add

O‘zbekistonda byudjet taqchilligi pensiya yoshini oshirilishiga sabab bo‘lishi mumkin

15.09.2025 | 19:40181612

O‘zbekistonda pensiya yoshini uzaytirish rejalashtirilmoqda, asosiy sabab sifatida esa byudjet taqchilligi ko‘rsatilmoqda. Bu borada Markaziy Osiyo davlatlarida pensiya yoshi qanday?

O‘zbekistonda byudjet taqchilligi pensiya yoshini oshirilishiga sabab bo‘lishi mumkin
Pensiya jamg‘armasining ijroiya direktori Murodbek Otajonovning ma’lum qilishicha, O‘zbekistonda pensiya yoshi oshirilishi rejalashtirilmoqda. Unga ko‘ra, erkaklar uchun yosh chegarasi 60 yoshdan 63 yoshgacha, ayollar uchun esa 55 yoshdan 58 yoshgacha ko‘tarilishi mumkin. Jarayon bosqichma-bosqich — har yarim yilda oshiriladi. Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 32 yildan buyon pensiya yoshi oshirilmagan. Otajonov boshqa davlatlar allaqachon pensiya yoshini oshirib bo‘lgani, faqat O‘zbekiston qolganini aytgan. Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, bugungi kunda o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 75 yoshga yetgan. Bundan 20 yil oldin pensionerlar pensiyaga chiqqandan keyin o‘rtacha 8–9 yil yashagan bo‘lsa, hozir bu erkaklarda 12,5 yil, ayollarda esa 20 yilgacha uzaygan. Vaholanki, 2019 yildayoq O‘zbekistonda o‘rtacha umr ko‘rish 75,1 yoshga chiqqan edi, ammo o‘sha paytda pensiya tizimida yosh bilan bog‘liq hech qanday o‘zgarish qilinmagan. Iqtisodchi Otabek Bakirovning aytishicha, pensiya yoshini o‘zgartirishga undayotgan asosiy sabab umr ko‘rish davomiyligi oshganligi emas, balki Pensiya jamg‘armasining oshib borayotgan byudjet taqchilligi bo‘lmoqda. Xususan, so‘nggi 10 yillikda jamg‘armaning daromadlari 3,4 barobar oshgan bo‘lsa-da, uning xarajatlari 5 barobarga ortgan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2020–2023-yillarda daromadlar 29 foizga, xarajatlar esa ikki barobar yuqoriroq, ya’ni 68 foizga ko‘paygan. 2024 yilda daromadlar 63 trln so‘m bo‘lgan, xarajat esa ko‘proq — 64 trln so‘mni tashkil qilgan. Shu yilning dastlabki yarim yilligida esa hozircha taqchillik kuzatilmagan.   Umumiy 5 yillikdagi daromad va xarajatlar quyidagicha bo‘lgan:  

Yil

Daromad  (mlrd so‘m) Xarajat  (mlrd so‘m) Davlat transfertlari (mlrd so‘m)

Taqchillik 

(mlrd so‘m)

2020

29 709,3 31 807,8 9 117 2 098,5

2021

37 313 36 605 10 744,2

- 708 

2022

44 272,1 44 927,6 11 092

655,5

2023

53 603,1 53 589,4 13 797,5

-13,7

2024

63 415,6 64 041 16 270,6

625,4

2025 (6 oy)

