add

O‘zbekiston milliy valyutasi 31 yoshda: so‘m haqida 8 qiziqarli fakt

01.07.2025 | 18:00456912

Bugun O‘zbekiston milliy valyutasi — so‘mning rasman muomalaga kiritilganiga 31 yil to‘ldi. So‘m 1994 yilda joriy etilgan, hozirgacha respublikaning barcha hududlarida yagona to‘lov vositasi sifatida faoliyat ko‘rsatmoqda. Quyida uning shakllanish tarixi va hozirgi ahvoli haqida 8 muhim ma’lumot taqdim etamiz.

O‘zbekiston milliy valyutasi 31 yoshda: so‘m haqida 8 qiziqarli fakt
  1. Qirqib olinadigan bir martalik kupon
O‘zbekiston Respublikasi 1991 yil 31 avgustda mustaqillikka erishganidan keyin ham sovet rubli muomalada qolgan. 1992 yil yanvaridan boshlab iste’mol bozorini himoyalash va mahsulotlarni faqat O‘zbekiston fuqarolariga sotish uchun bir martalik kuponlar bosib chiqarilgan. 1993 yil 15 noyabrda so‘m-kuponlar joriy etilib, 22 noyabrgacha qirqib olinadigan kartochka kuponlar ham amal qilgan. Bu kuponlar 10, 25, 50, 100, 150, 200, 350, 500, 1000, 2000, 3000, 5000 rublga yarasha kartochkalar ko‘rinishida bo‘lib, oziq-ovqat va umumiy ovqatlanish do‘konlarida to‘lov sifatida qabul qilingan. Sum2
  1. So‘m-kupon davri
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993 yil 12 noyabrdagi №550-sonli qaroriga binoan, so‘m-kuponlar 1993 yil 15 noyabrdan muomalaga kiritildi. Bu kuponlar ichki bozorni ortiqcha rubl massasidan himoyalash va  aholiga pul mablag‘larini to‘lashni o‘z vaqtida ta’minlash maqsadida 1961–1992 yillarda amalda bo‘lgan sovet rubliga 1:1 nisbatda foydalanilgan. 1, 3, 5, 10, 25, 50, 100, 200, 500, 1000, 5000, 10000 so‘mlik kuponlarning old tomonida O‘zbekiston gerbi va pul nominali, orqa tomonida esa Registon maydonidagi Sherdor madrasasi tasvirlangan. Ular Angliyadagi «Harrison & Sons Ltd» bosmaxonasida chop etilgan. So‘m-kuponlar 1994 yil 1 avgustgacha amal qilgan. Sum3
  1. So‘mning muomalaga kiritilishi
O‘zbekistonning amaldagi milliy valyutasi so‘m — O‘zbekiston Respublikasi Oliy kengashining 1993 yil 3 sentyabrdagi №952-XII qaroriga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1994 yil 16 iyundagi PF-870 sonli farmoniga binoan, 1994 yilning 1 iyulida, o‘zigacha amalda bo‘lgan so‘m-kuponga 1:1000 nisbatda muomalaga kiritilgan. Dastlab 1, 3, 5, 10, 20, 50 tiyinlik tangalar va 1, 3, 5, 10, 25, 50, 100 so‘mlik kupyuralar chiqarildi. So‘mning birinchi kunlardagi kursi 1 AQSH dollariga nisbatan 7 so‘m etib belgilangan edi.  
  1. So‘mlar qayerda zarb etilgan?
1994 yildagi 100 so‘mgacha bo‘lgan banknotalar Germaniyaning «Giesecke & Devrient» firmasida bosilgan. 1997 yildan boshlab 200 so‘mlik va undan yuqori kupyuralar Toshkentdagi “Davlat belgisi” davlat korxonasida bosib chiqarilmoqda.  
  1. So‘m dizayni va undagi shaharlar
So‘m dizayni milliy tarixi, arxitekturasi va madaniyatini o‘zida aks ettiradi. Masalan:
  • 1 so‘mlikda — Alisher Navoiy nomidagi davlat akademik Katta teatri;
  • 3 so‘mlikda — Buxorodagi Chashmai Ayyub maqbarasi;
  • 5 so‘mlikda — O‘zbekiston milliy bog‘idagi Alisher Navoiy sharafiga o‘rnatilgan haykal va me’moriy kompozitsiya;
  • 10 so‘mlikda — Samarqanddagi Go‘ri Amir maqbarasi;
  • 25 so‘mlikda — Samarqanddagi «Shohi Zinda» tarixiy-me’moriy ansambli;
  • 50 so‘mlikda — Samarqanddagi Registon tarixiy-me’moriy ansambli;
  • 100 so‘mlikda — Toshkent shahridagi Xalqlar do‘stligi san’at saroyi.
Sum4 Keyinchalik, Toshkentda 144 x 78 mm o‘lchamda chop etilgan katta kupyuralarning dizayni o‘zgartirilgan. Old qismida O‘zbekiston Respublikasining kattalashtirilgan gerbi, orqa qismida asosan mustaqillik yillarida barpo etilgan inshootlar tasvirlangan:
  • 200 so‘mlikda — Samarqanddagi Registon ansamblining Sherdor madrasasida tasvirlangan, quyosh orqalagan sherning ramziy tasviri;
  • 500 so‘mlikda — Toshkentda Amir Temurga o‘rnatilgan haykal;
  • 1000 so‘mlikda — Toshkentdagi Temuriylar tarixi muzeyi binosi;
  • 5000 so‘mlikda (2013 yil) — O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qonunchilik palatasi binosi;
  • 10000 so‘mlikda (2017 yil) — O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi senati binosi;
  • 50000 so‘mda (2017 yil) — old tarafida Toshkentdagi «Ezgulik arkasi», orqa tarafida Forumlar saroyi tasvirlangan.
  • 100000 so‘mda (2019 yil) — old tarafida Mrzo Ulug‘bek xaykali, orqa tarafida Mirzo Ulug‘bek observatoriyasi tasvirlangan.
Yangi dizayndagi banknotlar 2021 yildan chiqa boshlagan va ularda qo‘yidagi tasvirlar bor:
  • 2000 so‘mlikda — old tarafida Poykend arxeologiya yodgorligi, orqa tarafida Buxoro Arki;
  • 5000 so‘mlikda — old tarafida Afrosiyob arxeologiya yodgorligi, orqa tarafida Samarqanddagi Sherdor madrasasi;
  • 10000 so‘m — old tarafida Shoshtepa arxeologiya yodgorligi, orqa tarafida Toshkentdagi Ko‘kaldosh madrasasi;
  • 20000 so‘m — old tarafida Jonbos qal’a arxeologiya yodgorligi, orqa tarafida Qoraqalpog‘istondagi Qo‘yqirilganqal’a;
  • 50000 so‘m — old tarafida Fayoztepa arxeologiya yodgorligi, orqa tarafida Al-Hakim at-Termiziy maqbarasi;
  • 100000 so‘m — old tarafida Angkaqal’a arxeologiya yodgorligi, orqa tarafida Xiva shaxridagi Ichan qal’a tasvirlangan.
 
