
O‘zbekistonda korrupsiya ortidan qancha mansabdorga jinoiy ish ochilgani ma’lum bo‘ldi
Prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan taqdimotda korrupsiyaga qarshi kurash davomida qancha mansardoyu ma’muriy va intizomiy javobgarlikka tortilgan.

O‘zbekistonda mansabdor shaxslarga nisbatan 26 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, 24 nafari ma’muriy va 148 nafari intizomiy javobgarlikka tortildi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan taqdimotda ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, o‘tgan davrda davlat organlarida komplayens nazorati tuzilmalarining faoliyati qayta ko‘rib chiqilib, ichki nazorat bo‘linmalarida 11 mingdan ortiq o‘rganishlar o‘tkazilgan, 793 milliard so‘mlik mablag‘larning maqsadsiz sarflanishining oldi olingan. Qariyb 2 trillion so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlangan, 478 milliard so‘mlik zarar undirilgan.
Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalarining samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) tasdiqlangan, ular tomonidan 700 dan ortiq o‘rganish, monitoring va nazorat tadbirlari o‘tkazilgani natijasida 354 milliard so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlangan, 1397 ta manfaatlar to‘qnashuvi holati hamda qariyb 550 milliard so‘m mablag‘ning maqsadsiz sarflanishining oldi olingan. Mansabdor shaxslarga nisbatan 26 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, 24 nafari ma’muriy va 148 nafari intizomiy javobgarlikka tortilgan.
«Sog‘liqni saqlash, maktabgacha va maktab ta’limi, kadastr va qurilish tizimlari hamda davlat xizmatchilari orasida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, kadrlarni ishga olishda shaffoflikni ta’minlash, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha o‘quv kurslarida o‘qitish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda», - deyiladi xabarda.
Taqdimotda qarorlar qabul qilishda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish muhim ekani ko‘rsatib o‘tilgan. Shu maqsadda “E-qaror” tizimida hujjatlarning ochiq e’lon qilinishi ustidan nazoratni hamda budjet mablag‘laridan foydalanishda jamoatchilik nazorati imkoniyatlarini kengaytirish topshirilgan.
Soha va tarmoqlarda korrupsiya omillarini bartaraf etish bo‘yicha loyiha ofislarini tashkil etish taklif qilingan. Bunda korrupsiya jinoyatlari statistikasi va byurokratiya darajasi yuqori, faoliyati bo‘yicha fuqarolardan eng ko‘p murojaatlar kelib tushayotgan hamda raqamlashtirish darajasi past bo‘lgan sohalar bilan manzilli ishlash zarurligi ko‘rsatib o‘tilgan. Bunday soha va tarmoqlarda loyiha ofislari tashkil etilib, faoliyat yakunlari bo‘yicha hisobot tayyorlanadi va jamoatchilikka e’lon qilinadi.





