
O‘zbekiston «IECEE»ning rasmiy a’zosi bo‘ldi
30.09.2025 | 16:2046663
Bu qadam mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun yangi bozor eshiklarini ochishi kutilmoqda.

Xalqaro elektrotexnika komissiyasi qaroriga ko‘ra, O‘zbekiston standartlar instituti IECEEning a’zo idorasi (Member body) sifatida rasman qabul qilindi. Bu haqda O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi xabar berdi.
IECEE — elektrotexnika jihozlari va komponentlarining muvofiqligini baholash tizimi bo‘lib, unga 53 davlat a’zo. Tizim doirasida mamlakatlar sertifikat va sinov natijalarini o‘zaro tan oladi. Bu savdodagi to‘siqlarni kamaytiradi, eksport imkoniyatlarini kengaytiradi va mahalliy mahsulotlarga xalqaro bozorlarda talabni oshiradi.
Tahlillarga ko‘ra, IECEEga qo‘shilgan davlatlar elektrotexnika mahsulotlari eksportini o‘rtacha 30 foizdan 1,5 barobargacha ko‘paytirgan. Shu bois, O‘zbekistonning ham ushbu tizimga qo‘shilishi mahalliy ishlab chiqaruvchilarning raqobatbardoshligini kuchaytiradi.
Hozirda «O‘zTest» qoshida Milliy sertifikatlashtirish idorasi (NCB)ni tashkil etish ishlari olib borilmoqda. Toshkentdagi laboratoriya majmuasi 983 ta sinov usuliga ega bo‘lib, mahsulot turlarida qamrov darajasi 65 foizdan 95 foizgacha kengayishi kutilmoqda.
«O‘zeltexsanoat» uyushmasi ham korxonalar ishtirokida davra suhbati o‘tkazib, IECEE tizimining imkoniyatlari va talablarini ishlab chiqaruvchilarga yetkazdi. Shuningdek, ISO/IEC 17025 xalqaro standartiga mos ravishda milliy laboratoriyalarni tayyorlash, ularni IECEE kotibiyatiga a’zo sifatida kiritish ishlari boshlangan.





