add

O‘zbekistonda kuydirgi kasalligi xavfi ortib bormoqda

12.07.2025 | 08:3035778

Odamlarga kasallik asosan kuydirgi kasalligi bilan kasallangan hayvonni parvarish qilgan paytda, veterinariya xizmati xodimlari ko‘rigidan o‘tmagan xayvonlarni so‘yib, terisini shilganda, go‘shtini nimtalab, yaxshi termik ishlov bermasdan iste’mol qilganda yuqishi mumkin.

O‘zbekistonda kuydirgi kasalligi xavfi ortib bormoqda
Kuydirgi bo‘yicha qo‘shni mamlakatda vaziyat jiddiy. Mazkur kasallikni O‘zbekiston hududiga kirib kelishining oldini olish maqsadida 55 ta chegara punktida zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi epidemiologiya va o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar bo‘limi boshlig‘i Farhod Qurbonbekov ma’lum qildi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonda kuydirgi kasalligining oldini olish uchun gumon etilgan holatlar yuzaga kelganda tashxislash, davolash uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Bundan tashqari, kasallik o‘choqlarida tuproqdan namunalar olib, laboratoriya sharoitida doimiy nazorat olib boriladi. «Kasallikni mamlakatimiz hududiga kirib kelishining oldini olish maqsadida esa 55 ta chegara punktlarimizdan o‘tuvchilar chuqur tekshiruvdan o‘tkaziladi. Ushbu punktlarda kasallik tarqalishining oldini olish maqsadida o‘tkazilishi zarur bo‘lgan barcha chora-tadbirlar nazoratga olingan», - deydi mutaxassis. Ta’kidlanishicha, kasallikning asosiy ko‘rinishi — teri shakli bo‘lib, to‘g‘ri davolangandek, murakkab asoratlarsiz o‘tadi. Ammo o‘pka, ichak yoki septik shakllari juda og‘ir kechadi va ko‘p hollarda o‘lim bilan tugaydi. Kasallikni oldini olish choralari qanday? Farhod Qurbonbekovga ko‘ra, kuydirgi kasalligini kelib  chiqishini oldini olish uchun quyidagi qoidalarga qat’iy rioya qilish kerak: -  xonadonlarda boqilayotgan chorva mollarini hududiy veterinariya xodimlari tomonidan kuydirgi kasalligiga qarshi har yili bir marotaba albatta emlatish zarur; -  chorva mollarini uy sharoitida so‘yish taqiqlangan. Ularni faqat qushxonalarda va so‘yish maydonchalarida, veterinariya xodimi nazorati ostida so‘yish kerak; -  kasallangan chorva mollarini nobud bo‘lmasligi uchun ularni uy sharoitida majburiy so‘yish zaruriyati yuzaga kelganda, bu tadbir albatta veterinariya vrachi ishtirokida amalga oshirilishi zarur; -  kasallik alomatlari kuzatilganligi sababli so‘yilgan chorva mollarining go‘shti, terisi va kalla-pochalarini qo‘ni-qo‘shnilarga tarqatish yoki bozorlarda sotishga faqat veterinariya xodimining xulosasi asosida ruxsat beriladi; -  veterinariya xodimlari chorva mollarida kuydirgi kasalligiga gumon qilsa yoki aniqlasa, bunday hayvonlarni so‘yish mumkin emas, o‘lgan mol, qo‘y tanasi kuydirish yo‘li bilan yo‘qotilishi shart; -  mahallalarda majburiy so‘yilgan va ko‘cha-kuylarda sotilayotgan chorva mollari go‘shti xatarli bo‘lishi mumkin, shu sababdan go‘shtni faqat do‘konlardan va bozorlardan xarid qilish tavsiya etiladi, chunki ular tekshirilgan va xavfsizligi kafolatlangan bo‘ladi. «Kasallangan chorva molini so‘ygan va so‘yishda ishtirok etgan odamda bir hafta mobaynida qo‘lida yoki tanasining boshqa joylarida yara paydo bo‘lsa, darhol hududiy shifoxonaga murojaat qilishi zarur. Uyda o‘zi bilganicha davolanish og‘ir asoratlarga olib kelishi mumkin», - deydi u. Ma’lumot uchun, kuydirgi (Cibir yarasi) – Bacillus anthracis bakteriyasi sababli yuzaga keladigan xavfli infeksion kasallik bo‘lib, asosan hayvonlardan yuqadi.  Kuydirgi o‘ta havfli yuqumli kasalliklar guruhiga kiradi. organizmning umumiy zaharlanish holati, bezgak tutishi hamda teri, o‘pka va ichaklar zararlanishi bilan ta’riflanadigan infeksion kasallikdir. Kuydirgi kasalligi bilan barcha turdagi qishloq xo‘jalik, yovvoyi va uy hayvonlari hamda odamlar kasallanadi. «Odamlarga kasallik asosan kuydirgi kasalligi bilan kasallangan hayvonni parvarish qilgan paytda, veterinariya xizmati xodimlari ko‘rigidan o‘tmagan xayvonlarni so‘yib, terisini shilganda, go‘shtini nimtalab, yaxshi termik ishlov bermasdan iste’mol qilganda yuqishi mumkin, Kuydirgi kasalligidan o‘lgan hayvon terisi va junidan tayyorlangan har xil mo‘yna buyumlar orqali ham kasallik yuqishi mumkin. Hatto 100 darajada qaynatilgan go‘sht ham xavfli bo‘lishi mumkin faqat to‘liq qizdirilgan, ichida pushti joy qolmagan go‘sht xavfsiz hisoblanadi», - deydi Farhod Qurbonbekov.

Teglar

Mavzuga oid