37 717,2

36 115

10 300

-1,602,2

Jadval «Pensiya jamg‘armasi»ning ochiq ma’lumotlariga ko‘ra tayyorlandi.   Ma’lumot uchun, 2020 yildan buyon pensiya to‘lovlarini moliyalashtirish uchun davlat byudjetiga doimiy mablag‘ ajratib kelinmoqda. Masalan, 2024-yilda 16 trln so‘m, 2025 yilning yarim yilligida esa 10 trln so‘m pul berildi. «Pensiya islohotining yosh oshirishdan bo‘lak ma’no-mundarijasi to‘liq ochilayotgani yo‘q. Bu yakunda o‘zbekistonliklarga nima beradi? Bo‘lajak pensionerlarga natijalar kafolatlanadimi? Bilmaymiz», — deb yozmoqda iqtisodchi O.Bakirov. Bu hali hammasi emas. Pensiya islohoti «O‘zbekiston – 2030» strategiyasiga ham kiritilmagan. Vaholanki, 2023 yilga kelib Pensiya jamg‘armasining muammolari aniq namoyon bo‘la boshladi, shuningdek byudjet taqchilligi yuzaga chiqdi. Eng qizig‘i, xususiy jamg‘arib boriladigan pensiya tizimini yaratish vazifasi «O‘zbekiston–2030» loyihasiga kiritilgan bo‘lsa-da, keyin tasdiqlangan hujjatga qo‘shilmay, butunlay olib tashlangan. Oradan 2 yildan ortiq vaqt o‘tib, yana xususiy pensiya jamg‘armalari tashkil etilishi mumkinligi haqida so‘z ochilmoqda.   Bunga nisbatan Otabek Bakirov shunday munosabat bildirdi: «Bu ketishda o‘zbekistonliklar ta’lim va tibbiyotda o‘z muammolarini o‘zlari hal qilishga to‘g‘ri kelayotgani singari, qariganda pensiya ta’minoti haqida ham o‘zlari (iloji boricha hozirdan) qayg‘urishni boshlashlariga to‘g‘ri keladi».   O‘zbekistonda pensiya miqdori qancha?  
Turi Miqdori
Ish staji to‘liq bo‘lmagan holdagi nogironlik pensiyasi  (eng kam) 1 mln 12 ming so‘m
Mehnatga layoqatsiz va bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun nafaqa 1 mln 12 ming so‘m
1941–1945 yillar urushi nogironlari va ishtirokchilari, konslager mahbuslari, Leningrad qamalida ishlagan shaxslar pensiyasi (ustama bilan) 4 mln 462 ming so‘m
Ish stajiga ega bo‘lmagan keksa fuqarolar uchun pensiya 820 ming so‘m
Ish staji to‘liq bo‘lmagan holdagi yoshga doir pensiya (qo‘shimcha to‘lov bilan) 820 ming so‘m
Boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi  (bir nafar oila a’zosi uchun) 820 ming so‘m 
  Markaziy Osiyo davlatlarida pensiya yoshi Pensiya jamg‘armasining ma’lum qilishicha, Markaziy Osiyo davlatlarida pensiyaga chiqish yoshi ayollarda 55 yoshdan 61 yoshgacha, erkaklarda esa 60 yoshdan 63 yoshgacha bo‘lgan yoshni tashkil qilmoqda. Qozog‘istonda pensiya yoshi erkaklar uchun 63 yosh, ayollar uchun esa hozirda 61 yosh etib belgilangan. Shu bilan birga, ayollar uchun pensiya yoshini bosqichma-bosqich oshirish tartibi joriy qilingan bo‘lib, 2031 yilga kelib bu ko‘rsatkich 63 yoshga tenglashtiriladi. Qirg‘izistonda erkaklar 63 yoshda, ayollar esa 58 yoshda pensiyaga chiqadi. Yuqori tog‘li hududlarda 20 yil yashab va ishlagan fuqarolar pensiyaga sakkiz yil oldin chiqish huquqiga ega. Old qishloq hududlarida mehnat qilganlar esa uch yil oldinroq pensiyaga chiqishi mumkin. Shuningdek, uch nafar farzand tug‘gan, umumiy ish staji 20 yil bo‘lgan va ularning 15 yilini yuqori tog‘li hududlarda ishlagan ayollar 45 yoshdayoq pensiyaga chiqishlari mumkin. Tojikistonda erkaklar 63 yoshdan, ayollar esa 58 yoshdan pensiyaga chiqadi. Shunga qaramay, mamlakatda o‘rtacha pensiya 2024 yil boshiga kelib 371 somoniy (35 dollar)ni tashkil etgan va bu mintaqada eng past ko‘rsatkich hisoblanadi. Mamlakatda 816 ming pensioner bor, ular aholining 8 foizini tashkil etadi.  Oyiga 35 dollar pensiyada yashash qiyin, ko‘pchilik qariyalar farzandlari yordamiga muhtoj. 2005 yilda xususiy pensiya jamg‘armalari tuzish haqida qonun qabul qilingan, ammo past ish haqi va ishonchsizlik tufayli hanuz amalga oshmagan. Turkmanistonda erkaklar 62 yoshdan, ayollar esa 57 yoshdan pensiyaga chiqish huquqiga ega. Shuningdek, uch va undan ortiq farzandli ayollar yoki bolaligidan nogiron farzandi bor ayollar ham yoshga doir pensiya olishlari mumkin. Og‘ir va zararli mehnat sharoitida ishlaganlarga professional pensiya tayinlanadi. Bunday holda pensiya yoshi 6 yildan 10 yilgacha kamayishi mumkin. Bu turdagi pensiya professional pensiya tizimiga to‘lanadigan maxsus badallar hisobidan moliyalashtiriladi. 2025 yil 1 yanvardan boshlab, Turkmanistonda pensiyaning eng kam miqdorini aniqlash uchun bazaviy ko‘rsatkich 550 manat (156,7 dollar) etib belgilandi. Davlat nafaqalarini hisoblash uchun esa 520 manat (148,15 dollar) miqdor belgilandi. Solishtirish uchun ayni paytda O‘zbekistonda pensiya yoshi erkaklar uchun 60 yosh, ayollar uchun 55 yosh deb belgilangan. Bu bosqichma bosqich oshirilishi rejalashtirilmoqda. Mahliyo Hamidova tayyorladi.

Teglar

Mavzuga oid