add

O‘zbekiston Bangladeshga yangi elchi tayinladi

Bugun 11:39312 Daqiqa

O‘zbekistonning Hindistondagi elchisi bo‘lgan Sardor Rustamboyev endi bir vaqtning o‘zida ikki davlatdagi elchi hisoblanadi.

O‘zbekiston Bangladeshga yangi elchi tayinladi

O‘zbekistonning Bangladesh Xalq Respublikasidagi elchisi Sardor Rustamboyev ushbu mamlakat prezidenti Muhammad Shahobuddinga ishonch yorliqlarini taqdim etdi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.

Tantanali marosimdan keyin bo‘lib o‘tgan uchrashuv davomida O‘zbekiston va Bangladesh o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar munosabatlarning hozirgi darajasi hamda kelgusi rivojlanish istiqbollari muhokama qilingan. Tomonlar munosabatlar so‘nggi yillarda izchil va ochiq muloqot asosida mustahkamlanayotganini qayd etilgan.

Prezident Muhammad Shahobuddin O‘zbekistonni Bangladeshning Markaziy Osiyodagi asosiy mintaqaviy sherigi va ishonchli hamkori sifatida baholagan. Uning ta’kidlashicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan islohotlar mamlakatimizning xalqaro maydondagi obro‘sini sezilarli darajada oshirgan.

Uchrashuvda, shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan. To‘qimachilik, farmatsevtika va charm sanoati kabi sohalarda o‘zaro manfaatli loyihalar amalga oshirish uchun katta salohiyat mavjudligi ta’kidlangan. Bangladesh tomoni bu yo‘nalishlarda tajriba almashish va yangi qo‘shma ishlanmalarni yo‘lga qo‘yishga tayyorligini ma’lum qildi.

Muloqotda madaniy-gumanitar hamkorlik, jumladan turizm va oliy ta’lim yo‘nalishlaridagi qadamlarni faollashtirish masalalari ham ko‘tarilgan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston va Bangladesh o‘rtasida diplomatik munosabatlar 1992 yil 15-oktabrda o‘rnatilgan. Yangi elchi Sardor Rustamboyev 2024 yil yanvar oyidan beri Dehlida faoliyat yuritib kelmoqda. U bundan avval Fransiya va Portugaliyadagi diplomatik missiyalarga rahbarlik qilgan.

Teglar

Mavzuga oid