add

O‘zbekiston nega qashshoq mamlakatlar qatoriga kirdi? — iqtisodchi tushuntiradi

21.08.2025 | 17:00125223

O‘zbekistonda 90-yillarda aholi jon boshiga YAIM ko‘rsatkichi Xitoydagidan yuqori bo‘lgan. Biroq noto‘g‘ri iqtisodiy siyosat va samarasiz islohotlar sabab mamlakat keyingi o‘n yilliklarda qashshoq davlatlar qatoriga tushib qoldi, dedi iqtisodchi Yuliy Yusupov.

O‘zbekiston nega qashshoq mamlakatlar qatoriga kirdi? — iqtisodchi tushuntiradi
O‘zbekistonda iqtisodiy ko‘rsatkichlar haqida gap ketganda ko‘pincha «iqtisodyot o‘smoqda, lekin xarid qobiliyati oshmayapti», degan fikrlar yangraydi. Iqtisodchi Yuliy Yusupov «Seredin» YouTube kanaliga bergan intervyusida bu tushuncha aslida nimani anglatishini, nega mamlakatda yillar davomida sun’iy «chiroyli raqamlar» yaratilganini va O‘zbekiston nega qo‘shni Qozog‘istondan orqada qolib ketganini batafsil sharhlagan. Yusupovning ta’kidlashicha, «xarid qobiliyati» bevosita real daromadlar va real iste’mol xarajatlari bilan belgilanadi. «Nominal daromadlarning o‘sishi inflyatsiyani hisobga olmaguncha hech narsani anglatmaydi. Aholining haqiqiy turmush darajasini faqat inflyatsiyadan tozalangan ko‘rsatkichlar orqali o‘lchash mumkin», — deydi u.

 

Yolg‘on statistika

O‘zbekistonda uzoq yillar davomida inflyatsiya darajalari sun’iy ravishda past ko‘rsatilgan. Natijada hisob-kitoblarga ko‘ra, Islom Karimov davrida aholining real daromadlari yiliga 30–40 foizga oshgandek tasvirlangan. YAIM ham yuqori sur’atlarda o‘sib ko‘rsatilgan, ammo paradoks shundaki, daromadlar YAIMdan ham tezroq o‘sib chiqqan. Iqtisodchi bu jarayonni shunday izohlaydi: YAIM deflyatori va Iste’mol narxlari indeksi (INI) turlicha qo‘llanib, sun’iy farqlar yaratilgan. Masalan, haqiqiy inflyatsiya 40 foiz bo‘lgan yillarda INI atigi 7 foiz qilib qayd etilgan. «Bu raqamlarning asosiy iste’molchisi o‘sha paytdagi prezident Islom Karimov edi. Unga chiroyli ko‘rsatkichlar yoqardi va, afsuski, o‘zi ham ularga ishonardi», — deydi Yusupov. Xalqaro tashkilotlar esa bunday raqamlarni tekshira olmagan. Chunki YAIM va inflyatsiya hisoblari to‘liq milliy statistikaga tayanadi. Shu bois xalqaro banklar ham davlat taqdim etgan raqamlarni qabul qilgan. «Agar bu ko‘rsatkichlar rost bo‘lganda edi, biz allaqachon Janubiy Koreya darajasiga chiqib olgan bo‘lardik», — deydi u.

 

Qo‘shni davlatlarda holat qanday?

