
O‘zbekiston 2026 yil mart oyida Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘ladi
24.09.2025 | 10:3027454
O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilishi jarayoni yakunlanish arafasida. Bu mamlakat tashqi iqtisodiy munosabatlarida yangi bosqich bo‘lishi kutilmoqda.

O‘zbekiston 2026 yil mart oyida Jahon savdo tashkiloti (JST) a’zosi bo‘lishi mumkin. Bu haqda JST bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala xonim «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
Ngozi Okonjo-Iveala O‘zbekistonning tashkilotga a’zo bo‘lish jarayoni muvaffaqiyatli davom etayotganini ma’lum qildi. Uning aytishicha, ikki tomonlama muzokaralar yakuniga yetgan va 2026 yil mart oyiga kelib barcha rasmiy jarayonlar tugallanishi mumkin.
22 sentyabrda Shavkat Mirziyoyev va JST rahbari o‘rtasidagi uchrashuvda ham mazkur masala muhokama qilingan. Suhbatda O‘zbekistonning xalqaro savdodagi ishtirokini kengaytirish, mamlakat eksport salohiyatini oshirish va yangi bozorlarga chiqish imkoniyatlari muhokama qilingan. Shuningdek, joriy yil noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan Ishchi guruhning navbatdagi yig‘ilishi natijadorligini ta’minlash, shuningdek, 2026 yilda muzokaralar yakunlanishi va mamlakatimiz tashkilotga qo‘shilishi muhim ekani ta’kidlangan.
«Noyabr oyida JST ishchi guruhi yig‘ilishi belgilangan. Umid qilamizki, mart oyiga belgilangan muddatga qadar barcha ishlar yakunlanadi va O‘zbekistonning JST a’zosi bo‘lganini tantanali ravishda e’lon qilish imkoniyatiga ega bo‘lamiz. Biz bu yo‘nalishda juda qat’iyat bilan harakat qilyapmiz», degan u intervyusida.JSTga a’zo bo‘lish O‘zbekiston uchun eksport bozorlariga kirishda huquqiy kafolatlar yaratish, savdo nizolarini hal qilish mexanizmlaridan foydalanish va xorijiy sarmoyalar uchun qulay muhit yaratish imkonini berishi aytilmoqda. Xususan, bu qadam milliy ishlab chiqaruvchilar uchun raqobat muhitini yaxshilaydi va mahalliy mahsulotlarning xalqaro standartlarga mos ravishda rivojlanishini rag‘batlantiradi. Mutaxassislarning fikricha, O‘zbekistonning JSTga kirishi iqtisodiyotning shaffofligi va samaradorligini oshiradi, tashqi savdoda teng huquqli munosabatlar o‘rnatishga zamin yaratadi. Shu bilan birga, ichki bozor ishtirokchilari uchun raqobat bosimi ortishi mumkinligi ta’kidlanmoqda.





