
O‘zbekistonning BRICS tashkilotiga qo‘shilishdan qanday maqsad ko‘zlangan? — tahlil
05.08.2025 | 18:0045813
O‘zbekiston BRICS tashkilotiga hamkor sifatida qo‘shilish orqali moliyaviy manbalarni kengaytirish va geoiqtisodiy maydonda o‘z o‘rnini mustahkamlashga urinmoqda. Biroq bu yondashuv qanday oqibatlarga olib keladi — bu masala turlicha talqin qilinmoqda.

2025 yil iyul oyida Braziliyada bo‘lib o‘tgan 17-BRICS sammitida O‘zbekiston Qozog‘iston, Nigeriya va Malayziya kabi davlatlar qatorida rasmiy hamkor davlat maqomini oldi. Bu qaror, albatta, mamlakatning amaliy va muvozanatli tashqi siyosat strategiyasidagi muhim bosqich bo‘ldi.
Bunga bir oy avval, 2025 yil iyun oyida O‘zbekistonning BRICS Yangi Taraqqiyot Bankiga (NDB) a’zoligi asos bo‘ldi.
Natijada, mamlakat sug‘orish tizimlarini modernizatsiya qilish, konchilik sohasini kengaytirish, davlat-xususiy sheriklik asosida ta’lim sohasini rivojlantirish va infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish uchun 5 mlrd dollarlik investitsion paketga yo‘l ochdi. Ayni paytda O‘zbekiston ham BRICS Yangi Taraqqiyot Bankida, ham BRICS hamkor mamlakatlari doirasida ishtirok etayotgan Markaziy Osiyodagi yagona davlati bo‘lib qolmoqda.
Bu masalaning tahlil qiladigan jihatlari ko‘p. Birinchisi, bu tashkilotning asosiy qadriyati ko‘p qutbli dunyo sari harakat va AQSH, xususan, dollar gegemoniyasiga qarshi alyansni yaratish. O‘zbekiston AQSH bilan strategik sherik ekan, unga qarshi kayfiyat ustun bo‘lgan tashkilot bilan hamkorlik qilishi qanchalik to‘g‘ri?
Aloqalar mafkuradan xoli
Siyosiy tahlilchi A’louddin Komilovning fikricha, «Toshkentning BRICS bilan aloqalari mafkuraviy asosga qurilmagan. Hamkor maqomi O‘zbekistonga yuqori darajadagi sammitlar va texnik muvofiqlashtirish jarayonlarida qatnashish imkonini beradi, biroq to‘liq a’zolik bilan bog‘liq geosiyosiy ziddiyatlardan chetda qolishga yordam beradi. Bu G‘arb bilan hamkorlikdan voz kechish emas — bu O‘zbekistonning keng qamrovli tashqi siyosat doktrinasining puxta hisob-kitobga asoslangan davomidir: rivojlanish uchun moliyaviy manbalarni diversifikatsiya qilish, diplomatik aloqalarni kengaytirish va iqtisodiy ta’sir imkoniyatlarini maksimal darajada oshirish, shu bilan birga strategik mustaqillikni saqlab qolish.
Ba’zi poytaxtlarda kuzatilayotgan manfaatga asoslangan ittifoqlardan farqli o‘laroq, O‘zbekistonning yondashuvi ancha keng qamrovli va uzoqni ko‘zlaydi: AQSH bilan (C5+1 platformasi orqali) hamkorlik, Butunjahon savdo tashkilotiga qo‘shilish bo‘yicha muzokaralar, Yevropa Ittifoqi bilan investitsiya bitimlari, Xitoy, Fors ko‘rfazi davlatlari, Janubiy Koreya va endilikda BRICS bilan aloqalarning chuqurlashuvi — bularning barchasi Toshkentning ko‘pvektorli, muvozanatli tashqi siyosat yuritayotganini tasdiqlaydi. Bu aniq signal: O‘zbekiston ittifoq tuzmayapti — u hamkorlik qilmoqda».
A’zolik nimayu, hamkorlik nima?
Markaziy Osiyo universitetining xalqaro savdo bo‘yicha eksperti Valijon To‘raqulov O‘zbekistonning BRICS bilan hamkorligini iqtisodiy imkoniyat sifatida talqin qilib, a’zolik va hamkorlik tushunchalarining bir-biridan farqiga e’tibor qaratdi:
«Hamkor bo‘lish – tashkilotni tashqaridan kuzatish va kerak bo‘lsa, muhim qarorlarni qabul qilishda ovoz berish huquqiga ham ega bo‘lish degani. A’zolik esa BRICSʼning qonun-qoidalari, shartnomalarida belgilangan normalarni to‘liq qabul qilish degani.