Yusupovga ko‘ra, Turkmaniston YAIMi rasmiy statistikada katta ko‘rinadi, ammo bu faqat rasmiy va qora bozor kursi o‘rtasidagi katta tafovut bilan bog‘liq. «Rasmiy kurs bo‘yicha hisoblasangiz, YAIM juda katta. Lekin aslida uni uch-to‘rtga bo‘lish kerak», — deydi u. Qozog‘iston misolida esa vaziyat boshqacha. 2023 yilda Qozog‘iston YAIMi 259 mlrd dollar bo‘lgan bo‘lsa, O‘zbekiston YAIMi atigi 90 mlrd dollarni tashkil etgan. Bu farqning sabablari bir nechta omil bilan izohlanadi. Birinchi sabab — Qozog‘iston tabiiy resurslarga, xususan, neft va gazga boy. «Qozog‘iston eksportining 80–90 foizi tabiiy boyliklarga to‘g‘ri keladi. Aholi jon boshiga ko‘proq neft ulushi to‘g‘ri kelgani bois ularning YAIM ko‘rsatkichi biznikidan ancha yuqori. Bizda esa bunday resurslar yo‘q darajada», — deydi Yusupov. Ikkinchi sabab — Qozog‘istonda xorijiy kompaniyalar faol ishtirok etmoqda. «Ular neft qazib olish va sotishni juda yaxshi biladi. Bu yaxshi narsa. Aslida biz ham xorijiy kompaniyalarni jalb qilganimizda, bu natijalarga erishishimiz mumkin edi. Hatto kambag‘al mamlakat ham xorijiy texnologiyalarni jalb qilsa, katta iqtisodiy yutuqlarga erishadi», — deya ta’kidlaydi iqtisodchi. Yusupov 2020 yildan keyingini davrni «xokkey klyushkasini eslatadi», deb baholaydi. Bu Qozog‘istonning keskin o‘sishga erishganini ko‘rsatadi. Shuningdek, Qozog‘istonda iqtisodiy siyosat ham nisbatan samaraliroq bo‘lgan. 1990-yillar boshida O‘zbekiston bilan Qozog‘iston YAIMi o‘rtasidagi farq ikki barobar atrofida edi. Bugun esa uch-to‘rt barobar farq yuzaga kelgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘istonda daromadlar noteng taqsimlangan bo‘lsa-da, tabiiy boyliklar hisobiga ular tez rivojlanishga erishdi. Shu bilan birga, ular O‘zbekistonga qaraganda tadbirkorlik uchun qulayroq sharoit yaratishga harakat qilgan. Soliq yuki yengilroq, ma’muriy to‘siqlar kamroq bo‘lgan. Natijada «holland kasalligi» deb ataluvchi resurslarga haddan tashqari bog‘liqlikka qaramay, Qozog‘iston O‘zbekistonga nisbatan ko‘proq tayyor mahsulot ishlab chiqarish va eksport qilishga muvaffaq bo‘ldi. «Aholimiz Qozog‘istonnikidan qariyb ikki barobar ko‘p bo‘lsa-da, ularning tayyor mahsulot eksporti biznikidan bir necha barobar yuqori. Biz resurslarga kamroq bog‘liq bo‘lsak-da, ularning eksport tarkibi kuchliroq. Demak, ular bizdan samaraliroq siyosat yuritishdi», — aytadi iqtisodchi. Qozog‘istonda ham muammolar yo‘q emas. Yusupov ularning iqtisodiyoti «holland kasalligi»ga chalinganini aytadi. Ya’ni resurslarga haddan tashqari bog‘liqlik boshqa sohalarda ishlab chiqarishni rivojlantirishga to‘sqinlik qiladi. Biroq shunga qaramay, qozoqlar bizdan ko‘ra ancha ko‘p tayyor mahsulot ishlab chiqarish va eksport qilishga erishgan. Shu bilan birga, Yusupov qozoqlar ba’zan ahvolini yomonroq ko‘rsatishga moyil ekanini qayd etadi. «Ular nolib gapiradi, lekin eksport aylanmasiga qarasangiz, bizdan ancha kuchli. Demak, ular sotadigan narsaga ega», — deydi u.

 

«90-yillarda Markaziy Osiyoning markazi Toshkent edi...»

