add

O‘zbekiston statistikasidagi xato global iqlim tadqiqotida katta chalkashlikka sabab bo‘ldi

15.08.2025 | 23:0021798

The Washington Post nashrining yozishicha, hisobotdan birgina O‘zbekiston ma’lumotlari chiqarib tashlanganida, iqlim tadqiqotidagi prognoz natijalari keskin o‘zgarib ketgan.

O‘zbekiston statistikasidagi xato global iqlim tadqiqotida katta chalkashlikka sabab bo‘ldi
Bir yil avval «Nature» jurnalida chop etilgan tadqiqot 2050 yilga kelib global YAIM 19 foizga, 2100 yilga borib esa 62 foizga pasayishini bashorat qilgan edi. Bu ko‘rsatkichlar avvalgi hisob-kitoblardan uch barobar yuqori bo‘lib, xalqaro tashkilotlar va hukumatlar tomonidan moliya rejalashtirishda ishlatilgan. Biroq Stenford universiteti olimlari olib borgan yangi tahlilda ushbu prognozda katta xato borligi aniqlandi. Ma’lum bo‘lishicha, maqolada bashorat qilingan ulkan zarar atigi bitta mamlakat - O‘zbekistondan olingan ma’lumotlardagi xatoliklarga asoslangan. «O‘zbekiston ma’lumotlar to‘plamidan chiqarib tashlangach, bashoratlar sezilarli darajada pasaydi — 2100 yilga kelib YAIMning 62 foizlik yo‘qotishi 23 foizgacha, 2050 yilga kelib esa 19 foizdan 6 foizgacha tushdi», - deb ta’kidladi Stenford universiteti Global siyosat laboratoriyasi direktori va sharh mualliflaridan biri Solomon Hsiang. "Ma’lumotlar bilan ishlaydigan har bir kishi ma’lumotlarni sinchiklab o‘rganib, ularning maqsadga muvofiqligini ta’minlash uchun ma’lum darajada mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishi kerak," dedi Hsiang. Biroq, maqola mualliflari o‘z tahlillarining hamon asosli ekanligini ta’kidlamoqdalar. Nature jurnalining amaliy va fizika fanlari bo‘yicha bosh muharriri Karl Ziemelis elektron xat orqali jurnal mazkur tadqiqotni ko‘rib chiqayotganini va «masala hal etilgach, tegishli tahririy choralar ko‘rilishini» ma’lum qildi. Hsiang va uning hamkorlari ma’lumotlar to‘plamidan bir vaqtning o‘zida bitta mamlakatni olib tashlash orqali xatolikni aniqlagan. Ular olib tashlagan boshqa har qanday mamlakat YAIM bashoratlarini ozgina o‘zgartirgan, xolos. Biroq O‘zbekiston chiqarib tashlanganda, natijalar keskin o‘zgarib ketgan. Keyin ular O‘zbekiston ma’lumotlarini sinchkovlik bilan o‘rganishgan. Maqolada keltirilgan ma’lumotlar to‘plami 2000 yilda mamlakat yalpi ichki mahsuloti keskin pasayib, deyarli 90 foizga qisqarganini ko‘rsatgan. 2010 yilda esa ba’zi hududlarda yalpi ichki mahsulot 90 foizdan ziyod o‘sganini aks ettirgan. Boshqa yillarda ham keskin o‘zgarishlar kuzatilgan. Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra esa, so‘nggi 40 yil davomida mamlakatning iqtisodiy o‘sishi ancha mo‘’tadil bo‘lib, 0,2 foiz pasayishdan 7,7 foiz o‘sishgacha bo‘lgan oraliqda o‘zgarib turgan. Natijada harorat va yog‘ingarchilik o‘zgarishi omili iqtisodiy o‘sish bilan bog‘laydigan asosiy modelda ustunlik qilgan va yalpi ichki mahsulot iqlim o‘zgarishidan keskin zarba olishini ko‘rsatadigan umumiy natija shakllangan. Hsiang natijalarni hayratlanarli deb topdi. «Ko‘p ma’lumotlar mavjud bo‘lganda, kichik bir mamlakatning shunchalik ta’sirli bo‘lishi g‘ayritabiiy tuyuladi», - dedi u. Shuning uchun, u natijalar va ma’lumotlarni puxta tekshirish zarurligini ta’kidladi. Maqola mualliflarining aytishicha, Germaniyaning Potsdam iqlim ta’sirini o‘rganish instituti olimlari boshqacharoq fikrda. Ular O‘zbekiston bilan bog‘liq xatolik dastlabki ma’lumotlarni qayta ishlashdagi muammolar tufayli yuzaga kelganini tushuntirib, muqobil tahlil o‘tkazgan. Takomillashtirilgan modelda 2050 yilga borib jahon YAIMning ehtimoliy zarari 19 foizdan 17 foizga pasaytirilgan. «Muammolarni ko‘rsatishgani uchun minnatdormiz va bu ilmiy jarayonning bir qismidir. Ammo maqolaning asosiy xulosalari saqlanib qoladi va hisob-kitoblarga ozgina o‘zgarishlar kiritildi», - deydi dastlabki tadqiqot hammualliflaridan biri, Berlin Texnika universiteti professori Leoni Venz. O‘z navbatida tanqidchilar metodologiyadagi o‘zgarishlar dastlabki natijalarni shubha ostiga qo‘yishini ta’kidlayapti. «Ilm-fan siz xohlagan natijaga erishish uchun tajriba shartlarini o‘zgartirish tamoyili bo‘yicha ishlamaydi. Bunday yondashuv ilmiy metodga ziddir», - degan Hsiang. Nature jurnali mazkur masala yuzasidan tekshiruv boshlab, tahririyat zarur choralar ko‘rishini ma’lum qildi. Mutaxassislar bunday global tahlillarda har bir mamlakat ma’lumotlari sinchiklab tekshirilishi zarurligini ta’kidlayapti.

Teglar

Mavzuga oid

O‘zbekiston statistikasidagi xato global iqlim tadqiqotida katta chalkashlikka sabab bo‘ldi | Vaqt.uz