Lekin hamkorlik ham to‘satdan paydo bo‘ldi. Belarus, Qozog‘iston va O‘zbekistonni tushunsa bo‘ladi, Rossiya bosimi ortidan ular hamkor bo‘layotgandir. Lekin Indoneziya va Malayziya kabi katta iqtisodlar ham bor. AQSH dunyodagi gegemoniyasini yo‘qotish ostonasida turibdi, shuning uchun Vashington agressiv harakat qilmoqda.
Tramp BRICS dollarga qarshi valyuta chiqarsa va SWIFT to‘lov tizimiga parallel platforma yaratsa, a’zolarga 100 foizli tarif e’lon qilishini aytgan. Ya’ni Vashington bu tuzilmaga agressiv qarar ekan, O‘zbekiston ham hamkor bo‘lsa, shu tashkilot tomonida bo‘lib ko‘rinadi. Bu esa JSTga a’zolik masalasini yana kechiktirishi mumkin», dedi Valijon To‘raqulov.
Chindan ham, BRICS bilan hamkorlik JSTga a’zolikka soya soladimi?
Moliya eksperti Tamilla Qurbonova fikricha, BRICS va JST ikki xil tashkilot. BRICS o‘zining iqtisodiy prioritetlaridan oshib o‘tib, geosiyosiy tashkilotga aylandi. Asosiy maqsad g‘arbga qarshi koalitsiyani yaratish bo‘lmoqda.
«Ukrainaga qarshi ochilgan urushdan keyin sanksiyalar ostida qolib ketgan Rossiya g‘arbga qarshi alyans tuzishga intilmoqda. O‘zbekistonning BRICSʼga kirishi yomon emas, lekin a’zolikning eng quyi pog‘onasida tursa, yaxshiroq. Chunki bu tashkilotdagilar bilan ikki tomonlama kelishuv va hujjatlar allaqachon bor. Bu juda nozik masala, O‘zbekiston muvozanatli diplomatiyani olib borishi kerak. Agar BRICSʼga yaqinlashib ketsak, g‘arbning ko‘ziga yana Rossiya tomonda bo‘lib ko‘rinamiz», – Tamilla Qurbonova.
O‘zbekiston ehtiyotkor siyosatini davom ettirishi kerak
Siyosiy tahlilchi Alouddin Komilov masalaning siyosiy jihatlariga to‘xtaldi:
«Toshkent uchun esa eng muhim vazifa — o‘zining betaraf pozitsiyasini saqlagan holda, bu yondashuv beqarorlik yoki noaniqlik sifatida talqin qilinmasligini ta’minlashdir. Buning uchun faol va ochiq kommunikatsiya zarur: ya’ni BRICS va boshqa rivojlanayotgan institutlar bilan hamkorlik milliy rivojlanish ehtiyojlari bilan bog‘liq ekani, hech qanday blok siyosatiga asoslanmagani aniq ko‘rsatilishi kerak.
Bundan tashqari, shaffoflikni ta’minlash, xalqaro standartlarga — masalan, ESG mezonlari, qonun ustuvorligi va investor huquqlarini himoya qilish — rioya qilish, islohotlarni izchil davom ettirish O‘zbekistonni obro‘ga putur yetkazuvchi xavflardan himoya qiladi va uning strategik mustaqilligini mustahkamlaydi.
Agar O‘zbekiston o‘z hamkorliklarini qarama-qarshi bloklar o‘rtasidagi raqobat emas, balki bir-birini to‘ldiruvchi va o‘zaro mustahkamlovchi yondashuv sifatida ko‘rsata olsa, u holda geosiyosiy noto‘g‘ri talqinlardan chetlab o‘tib, puxta ishlab chiqilgan manevr erkinligini saqlab qolishga muvaffaq bo‘ladi.
Endi dunyo an’anaviy, qat’iy ittifoqlar bilan emas, balki o‘zgaruvchan o‘zaro bog‘liqlik va murakkab diplomatik manevrlar bilan belgilanayotgan bir davrda, O‘zbekiston kichik va o‘rta hajmdagi davlatlar qanday qilib epchillik, maqsadga yo‘naltirilganlik va strategik mustaqillik bilan harakat qilishi mumkinligini ko‘rsatadigan namunaviy modelga aylanmoqda. Janubi-Sharqiy Osiyo, Kavkaz yoki Sharqiy Afrikada bo‘ladimi — ko‘plab davlatlar bugun hamkorliklarni diversifikatsiya qilish, barqarorlikni mustahkamlash va suverenitetini himoya qilish yo‘llarini izlamoqda, shu bilan birga geosiyosiy o‘yinlarda qurolga aylanib qolmaslikka harakat qilmoqda. O‘zbekiston esa raqobatbardosh qutblar o‘rtasida sinchiklab muvofiqlashtirilgan hamkorlik orqali shuni isbotlamoqda: bunday yondashuv nafaqat mumkin, balki zarur », dedi Komilov.
Mehrinoza Farmonova tayyorladi.