«Bir paytlar qozoqlar O‘zbekistonga ishlash uchun kelardi. Toshkent Markaziy Osiyoning iqtisodiy va madaniy markazi edi. Hozir esa butunlay teskari manzara yuzaga kelgan», — deydi Yusupov. Hatto Afrika va Lotin Amerikasidan talabalar Toshkent universitetlarida o‘qigan. Xitoy bilan taqqoslaganda ham xuddi shunday. «90-yillarda O‘zbekistonda aholi jon boshiga YAIM Xitoynikidan yuqori edi. Hozir esa Xitoy bizni olti-yetti barobar ortda qoldirdi», — deydi Yusupov.   O‘zbekiston nega iqtisodiy qashshoq mamlakatga aylandi? O‘zbekistonda esa iqtisodiy siyosat ko‘proq aholini qashshoqlikka mahkum etdi. 1990-yillar va 2010-yillarda mamlakat eng kambag‘al davlatlar qatoriga kirib qoldi. 2000-yillarda esa avval umid uyg‘otgandek tuyulgan jarayonlar tezda pasayib ketdi. Shu yillarda ko‘plab xorijiy kompaniyalar O‘zbekistonda faoliyat yuritgan, mamlakat hatto Markaziy Osiyodagi yirik korporatsiyalarning mintaqaviy ofislari uchun markazga aylangandi. Masalan, malayziyalik «Petronas» kompaniyasi ham mamlakatda ish olib borgan. Biroq qisqa vaqt ichida ularning ko‘pchiligi turli sabablar bilan chiqib ketdi. 1996 yilda valyutani konvertatsiya qilish jarayoni to‘xtatilgandan keyin davlat «super industrial siyosat» yuritishni boshladi. Uning mohiyati — xususiy sektor zaif, shuning uchun sanoatlashtirish davlat hisobidan amalga oshirilishi kerak, degan g‘oyaga tayanardi. Shu sababdan xususiy sektorda topilgan mablag‘lar va qishloq xo‘jaligidan olingan daromadlar tortib olinib, sanoatga yo‘naltirildi. Bu jarayon 1930-yillardagi Stalin industrializatsiyasiga o‘xshatilardi. Davlat imtiyozli shart-sharoitlar yaratdi: korxonalarga bozor narxidan uch-besh barobar arzon valyutalar, inflyatsiyadan past kreditlar taklif etildi. Amalda bu «sovg‘a»ga aylandi. Biroq «ziyofat»ning hisobini kim to‘lardi? Asosan paxta yetishtiruvchi fermerlar va xususiy tadbirkorlar. Ularning yuqori soliqlar, majburiy majburiyatlar va resurslarni tortib olish orqali mablag‘i yig‘ilardi. Shu bilan birga, bozorda erkin raqobat cheklandi, import mollariga to‘siqlar qo‘yildi. Amalda bu tizim faqat mansabdorlarga yaqin bo‘lgan kichik guruhga foyda keltirdi. Masalan, tadbirkor amaldorlarni ishontirishi kerak edi: «saqich zavodi quraman, butun dunyoga mahsulot yetkazaman», degan biznes reja tayyorlanardi. Shu orqali u inflyatsiyadan past kredit olib, arzon kursda dollar sotib olib, xorijdan eski uskuna olib kelardi. Haqiqiy qiymati 100 ming dollar bo‘lgan uskunani rasmiy hisobda 1 million yoki 10 million dollar qilib ko‘rsatish mumkin edi. Bu orqali qisqa vaqtda katta daromad topishning ilg‘or yo‘li paydo bo‘ldi. Natijada, iqtisodiyotda yuqori o‘sish sur’atlari ko‘zga tashlanmagandan ko‘ra, imtiyozlardan faqat tor doira foyda ko‘rdi. Bu esa mamlakatni uzoq muddatga iqtisodiy qiyinchiliklar va kambag‘allik sari yetakladi.

 

O‘zbekiston qaysi sohada rivojlanishni tanlash kerak?