  1. Eng yirik kupyura — 200 ming so‘mlik
2022 yil 15 iyuldan muomalaga kiritilgan 200 000 so‘mlik kupyura hozircha eng yirik pul birligi hisoblanadi. Uning old tarafida — «Axsikent arxeologiya yodgorligi», orqasida — Xudoyorxon o‘rdasi me’moriy yodgorligi tasvirlangan. 2025 yil iyunidagi valyuta kurslariga ko‘ra, 200 000 so‘m taxminan 15,8 AQSH dollariga teng.  
  1. Tanga so‘mlar
So‘m qadri tushib borishi bilan past nominaldagi qog‘oz pullar muomalada ko‘proq ushlab turilishi uchun tanga ko‘rinishidagi so‘mlarga almashtirib borilgan. Jumladan, 1997 yilda ilk marta 1, 5 va 10 so‘mlik tangalar muomalaga kiritilgan. Bunday ko‘rinishdagi tanga so‘mlar 1998, 1999 yillarda ham ishlab chiqarilgan. 2000 va 2001 yillarda 1, 5 va 10 so‘mlik tangalarning hajmi kichraytirilgan va dizayni o‘zgartirilgan. Bundan tashqari, po‘lat, mis va nikel qotishmali 50 so‘mlik (2001) va 100 so‘mlik (2004) tangalar ham muomalaga kiritilgan. Shuningdek, 2018 yilda 50, 100, 200, 500 so‘mlik yangi dizayndagi tanga, 2022 yilda esa 1000 so‘mlik tanga joriy etildi  
  1. Esdalik tangalari
Markaziy bank turli tarixi sana va shaxslarga bag‘ishlab esdalik tangalar chiqargan. Ulardan ba’zilari:
  • 1999 — Jaloliddin Manguberdi (25 so‘m),
  • 2002 — Shahrisabzning 2700 yilligi (50 so‘m),
  • 2009 — Toshkentning 2200 yilligi (100 so‘m),
  • 2011 — Mustaqillikning 20 yilligi (500 so‘m).
Shuningdek:
  • 1994 — Mirzo Ulug‘bek (1 so‘m), Mustaqillikning 3 yilligi (10 so‘m),
  • 2001 — Navoiy (100 so‘m jez),
  • 1999 — “Buyuk siymolar” seriyasidagi 100 so‘mlik kumush tangalar (Ibn Sino, Beruniy, Temur, Navoiy va boshqalar),
  • 2001 — “Mustaqillikka 10 yil” seriyasi (Navoiy haykali, Registon, Oliy Majlis, futbolchi, polvonlar kabi timsollar),
  • 1996–1997 — tilla qoplamali va 999 karatlik oltindan yasalgan cheklangan so‘m tangalar (Amir Temurga bag‘ishlangan 100 so‘mlik tanga ham shular jumlasidan).
So‘m — bu shunchaki to‘lov vositasi emas. U — davlat mustaqilligi, iqtisodiy barqarorlik va milliy ramz sifatida O‘zbekistonning muvaffaqiyatli taraqqiyoti bilan uzviy bog‘liqdir. Uning 31 yillik tarixi yurtimizning iqtisodiy rivojlanish yo‘lini anglatadi.

Teglar

Mavzuga oid