zanjirli reaksiyani boshlash uchun bitta "domino toshlari" yetarli," deydi Oltman.
Mutaxassislar dunyoda o‘sib borayotgan qarz yukining asosiy xavfi — kelajakdagi o‘sish uchun imkoniyatlarning kamayishi ekanligini ta’kidlamoqda.
«Qarzga xizmat ko‘rsatish xarajatlarining yuqoriligi resurslarni infratuzilma, ta’lim va sog‘liqni saqlashga yo‘naltirilishi lozim bo‘lgan muhim investitsiyalardan chalg‘itadi», - deydi Igor Rastorguyev.
Rivojlanayotgan iqtisodiyotga ega mamlakatlar uchun bu har qanday yangi zarbalar oldida zaiflikning oshishini ham anglatadi. Bunga qo‘shimcha ravishda, xalqaro bozorlarda qarz olish qiymati ham oshadi. Agar voqealar salbiy yo‘nalishda rivojlansa, mamlakatlar misli ko‘rilmagan miqyosdagi qarz inqiroziga duch keladi. Bu esa, shubhasiz, aholi farovonligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Shu sababli, Xalqaro valyuta jamg‘armasi haqli ravishda har bir mamlakat «o‘z moliyaviy uyida tartib o‘rnatishi» zarurligini ta’kidlaydi. Bu xarajatlarni keskin qisqartirishni emas, balki o‘rta muddatli byudjet rejalari doirasida resurslarni oqilona qayta taqsimlashni nazarda tutadi. Bundan tashqari, soliq tizimlarining samaradorligini va qarzni boshqarish shaffofligini oshirish maqsadga muvofiqdir.