O‘zbekistonning qaysi sohalarga ixtisoslashishi yoki aniq qanday mahsulot ishlab chiqarishi kerakligini oldindan aytish mushkul. Chunki dunyoda talab tez o‘zgaradi: bugun bir mahsulot muhim bo‘lsa, ertaga boshqasi kerak bo‘ladi. Malakalar ham doimo yangilanib boradi. Masalan, agar maktab dasturlarida mantiqiy va ijodiy fanlarga e’tibor oshirilsa, 10 yildan keyin yangi turdagi mahsulotlar yaratadigan avlod yetishib chiqishi mumkin. Yoki kuchli dasturchilar vujudga kelishi ehtimoldan xoli emas. Ammo 20 yildan keyin qaysi soha yetakchi bo‘lishini hech bir mamlakat oldindan ayta olmaydi. Davlatning vazifasi — bozorning o‘ziga qaror qilish imkonini berish. Sarmoya qayerga kiritilishini amaldorlar emas, talab va ichki imkoniyatlar belgilashi lozim. Shu bilan birga, hozirning o‘zida ham aniq imkoniyatlar mavjud. Masalan, qishloq xo‘jaligi. O‘zbekiston turli xil mahsulotlar yetishtirishga qodir. Lekin hozir ham nimani ekish va qanday yetishtirishni amaldorlar belgilab bermoqda. Agar bu jarayon erkin qo‘yib yuborilsa, turli oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish kengayishi mumkin. Ayni paytda jahon bozorida sifatli, kimyoviy moddalardan xoli oziq-ovqat mahsulotlariga talab ortib bormoqda. Bu — O‘zbekiston uchun ulkan imkoniyat. Ammo undan foydalanish uchun avvalo qishloq xo‘jaligidan amaldorlarni butunlay chetlashtirish, fermerlarga erkinlik berish zarur. Yusupovning ta’kidlashicha, boshqa sohalarda ham xuddi shunday muammo bor. Masalan, elektromobillar ishlab chiqarish tashabbusi. Amaldorlar bu sohani strategik yo‘nalish sifatida tanlab, katta imtiyozlar taqdim etishdi. Ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi, ish o‘rinlari yaratildi, ammo mahsulot raqobatbardosh emasligi ayon bo‘ldi. Xitoy elektromobillari bozorda ikki barobar arzon bo‘ldi. Shunda ishlab chiqaruvchilar himoya talab qilib, importni cheklashni so‘ray boshlashdi. «Aslida savol tug‘iladi: nega aynan elektromobil ishlab chiqarishni tanladik? Bu qarorni kim qabul qildi? Raqobatlasha olamizmi yoki yo‘qmi — buni bozor emas, amaldorlar belgilab qo‘ydi», — deydi Yusupov. Iqtisodchining fikricha, bu kabi holatlarda amaldorlarni qaror qabul qilish jarayonidan chetlatish zarur. Investitsiya qarorlarini tadbirkorlar qabul qilishi, xorijiy investorlar o‘z texnologiyalari bilan kirib kelishi kerak. Balkim, O‘zbekiston elektromobil emas, oddiyroq mahsulot — masalan, jinsi ishlab chiqarishdan boshlashi kerakdir. Janubiy Koreya yoki Tayvan ham bir paytlar ishlab chiqarishni ana shunday oddiy tovarlardan boshlab, keyinchalik yuqori texnologiyalarga o‘tgan. «Biz ham avvalo oddiyroq, raqobatbardosh sohalardan boshlashimiz kerak. Shunda bo‘shliqni to‘ldirib, vaqt o‘tishi bilan murakkabroq mahsulotlarga o‘tamiz. Aks holda, amaldorlarning xohishiga ko‘ra, qog‘ozdagi rejalar bilan natija bo‘lmaydi», — deya ta’kidlaydi Yusupov. Uning fikricha, aholining ijodkorligi, xizmat ko‘rsatish, turizm va IT sektori ham ulkan imkoniyatlarga ega. Ammo bun uchun asosiy tamoyil bitta: barcha sohalarni xususiy qo‘llarga topshirish va ular uchun aniq, adolatli «o‘yin qoidalari» yaratish zarur. «Himoya qilish emas, yaratish. Shunday sharoit yaratish kerakki, tadbirkorlar o‘zlarini o‘zi himoya qila olishsin», — deydi iqtisodchi. O‘zbekistonda uzoq yillar davomida sun’iy statistika va amaldorlar qarorlari iqtisodiy rivojlanishni cheklab kelgan. Asosiy sabab — bozor tamoyillari emas, yuqoridan berilgan ko‘rsatmalar asosida siyosat yuritilgani. Qozog‘iston va boshqa qo‘shni davlatlar tajribasi shuni ko‘rsatadiki, haqiqiy o‘sish uchun tadbirkorlikka erkinlik, adolatli qoidalar va xalqaro texnologiyalarni jalb qilish zarur. Faqat shundagina O‘zbekiston haqiqiy iqtisodiy taraqqiyotga erisha oladi. Mahliyo Hamidova tayyorladi.      

Teglar

Mavzuga oid